Bu yilgi Saylov taklifnomalari avvalgi yillarda chiqarilgan taklifnomalardan tubdan farq qiladi

22:24, 15 noyabr

Bu yilgi Saylov taklifnomalari avvalgi yillarda chiqarilgan taklifnomalardan tubdan farq qiladi. E`tiborli jihati, unda har bir saylovchining shaxsan ovoz berishiga oid qonun normasidan ko`chirma keltirilgani har bir saylovchini o`z huquqidan foydalanishga da`vat etishi shubhasiz. Siyosiy partiyalardan ko`rsatilgan nomzodlarga oid ma`lumotlar ham ilk bor saylov taklifnomasidan o`rin olgan.

Saylov taklifnomasining aniq tasnifiga to`xtaladigan bo`lsak, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga taklifnoma A5 formatidagi qog`ozga oldi va orqa tarafiga rangli bo`yoqlar bilan chop etish orqali nashr etilgan. Qog`ozning old tarafi pastki qismida havorang naqshli fonning markazida O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining timsoli (emblemasi), uning tagida katta bosma harflar bilan “SAYLOVGA TAKLIFNOMA” so`zlari bitilgan. Undan ikki pog`ona pastda saylov bo`lib o`tadigan yil, kun va oy sanasi yozma ravishda hamda uning pastida katta bosma harflar bilan “O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVI KUNI” degan so`zlar yozilgan. 

Qog`ozning orqa tarafi naqshinkor hoshiyalarga bo`lingan. Naqshinkor hoshiyalarning to`rtta burchagida to`rtta uchburchak shaklida milliy naqsh namunasi aks ettirilgan va ular ikki qator chiziqlar bilar o`zaro birlashtirilgan. 

Yuqori naqshinkor hoshiyaning ichki qismida “Uchastka saylov komissiyasi Sizni 2016 yil 4 dekabr kuni o`z konstitusiyaviy huquqingizdan foydalanishga – O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga taklif qiladi" matni to`q havorang rangda bitilgan. 

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga muvofiq, har bir saylovchi shaxsan ovoz beradi, boshqa kishilar uchun ovoz berishga yo`l qo`yilmaydi” so`zlari yozilgan. 

Pastki naqshinkor hoshiyalarning ichki qismida imzo varaqasini Markaziy saylov komissiyasiga topshirish navbatiga qarab, tartib bilan partiyaning nomi va uning timsoli hamda partiya tomonidan ko`rsatilgan Prezidentlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi joylashtirilgan. 

Bu galgi saylov taklifnomasini olgan har bir yurtdoshimiz istiqlolgacha bo`lgan davrda ko`pincha bunday taklifnomalar juda oddiy, ko`rimsiz qog`ozda chiqarilganini eslashi aniq. Uyda nechta odam istiqomat qilishi, kimlar ovoz berishi mumkinligi e`tiborga ham olinmay, darvozadan bir changal «nomsiz taklifnoma» tashlab ketilardi. Oila boshlig`i ularni va pasportlarni olib, uydagi hamma uchun ovoz berib kelardi. Hozir avval saylov uchastkasi xodimi har bir xonadonda bo`lib, unda nechta odam istiqomat qilishi, kimlar ovoz berish huquqiga ega ekanligi e`tiborga olingan holda ro`yxat shakllantirilgan. Shu asosda har bir taklifnomaga saylovchining ismi familiyasi yozilgan. Uni saylovchilar ro`yxati varaqasiga har bir saylovchining shaxsan o`zi imzo qo`ygach taqdim etilmoqda.

2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida mamlakatimizning 21,4 milliondan ziyod fuqarosi ishtirok etadi. Shu kunlarda ularga saylov taklifnomasi tarqatilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!