O`zbekistondagi maktablarda fastfud, chips va gazlangan ichimliklar sotilishi taqiqlanadi

10:18, 17 noyabr

Butunjahon Sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, inson salomatligini belgilovchi omillarning 50 foizi uning ovqatlanishi va hayot tarziga, 20 foizi naslga va 10 foizi tibbiy xizmat sifatiga bog`liq ekan, deb yozadi O`zA. 

Bundan kelib chiqadiki, insonning yashash tarzi va ovqatlanish madaniyati uning salomatligida muhim o`rin tutadi. Abu Ali ibn Sino uzoq umr ko`rishning asosiy omili sifatida to`g`ri ovqatlanish masalasiga alohida e`tibor qaratgan. 

Ertamiz egalarining har jihatdan sog`lom, ma`nan etuk, jismonan baquvvat bo`lib voyaga etishi, zamonaviy kasb-hunar sirlarini o`rganishiga alohida e`tibor qaratilmoqda. O`quvchilarning ta`lim muassasalarida belgilangan o`quv dasturlarini to`liq o`zlashtirishida to`g`ri va sifatli ovqatlanishga rioya qilishi muhim sanaladi. 

Xalq ta`limi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Sog`liqni saqlash vazirliklari, O`zbekiston oshpazlar uyushmasi tomonidan 2016-2020yillarda umumiy o`rta va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida sog`lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. 

Mamlakatimizda o`quvchilarning sog`lom ovqatlanishini tashkil etish, maktab oshxonalarida yuqori kaloriyali, vitaminli mahsulotlar sonini ko`paytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo`yicha tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratishga doir me`yoriy-huquqiy baza mavjud. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 29 avgustdagi “2015-2020 yillar davrida O`zbekiston Respublikasi aholisining sog`lom ovqatlanishini ta`minlash konsepsiyasini va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash to`g`risida”gi qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustdagi “Ta`lim muassasalarida sog`lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish belgilangan. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 2 maydagi “Umumiy o`rta va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida sog`lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko`tardi. 

Sog`liqni saqlash vazirligining davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari ta`lim muassasalarining oshxonalarida sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, ularda foydalaniladigan texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, oshxona xodimlarining sanitariya-gigiena talablariga rioya etishini aniqlash maqsadida Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi hamda uning hududiy komissiyalari nazorat ishlarini olib boradi. 

Ta`lim muassasalarining oshxonalarini ijaraga berish bo`yicha hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatidan kelib chiqib, ularning oshxonalarini ijaraga berishda “nol” stavkasi belgilandi. Joriy yildan boshlab ta`lim muassasalarining maktab oshxonalarini ijaraga berish bo`yicha tanlov o`tkazilishi rejalashtirilgan. 

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan ham manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ta`lim muassasalarining oshxona va bufetlarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiena talablariga mos shart-sharoitlarni yaratish, o`quvchilarga sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar sifatini nazorat qilishni kuchaytirish, oshxonalarni ijaraga oluvchi yuridik shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari tahlil etilmoqda. Bunda umumiy o`rta va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari, ayniqsa, qishloq joylardagi muassasalarda oshxona va bufetlar tashkil etish, ularni ta`mirlash hamda jihozlash ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish, o`quvchilarning sog`lom ovqatlanishini tashkil etish ishlarini yanada takomillashtirish, oshpazlarning zamonaviy texnologiyalar va usullar asosida ishlashini tashkil etish hamda ularning malakasini doimiy oshirib borishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Qarorga muvofiq mamlakatimizning olis hududlaridagi oshxonasi bo`lmagan umumta`lim maktablarida bufetlar shaklidagi oshxonalar barpo etilishi boshlandi. Ishlamayotgan oshxonalar qayta jihozlanib, faoliyati yo`lga qo`yilmoqda. 2017 yildan boshlab har bir viloyatda taom tayyorlovchi kombinatlar ishga tushirilsa, 2018 yilda har bir tumanda shunday muassasalar paydo bo`ladi. Barcha taomlar maxsus termoidishlarda tashiladi. 

Maktabgacha ta`lim muassasalari, umumta`lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o`quvchilari uchun ularning yoshi va ehtiyoji e`tiborga olingan maxsus taomnoma-dasturlar qabul qilinadi. 

– O`sayotgan bolaning ovqatlanish rasionini vitamin-minerallar bilan boyitish juda ahamiyatli, – deydi shifokor Susanna Ibrohimova. – Bolada bo`y va tana vaznining me`yoridan ortda qolishi uning ovqatlarida vitamin va minerallarning etishmasligi bilan bog`liq bo`ladi. Maktab o`quvchilarining ovqatlanish rasionida go`sht, sut, tuxum, baliq va baliq mahsulotlarini ko`paytirish lozim. Non va non mahsulotlarini me`yoridan ko`p iste`mol qilish tavsiya etilmaydi. Ko`proq sabzavotlar, mevalarni iste`mol qilish bolaning oshqozon-ichak tizimini yaxshilab, aqliy faoliyatini rivojlantiradi. Sosiska, gamburger, qovurilgan kartoshka, mayonez va ketchupli mahsulotlar va shokoladli shirinliklarni nazoratsiz iste`mol qilish o`quvchi sog`lig`i uchun zararli hisoblanadi. 

