O`zbekistonda sud ijrochilarining ishini nazorat qiluvchi “E-ijro” elektron dasturi yaratildi

14:11, 16 noyabr

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatdan va moliyaviy ta`minlash departamentida “Sud departamentining faoliyati, tizimda zamonaviy axborot texnologiyalarining tatbiq qilinishi hamda kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar” mavzuida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Tadbirda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida sudlar faoliyatiga alohida e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad –fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini sud orqali himoya qilishni kuchaytirish, odil sudlovni ta`minlashdir. Bu jarayonda sudlar tomonidan qabul qilingan hujjatlarning o`z vaqtida, so`zsiz ijro etilishi juda muhim. Sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etuvchi alohida tuzilma faoliyati yo`lga qo`yilgani shu maqsadga xizmat qilayotir. O`zbekiston Respublikasining 2001 yil 29 avgustda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi qonuni bunda muhim asos bo`lib xizmat qilmoqda. 

Sud departamenti ushbu qonun ijrosini ta`minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayotir. 2009 yil 14 yanvarda qabul qilingan “Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun asosida ijro hujjatini o`z vaqtida ijro etmaganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilgani sohadagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo`layotir. 

Ushbu qonunda sud hujjatlarini ijro etmagan jismoniy shaxslarning javobgarligi belgilanib, bunday qilmishni sodir etgan mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks ijro hujjatini ijro etmaslik, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi qonun talablarini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar bilan to`ldirildi. 

Bu mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta`minlash, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so`zsiz ijro etilishi, jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat manfaatlarini ta`minlashga xizmat qilmoqda. 

Tizimda keyingi yillarda surishtiruv va ma`muriy amaliyot bo`limi, surishtiruv sektorlari hamda sud ijrochilarining faoliyatida kompyuter, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalanishni ta`minlash maqsadida axborot ta`minoti va mol-mulkni qidiruv bo`limi va sektorlari tashkil etildi. Hujjatlarning ijrosini o`z vaqtida ta`minlashga qaratilgan o`zaro elektron axborot almashish hamda sud ijrochilarining ishini nazorat qilish, monitoringini amalga oshirish imkonini beruvchi “E-ijro” elektron dasturi yaratildi. Unda 5 milliondan ortiq ijro hujjati ro`yxatdan o`tkazilgan. 

Sud departamentining rasmiy veb-sayti aholining huquqiy madaniyatini oshirishga, muhimi, ijro samaradorligi oshishiga o`z ta`sirini ko`rsatmoqda. Masalan, mazkur veb-sayt orqali fuqarolar xorijga chiqishi vaqtincha cheklangan yoki cheklanmagani xaqida bilishi mumkin. Unda qabul kunlari va ishonch telefonlari, elektron murojaat yuborish imkoniyati, sotuvga chiqarilgan ko`chmas mulk va avtotransport vositalari haqidagi va boshqa ma`lumotlar o`rin olgan. 

Tadbirda ijro ishi yo`nalishlari, uni amalga oshirish mexanizmi, undiruvdagi muhim jihatlar hamda sohadagi boshqa yangiliklar haqidagi savollarga javob qaytarildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!