Narimon Umarov xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishni davom ettirish taklifini ilgari surdi

15:45, 16 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning 16 noyabr kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Kattaqo`rg`on shahar drama teatrida bevosita onlayn videokonferensiya muloqot tarzida bo`lib o`tgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, deputatlar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faollari, yoshlar, partiya a`zolari hamda jurnalistlardan iborat jami 3300 nafardan ziyod saylovchi ishtirok etdi.

Uchrashuvni Bulung`ur tumani milliy hunarmandchilik kolleji direktori N.Mamadiyorova olib bordi. Narimon Umarovning ishonchli vakili O`zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyati Kengashi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi M.Bobobekova saylovchilarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

O`z ma`ruzasida N.Umarov Samarqand nafaqat o`zining buyuk o`tmishi va boqiy yodgorliklari, balki bugungi salohiyati va madaniyati, avvalambor, mehnatkash, mehmondo`st, oriyatli xalqi bilan dunyoga dong taratganligini e`tirof etdi.

O`tgan yillarda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan keng ko`lamli chora-tadbirlar hamda chet el investisiyalarining jalb etilishi natijasida bugungi kunda viloyatda sanoatning avtomobilsozlikdan tortib tekstil va qayta ishlashgacha bo`lgan keng turlari rivoj topib borayotgani, ayniqsa, viloyatda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtobuslar bugun xalqimizning uzog`ini yaqin, yuk mashinalari amalga oshirilayotgan keng ko`lamli qurilish va bunyodkorlik ishlarida beminnat dastyorga aylanganligi, odamlarimizning og`irini engil qilayotgani xususidagi Narimon Umarovning fikrlari samarqandlik saylovchilarda iliq taasurot qoldirdi.

Nomzod saylovchilarni Saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari bilan tanishtirar ekan, unda ilgari surilgan g`oyalar “Adolat” sosial-demokratik partiyasining ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy-demokratik davlat, ma`naviy va axloqiy etuk adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi dasturiy maqsad va vazifalariga asoslanishini qayd etdi. Dasturda belgilangan vazifalar hayotiyligi, bugungi zamon talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqanligi hamda aniq mexanizmlarga asoslangani bilan saylovchilarda qiziqish uyg`otdi. 

Jumladan, N.Umarov energiya sarfini iqtisod qilishni rag`batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni keng miqyosda joriy etish, mavjud muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali raqobatdosh energiya bozori yaratilishini rag`batlantirish masalalariga e`tibor qaratishini ma`lum qildi. Nomzodning bugungi kunda aynan Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektrik stansiyasi bunyod etilayotgani hamda u foydalanishga topshirilgandan keyin har yili 49 million kub metr tabiiy gazni tejash imkonini berishi xususida bildirgan fikrlari saylovchilar tomonidan faol qo`llab-quvvatlandi.

Shuningdek, Narimon Umarov jamiyatimiz rivojida xotin-qizlarning ishtiroki masalasiga alohida to`xtalib, yurtimizda ayolga ehtirom ko`rsatish — millatga, yurtga, ertangi kunimizga, kelajak avlodimizga ehtirom ko`rsatishning bosh mezoniga aylanganligini ta`kidladi.

Ayniqsa, mamlakatimizda ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini kuchaytirish va siyosiy huquqlarini oshirishga e`tibor qaratib kelinayotganini qayd etdi.

N.Umarov xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi islohotlarni bosqichma-bosqich davom ettirish taklifini ilgari surdi. Ularning yanada chuqur bilim va kasb mahoratiga ega bo`lishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, mehnat bozorida ularga imtiyozlar berish, davlat boshqaruvi organlarining barcha sohalari va bo`g`inlariga jalb qilish masalalarini uchrashuv ishtirokchilari ma`qullashdi.

Prezidentlikka nomzod saylovchilarning savollariga javob qaytarib, uning dasturiga qiziqish bildirganliklari uchun barcha ishtirokchilarga o`z hurmat va tashakkurini izhor etdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Polvonov, Samarqand viloyati hududiy davlat ekspertiza boshqarmasi boshlig`i S.Boqiev, Samarqand davlat chet tillar instituti huquqshunosi M.Asliev, Kattaqo`rg`on shahar 17-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabi o`qituvchisi H.Abdullaeva va boshqalar nomzodning Saylovoldi dasturi haqida o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!