Ruslan Chagaev: Tez orada O`zbekistonimga qaytaman

08:26, 17 noyabr

Ruslan Chagaev... Bu bokschi haqida ortiqcha ta`rifga hojat yo`q. Chunki uning havaskor va profi-boksda erishgan natijalaridan barcha boks ixlosmandlari xabardor. Bu bokschimiz yaqinda o`z faoliyatiga yakun yasadi. Muxlislarimiz ham uni sog`inganligi sir emas. Shularni inobatga olgan holda “News Arena” gazetasi Ruslan bilan bog`lanib, suhbat qurdi. Suhbat matnini esa “Olamsport” taqdim qildi.

– Ruslan, sizga quyoshli yurtimizdan alangali salomlar. Shubhasiz, siz ham O`zbekistonni sog`ingan bo`lsangiz kerak?

– Avvalo, barcha yurtdoshlarimga assalomu alaykum. Mening Vatanim – mening O`zbekistonim. Albatta juda-juda sog`indim.

– Kutilmaganda faoliyatingizni tugatasiz, deb o`ylamagan edik. Nahotki ko`zingiz jiddiy shikastlangan bo`lsa?

– Vaqt o`z hukmini o`tkazadi. Boksda uzoq qolib ketdim. Etar shuncha ringga ko`tarilganim. Oxirgi Olimpiadada chempion bo`lgan bokschi yigitlarimizning janglarini ko`rib turib, o`ylab qoldim. Bu yigitlar faoliyatimni boshlagan vaqtlarimda tug`ilgan edilar. Siz nima, deb o`ylaysiz? Boksni tark etish vaqtim kelmadimikan?! Hamma ishni o`z vaqti-soati bor. Navbat yoshlarga!

– Andijonga kelishingiz haqida xabarlar paydo bo`ldi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

– Albatta, tez orada boraman. Hamma ishlarimni yo`lga qo`yib bo`lib, qadrdon O`zbekistonimga qaytaman.

– Germaniyadan Rossiyaga ko`chib o`tish rejasi qanday paydo bo`ldi?

– Shunchaki klubimni almashtirdim. Yaxshi sharoit va shartnoma taklif qilishdi. Bu ko`chib o`tishim uchun asosiy omil bo`lib xizmat qildi.  Bokschi uchun mukammal sharoit asosiy rol o`ynaydi. Ajoyib muhit, ajoyib muxlislar va e`tiborga ega bo`lish albatta yoqimli!

– Hozir nima bilan mashg`ulsiz?

– Boksdan keyingi hayot tarzimni yo`lga qo`yish bilan bandman, desam ham bo`ladi. Bo`sh vaqtim ko`p bo`lyapti. Oilam davrasida ko`proq bo`lishga harakat qilyapman. Asosiy vaqtimni farzandlarimga bag`ishlamoqdaman.

– Lukas Braun bilan bo`lgan jang faoliyatingizdagi eng alamli mag`lubiyat bo`ldi, to`g`rimi?

– Men hakamning qaroriga qo`shilmayman. Lekin u shunday baholadimi, demak, tortishib o`tirishga hojat yo`q. Hech kim hech qachon buni o`zgartira olmaydi. Bu sport, sportda g`alaba va mag`lubiyat yonma-yon yuradi.

– Ramzan Qodirov bilan do`stlik rishtalari qachondan boshlangan?

– U bilan 2010 yilda tanishganmiz. Shundan beri do`stona munosabatdamiz. 

– O`zbek bokschilarining Rio Olimpiadasidagi ishtirokini qanday baholaysiz? Ularning qay biri profi-ringda ham mo``jiza ko`rsatoladi?

– Barakalla, yigitlar! Bu juda og`ir mehnat – ter va mashaqqatli mashg`ulotlar samarasi! Fikrim shuki, O`zbekiston terma jamoasi bokschilari tomonidan namoyish etilgan janglar mamlakatimiz tarixidagi, qolaversa, Rio Olimpiadasining eng yaxshilari bo`ldi. Ular uchun, yurtimiz uchun juda xursandman. O`ylaymanki, kelajakda yanada ulkan muvaffaqiyatlarga erishadilar. Ularda xarakter, mahorat, vatanparvarlik tuyg`ulari mujassam. Ularni yorqin kelajak kutmoqda. Bunga ishonaman! Mehnat qilishdan, o`z ustida ishlashdan bo`shashmasa, profi-boksda ham yaxshi natijalar qayd eta oladi. Olg`a, yigitlar!!!

– Ramzan Qodirov va uning promouterlik kompaniyasining bokschilarimizga qiziqishi qay darajada?

