So`rovnoma: 99,4% saylovchi saylov kampaniyasi bilan bog`liq yangiliklarni kuzatib bormoqda

16:07, 15 noyabr

2016 yilning 14 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan hamkorlikda fuqarolar saylov huquqlari kafolatlariga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi. 

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sud vakillari, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali o`qituvchi va talabalari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida fuqarolarning mamlakatimiz Konstitusiyasi hamda boshqa me`yoriy hujjatlarda belgilangan saylov huquqlarini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Ishtirokchilar O`zbekiston Respublikasining 18 yoshga to`lgan fuqarolari saylash huquqiga egaligiga e`tibor qaratdi. O`ttiz besh yoshdan kichik bo`lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan hamda bevosita saylovgacha kamida o`n yil O`zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanish huquqiga ega.

Saylovchilar o`z xohish-irodalarini erkin bildirish va yashirin ovoz berish huquqiga ega. Buning uchun uchastka saylov komissiyalari ovoz berishni maxsus ajratilgan binolarda tashkil etib, fuqarolarga xohish-irodani erkin va yashirin ravishda bildirish imkoniyatini yaratadi. Saylovchilarning xohish-iroda bildirishlarini nazorat etishga yo`l qo`yilmaydi.

O`zbekiston Respublikasining har bir fuqarosiga uning saylov huquqlari sud yo`li bilan himoya etilishi, saylov komissiyalarining, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining g`ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatlari kafolatlanadi. Fuqarolarning saylov huquqlarini to`g`ridan-to`g`ri yoki bilvosita cheklashga yo`l qo`yilmaydi. Ularning saylash va saylanish huquqlariga to`sqinlik qilish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi.

Saylov komissiyalarining saylov okruglari va uchastkalarini tuzish, saylov komissiyalarining tarkibi to`g`risidagi, shuningdek, nomzodlarni ro`yxatga olish, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi qarorlari matbuotda e`lon qilinadi.

Ta`kidlash lozimki, shu yilning oktyabr oyida “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan jamoatchilik o`rtasida o`tkazilgan so`rovga muvofiq saylov huquqiga ega O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining aksariyati (95%) bo`lajak Prezident saylovida albatta ishtirok etadi. 99,4% respondent saylov kampaniyasi bilan bog`liq yangiliklarni kuzatib bormoqda. Aholining aksariyati bo`lajak saylov bo`yicha xabardorligiga yuqori baho bergan bo`lsa, so`ralganlarning 60,6 foizi nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to`g`risida ma`lumotga egaligi, ovoz berish jarayonidagi huquqlari haqida xabardorligini ma`lum qilgan.

Erkin munozara shaklida o`tkazilgan davra suhbati davomida ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!