Adhamjon Ergashev Osiyo chempionatining eng yaxshi atleti deb topildi

14:25, 16 noyabr

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida og`ir atletika bo`yicha yoshlar va o`smirlar o`rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Avval xabar berib o`tganimizdek musobaqaning dastlabki kunida O`zbekiston terma jamoasi a`zosi, jahon chempioni Adhamjon Ergashev o`smirlar o`rtasida 62 kilogramm vazn toifasida dast ko`tarishda 121 kg, siltab ko`tarishda 151 kg, umumiy 272 kg natija bilan oltin medalga sazovor bo`lgan va Osiyo chempionligini tantana qilgandi. 

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasining xabar berishicha, yoshlar va o`smirlar o`rtasidagi jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan hamyurtimizning mahorati Osiyo og`ir atletika federasiyasi va qit`a chempionati tashkilotchilari e`tiboridan ham chetda qolmadi va  Osiyo  chempionati yakunida Adhamjon Ergashev Osiyo chempionatining eng yaxshi atleti sovriniga munosib ko`rildi.

Shuni aloxida ta`kidlash kerakki kunchiqar yurtda tashkil etilgan Osiyo chempionatida O`zbekiston terma jamoasi 10 nafar sportchi bilan ishtirok etgan bo`lsa ulardan oltitasi sovrinli o`rinlarga sazovor bo`lishdi. Adhamjon Ergashev delegasiyamiz hisobiga ikkita oltin medal keltirgani xaqida aytib o`tdik, shuningdek Farxod Sobirov 1 ta oltin va 2 ta kumush medallari bilan umumiy hisobda shoxsupaning ikkinchi pog`onasidan joy oldi.

Shahzod Xudoyberganov esa har uchchala yo`nalishda bronza medali bilan taqdirlandi. Aleksandr Li bitta kumush va ikkita bronza medali bilan 3-o`ringa munosib ko`rilgan bo`lsa, Osiyo chempionatida ishtirok etgan har ikkala qizimiz ham sovrinsiz qolishmadi. 58 kg vazn toifasida Muattar Nabieva uchinchi o`rinni, 69 kg vazn toifasida esa Omadoy Otaqo`zievalar ikkinchi o`rinni egallashdi. Anu shu tariqa umumjamoa hisobida O`zbekistonlik atletlar 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallari bilan Osiyo chempionatini Eron va Yaponiyadan so`ng faxrli uchinchi o`rinda yakunlashdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!