Narimon Umarov Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

23:10, 15 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 15 noyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Onlayn videokonferensiya tarzida tashkil etilgan tadbirda asosiy uchrashuv zali hamda tuman, shaharlardagi uchrashuv joylaridan jami 3000 nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi. Unda jamoatchilik vakillari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari a`zolari, jurnalistlar Prezidentlikka nomzod bilan jonli muloqot qilish imkoniyatiga ega bo`ldilar.

Tadbirni Mudofaaga ko`maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Jizzax viloyati Kengashi raisi X.Ataev olib bordi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakili xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati D.Xakimova yig`ilganlarga N.Umarovning tarjimai holi haqida so`zlab berdi.

Prezidentlikka nomzod mustaqillik yillarida viloyatning shahar va qishloqlari tanib bo`lmas darajada o`zgargani, hududda zamon talablariga mos, milliy me`morchilik asosida barpo etilayotgan turar joylar, sport inshootlari yoshlarimizning jismonan sog`lom va barkamol inson bo`lib voyaga etishishi, shuningdek, xalqimiz turmush darajasining yaxshilanishi va kelajakka bo`lgan ishonchining yanada mustahkamlanishida muhim o`rin tutishini e`tirof etdi.

Uchrashuvda N.Umarov o`z Saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari haqida batafsil to`xtalib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir g`oya va takliflarini bildirdi. Xususan, nomzod bugungi kunda hududiy dasturlarning samarali ijro etilishida asosiy mas`uliyat mahalliy boshqaruv organlari zimmasiga tushayotgani ammo joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning barchasini hal qilishda hokimlarning vakolatlari etarli emasligini qayd etdi.

Nomzod ayni masalaning maqbul echimi sifatida mahalliy boshqaruv organlari faoliyati samaradorligi va mas`uliyatini oshirish maqsadida hokimlarning vazirlik va idoralar hududiy bo`linmalari rahbarlarini ishga qabul qilish va ozod etish, ularni javobgarlikka tortish, hududning kadrlar siyosatiga doir vakolatlarini kengaytirish taklifini ilgari surdi. Buning uchun mahalliy davlat hokimiyati idoralari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini chuqur xatlovdan o`tkazish, hududiy davlat hokimiyati organlari zimmasiga muayyan vazifa, vakolat va topshiriq yuklatilgan hollarda normativ-huquqiy hujjatlarda ularni amalga oshirish, nazorat qilish va hisobotini eshitish bilan bog`liq aniq mexanizmlarni aks ettirish, qolaversa, barcha hududiy davlat hokimiyati organlari rahbarligiga tavsiya etilayotgan nomzodlarni hokimlar bilan kelishish lozimligini ta`kidladi.

Shu bilan birga, N.Umarov hududda so`nggi yillarda zamonaviy, yuksak texnologiyalar bilan jihozlangan, yirik innovasion loyihalarga asoslangan ko`plab korxonalar faoliyati yo`lga qo`yilgani, xususan, xalq xo`jaligi va kundalik turmushimiz uchun zarur bo`lgan mahsulotlarning aksariyati, kamchiqim elektr lampasidan tortib noyob mobil telefon apparatlari va rangli televizorlar aynan Jizzax vohasida ishlab chiqarilayotganiga e`tibor qaratdi. 

Narimon Umarov mamlakatimiz kelajagi aynan innovasion iqtisodiyotda, deb bilishini ya`ni, butun dunyoda fan va texnologiyalar jadallik bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda faqat yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotgina davlat qudratini oshirib, xalqimiz farovonligi va jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini qayd etdi.

Bu boradagi maqsadlarni amalga oshirish uchun nomzod maxsus kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilish, unda innovasion faoliyatning me`yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, innovasiya va innovasion infratuzilmalarning yagona vakolatli organini ta`sis etish, Innovasiya jamg`armasini tuzish kabi ustuvor vazifalarni belgilash asosiy maqsadlaridan ekanligini ma`lum qildi.

Uchrashuvda Jizzax viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi o`rinbosari I.Xolmurzaev, xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati F.Qobilov, Jizzax shahridagi “Olmazor” mahalla fuqarolar yig`ini maslahatchisi O.Nishonova va boshqalar nomzodning dasturini qo`llab-quvvatlab so`zga chiqdilar.

Uchrashuvda Narimon Umarov ishtirokchilarning ko`plab savollariga javob berdi va ularga e`tibor hamda ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!