– Ramzan Ahmatovich sportning haqiqiy jonkuyari, buni butun dunyo yaxshi biladi. Jumladan, boksga ham qiziqishi yuqori. Har doim boks olamida nimalar bo`layotganini kuzatib boradi.  

– Profida faoliyat olib borayotgan hamyurtlarimizning janglarini ham kuzatib boryapsizmi? Ularning qay birini alohida ta`kidlagan bo`lardingiz?

– Albatta, barchasini kuzatib borishga harakat qilaman. Ayniqsa, Rossiyada bo`lib o`tadigan janglarni bevosita tomosha qilishga ham muvaffaq bo`ldim. Yaxshi bokschilarimiz juda ko`p. Hali jahonda o`z so`zini aytishadi. Omad har doim ularga yor bo`lsin! Ularning birinchi raqamli muxlisiman!

– Balki endi murabbiylik yoki promouterlik bilan shug`ullanarsiz?

– Hamma narsa bo`lishi mumkin. Buni vaqt ko`rsatadi(kuladi).

– “Oq Tayson” laqabini qaerda olgansiz va kim bergan bu nomni sizga?

– Bu haqda nimani aytish mumkin. Buning tarixi uzun. Endi bular o`tmishda qoldi (kuladi).

– Faoliyatingizdagi eng yorqin g`alaba Nikolay Valuev va Feliks Savon bilan bo`lgan jangdagi muvaffaqiyatlar, deb hisoblaysizmi?

– Har bir g`alabaning o`z o`rni bor. Savolingizga ha, deb javob beraman. Chunki Savon bilan bo`lgan jang havaskorlar o`rtasidagi jahon chempionligi uchun bo`lgan edi. Valuev bilan esa, profi-boksda shunday titulni qo`lga kiritish uchun bo`lgan. Shu bois ham bu esda qolarli va yorqin g`alaba sifatida e`tirof etiladi. Ajoyib g`alabalar ko`p bo`lgan. Ularni birma-bir sanab o`tishni lozim topmayman. Chunki yurtdoshlarimiz buni yaxshi biladi va kuzatganliklariga aminman.

– Qayta jang o`tkazilish imkoniyati paydo bo`lsa, qaysi biri bilan to`qnash kelishni istardingiz – Klichko, Povetkin yoki Lukas Braun?

– Endi bularning ahamiyati yo`q. Baribir qaytib kelmaydi. Hayotga real ko`z bilan boqish kerak. Faoliyatimni tugatdim. Bularning bari endi o`tmish, xolos!

– Milliy taomlarimizni sog`ingandirsiz? Rossiyada ham taomlarimiz tayyorlanadigan oshxonalar ko`p. Lekin yurt havosi va suvi taomlarga o`zgacha lazzat beradi. Bu fikrga qo`shilasizmi?

– Albatta qo`shilaman. Palovni hech qaysi mamlakatda O`zbekistonimda tayyorlanadiganday shirin, mazali qilib pishira olishmaydi. Yurtimizdagi har bir oilada payshanba va yakshanba kunlari osh pishiriladi, to`g`rimi? Balki boshqa kunlari ham tayyorlanar, lekin men shu an`anaga sodiq qolganman (kuladi).

– Demak, har payshanba va yakshanba palovxo`rlikka borsak bo`lar ekan-da?

– Albatta, mehmon kutishning ham o`zgacha gashti bor (kuladi).

– Boksdagi yagona armoningiz havaskor boksda olimpiya medalini qo`lga kirita olmaganligingiz, deb aytsak bo`ladimi?

– Albatta bu yagona armonim.

– Umuman olganda, sportdagi faoliyatingizdan qoniqish hosil qildingizmi?

– Ba`zida qoniqish hosil qilmagan vaqtlarim bo`ldi. Ba`zan ha. Umuman aytganda, ko`nglim to`ldi, deb ayta olaman. Afsuslanmayman. Chunki bularning bari Yaratganning menga bergan in`omi. Peshonamga yozilgani bo`ldi. Demak, shunday bo`lishi kerak. Havaskorda natijalar qayd etdim. Profi-boksda ham chempion bo`ldim. O`ylamanki, faoliyatim yomon bo`lmadi.

– Ruslan, xalqimiz sizni yaxshi ko`radi va faxrlanadi. Yurtdoshlarimizga aytar so`zingiz...

– O`z xalqimni juda sevaman! O`zbekistonim, Vatanimni sevaman! Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo`lsin. Hamma yurtdoshlarimga sog`lik, baxt-omad tilayman.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!