Ma`lumotlarga ko`ra, dunyo miqyosida kasalliklarning 80 foizi aynan ovqatlanishga e`tiborsizlik oqibatida yuzaga kelmoqda. Surunkali infeksion va yurak-qon tomir xastaliklari ham noto`g`ri ovqatlanish sabab paydo bo`layotgani ma`lum. Taom iste`molidagi pala-partishlik yoki me`yorni bilmaslik, jismoniy harakatning susayishi ko`plab tibbiy-ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. 

2016-2017 o`quv yilining 2-choragidan boshlab barcha umumta`lim maktablaridagi boshlang`ich sinf o`quvchilariga sinfdan tashqari mashg`ulotlar uchun belgilangan soatlar doirasida "To`g`ri ovqatlanish darslari" mashg`ulotlari o`tkaziladi. Ta`lim muassasalarida “Salomatlik saboqlari”, “Sog`lom avlod asoslari”, “Sog`lom oila asoslari” darslari orqali tashkil etilayotgan seminarlar, davra suhbatlari, soha mutaxassislari bilan uchrashuvlarda to`g`ri va sog`lom ovqatlanish qoidalari yuzasidan saboq berilmoqda. Darslarda o`quvchilarga sog`lom ovqatlanish tartibi, sanitariya va gigiena qoidalari, zararli odatlar va ularning oldini olish, vitaminlarning inson salomatligidagi ahamiyati bo`yicha tushunchalar berilmoqda. 

– Umumta`lim maktablarning 1-4 sinf o`quvchilari uchun 8 nomdagi multimedia mahsulotlari ishlab chiqilgan bo`lib, undan “Kun tartibi”, “To`g`ri ovqatlanish”, “Shaxsiy gigiena”, “Zararli odatlar”, “Vitaminlar”, “Jismoniy faollik va sport” kabi mavzular o`rin olgan, – deydi O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligining ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi etakchi nazoratchisi Abdurashid Sodiqov. – “Sog`lom ona va bola yili” Davlat dasturining 33-bandiga ko`ra, Xalq ta`limi vazirligi zimmasiga boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun “To`g`ri ovqatlanish darslari” ta`lim dasturini yaratish, uni tajriba tariqasida Buxoro viloyati va Qoraqalpog`iston Respublikasidagi 50 maktab o`quvchilari orasida tarqatish vazifasi belgilangan edi. Shu bois “To`g`ri ovqatlanish darslari” ish daftari hamda o`qituvchilar uchun metodik qo`llanma ishlab chiqilib, tegishli hududlarda o`quvchi va o`qituvchilarga tarqatildi. Mazkur dastur asosida 1-, 2-sinf o`quvchilari va maktabgacha ta`lim muassasalarining tayyorlov guruhlarida mashg`ulotlar olib borilmoqda. 

Bugun maktablarning oshxonalarida o`quvchilarga taklif etilayotgan eguliklarning sifatini nazorat qiluvchi maxsus komissiya faoliyati qat`iy yo`lga qo`yilib, issiq ovqat, turli sharbatlar, pishiriqlarning asosiy oziq moddalar – oqsil, yog`, uglevod, turli vitaminlar, minerallarga boy bo`lishiga oshxona xodimlari javobgarligi belgilangan. Ular ta`lim muassasalari oshxonalarida o`quvchilarning to`g`ri ovqatlanishini tashkil etib, bola organizmi uchun zararli mahsulotlardan voz kechmoqda, sifatli va vitaminlarga boy oziq-ovqatlarni sotish tizimini samarali yo`lga qo`ymoqda.

– Afsuski, ba`zi maktab oshxonalarida hali-hanuzgacha sotilishi taqiqlangan mahsulot va taomlar ham mavjud, – deydi pedagog Nigora Mirzaeva. – Gamburger, chizburger, xot-dog, sosiska va kolbasa mahsulotlari, qovurilgan kartoshka (chips), gazlangan salqin ichimliklar, qisman bo`lsa-da, sotilmoqda. Maktab oshxonalaridagi mahsulotlar sifatini nazorat qiluvchi maxsus komissiyalar faoliyatini yanada kuchaytirish, sog`lom ovqatlanish rasioniga rioya qilishga o`rgatish lozim. 

Bugun farzandlarimiz hech kimdan kam bo`lmay, sog`lom va barkamol bo`lib ulg`aymoqda. Ularning sog`lom ovqatlanishi, vitaminli mahsulotlar iste`mol qilishi puxta bilim olib, fanlarni a`lo darajada o`zlashtirishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ota-onalar bilan bir qatorda pedagoglar, soha mutaxassislari o`quvchilarning nafaqat bilim olishi, ovqatlanish rasioniga ham jiddiy e`tibor qaratishi yurt taqdiri va kelajagi uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir barkamol avlodni shakllantirishga xizmat qiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!