Ota komada yotgan o`g`liga ulangan apparatni vrachlarning o`chirishiga yo`l qo`ymadi va mo``jiza ro`y berdi …

10:12, 17 noyabr

2015 yilning bahorida AQShning Texas shtatida yashovchi 59 yoshli Jorj Pikeringning oilasida musibat yuz berdi, deb xabar qiladi “Rrostoudivitelno.ru” nashri.

Uning 27 yoshli o`g`li, yagona farzandi bir necha insultni boshdan kechirib, kasalxonada komada yotardi. O`sha kuni kechqurun vrachlar qo`ng`iroq qilib, o`g`lining miyasi “o`lganligi”ni, endi unga hayot bilan ta`minlovchi apparatning hojati yo`qligini ma`lum qilishdi. Jorj bu xabarni ko`tara olmadi, u vrachlardan apparatni o`chirmaslikni, agar o`chiradigan bo`lsa, joniga qasd qilishini aytib baqirdi.

Oradan ko`p vaqt o`tmay, klinika ostonasida 9 millimetr kalibrli to`pponchani beliga qistirgan Jorj paydo bo`ldi. U o`g`li yotgan intensiv palata tomon yo`l oldi. Bu erda uni o`g`lining davolovchi vrachi kutib oldi. U otaga tibbiy komissiyaning apparatni o`chirish haqidagi qarorini etkazdi. 

O`zini qo`yishga joy topa olmagan Jorj to`pponchani chiqarib, vrachlardan uni o`g`li bilan yolg`iz qoldirishni talab qildi. Shundan keyin Jorj Pikeringning klinika xodimlari va polisiya bilan to`rt soatlik olishuvi boshlandi. Polisiya va maxsus otryad xodimlari klinika binosini o`rab oldi. Jorj esa o`g`lining qo`lini mahkam qisib, “O`g`lim, meni eshitayotgan bo`lsang, qo`limni qis, javob ber...”, deb qo`rqa-pisa derazadan mo`ralab qo`yardi. U o`g`liga qayta-qayta murojaat qilishdan to`xtamadi, shunda mo``jiza ro`y berib, o`g`li uning qo`lini mahkam siqib qo`ydi…

“O`g`lim qo`limni uch-to`rt marotaba qisdi, bu haqiqiy mo``jiza edi, – deb esladi keyinchalik Jorj Pikering, – o`g`limning miyasi “o`lmaganligi”ni sezgandim. Axir u mening o`g`lim, uning nimalarni his qilayotganini ota sifatida sezaman”.

To`rt soatlik qarshilikdan keyin Jorj Pikering o`z ixtiyori bilan polisiyaga taslim bo`ldi. Ammo o`g`lining hali tirikligini boshqalarga isbotlay oldi. Hodisa ro`y bergunga qadar, klinika vrachlari u bilan o`g`lining sog`lom tana a`zolarini boshqa bemorlarga ko`chirib o`tkazish masalasini muhokama qilishga harakat qilishgan edi. Ammo endi ulardan hech kim uning 27 yoshli o`g`li o`limga mahkumligi haqida so`z ochishga jur`at etolmadi.

 

Oradan biroz vaqt o`tgach, Jorj Pikeringning o`g`li komadan chiqib, o`ziga keldi. Hozirda esa batamom tuzalib ketgan. O`sha kuni yonboshiga ag`darilib, onasiga ko`zi tushdi va “Onajon, men sizni yaxshi ko`raman!” dedi. Jorj Pikeringni esa polisiya qamoqqa oldi, keyinchalik jazoni engillashtirishdi, ayni kunlarda esa u qamoqdan ozod bo`ldi. “Albatta, otam qonunni buzdi, – deydi Jorj Pikeringning o`g`li bo`lib o`tgan voqealarni eslab, – otam bu ishni birovlarga yomonlik qilish niyatida amalga oshirgani yo`q. Agar bunday yo`l tutmaganida, men bu erda o`tirmagan bo`lardim, hammasiga farzandiga nisbatan bo`lgan otalik muhabbati sabab bo`ldi...”

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!