Samvel Babayan O`zbekiston termasining JCh–2018 yo`llanmasi uchun imkoniyatni hali yo`qolmaganini aytdi

11:09, 16 noyabr

O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi, 5-turi doirasidagi Janubiy Koreyaga qarshi o`yindan keyin matbuot anjumanida ishtirok etib, o`yin haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi. Uning so`zlarini O`FF matbuot xizmati keltirdi.

“Afsuski, natija bizning foydamizga bo`lmadi. Vaholanki, o`yin davomida yaxshi o`yin namoyish qilgandik, hisobda oldinda bordik. Yaxshi natijaga erishish uchun jipslashib o`ynadik. Bugungi o`yin uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Gol o`tkazib yuborilgan vaziyatlarni hisobgaga olmaganda, o`yindan oldin belgilab olgan barcha ishni amalga oshirdik. Bugungi o`yini orqali Janubiy Koreya Osiyoning eng kuchli jamoalaridan bir ekanini isbotladi. Mag`lubiyatga qaramay, Jahon Chempionati yo`llanmasi uchun imkoniyatni hali yo`qotmadik.

Kim Shin Uk zaxiradan tushib, Koreya o`yinini kuchaytirishini bilardik. Bizning bo`yi eng baland futbolchimiz unga qarshi o`ynashi kerak edi. Afsuski, o`yinchimiz havodagi to`p uchun kurashda imkoniyatni boy berdi va shundan so`ng ikkinchi golni o`tkazib yubordik. Bu vaziyatda faqat uning o`zi aybdor emas. Kim Shin Uk bosh bilan to`pni sherigiga etkazgan vaziyatda qolgan qolgan futbolchilar to`p uchun kurashishlari va gol urgan futbolchini yopishlari kerak edi. Koreya Qatar darvozasiga xuddi shunday gol urgandi.

Koreya terma jamoasida futbolchilar va murabbiylar almashsa-da, doim kuchli jamoa bo`lib qolaveradi. Bizda ham kuchli futbolchilar yig`ilgan. Bugun biz etarli qarshilik ko`rsatdik. Afsuski, biroz omadimiz kelmadi” – deydi Samvel Babayan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!