Xatamjon Ketmonov navoiyliklarga saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi

09:51, 16 noyabr

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 15 noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni Karmana sanoat kasb-hunar kolleji direktori J.Savriev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Ahmedov yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Nomzod o`z ma`ruzasida mustaqillik yillarida Navoiy viloyatida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida to`xtalar ekan, Karmana shahri, Raboti Malik, Nurota kabi qadimiy maskanlari, Toshmasjid, Chilustun, Ko`kgumbaz obidalari, Qosim shayx, Orif Dehgaroniy singari muqaddas qadamjolari bo`lgan bu zamin qadimiy madaniyat beshiklaridan biri sifatida mashhur ekanini ta`kidladi. 

Viloyatning er osti, er usti tabiiy boyliklarini o`zlashtirishda va mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida hududdagi zamonaviy texnika va texnologiyalarga asoslangan yirik sanoat korxonalari muhim o`rin tutishi qayd etildi. 

Dasturda milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakatimiz mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta`minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O`zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo`shilish, jahon hamjamiyatida munosib o`rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlarga alohida e`tibor qaratilgan. 

Korxonalar va ishlab chiqarish majmualari rivojlanishi uchun bo`sh mehnat resurslarini jalb qilish, mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalarining ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qo`shimcha qiymatga ega iste`mol tovarlari ishlab chiqarishini moliyaviy va iqtisodiy rag`batlantirish, imtiyozli kreditlash samaradorligini oshirish, mahalliy mahsulot hisobiga ichki bozorni to`ldirish, narx-navo oshishining oldini olishga qaratilgan hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas`uliyatini kuchaytirish vazifalari ilgari surilgan. 

Uchrashuvda Respublika "Oila" ilmiy-amaliy markazi Navoiy viloyati bo`limi rahbari G.Ro`zieva, "Novoiy kon-metallurgiya kombinati" davlat korxonasi markaziy kon boshqarmasi xodimi B.Qosimov, Navoiy shahar tibbiyot birlashmasi boshlig`i o`rinbosari M.Jabborova nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirar ekan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko`ppartiyaviylik asosida o`tayotgani mamlakatimizda demokratik islohotlar hayotga izchil tatbiq etilayotganining amaldagi ifodasi ekanini ta`kidladi. Saylovchilarni Vatanimiz kelajagini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!