«Fotiham buzildi... Endi baxtim ochilmaydi(mi?)»

11:03, 17 noyabr

«Yoshim yigirmada. Uch oy oldin unashtirilgandim. To`y kunini ham belgilashgandi. Avvaliga yaxshi munosabat bildirayotgan bo`lajak kuyov kelinlik libosi tanlashga borganimizda, «Ovora bo`lmang ko`ylak tanlab, baribir sizga uylanmayman», dedi dabdurustdan. Shu bilan nikohga o`n kun qolganda hammasi to`xtatildi. Uning o`z sevgani bor ekan. Hayotim ostun-ustun bo`lib ketdi. Ko`chaga chiqsam, hamma meni bigiz qilib ko`rsatayotgandek bo`ladi».

Sevinchoy

Katta hayotga orzu-niyatla qadam qo`yayotgian qiz baxt deb o`ylagan qasriga qadam qo`ymasdan, qandaydir sabab tufayli ortiga qaytsa, tushkunlikka tushishi tabiiy. Fotihaning bekor bo`lishi gap-so`zga, xafagarchilikka, oilaviy muammolarga olib kelishi ham sir emas. Qizlarjon, bugun shu mavzuda gaplashamiz.

 

Nega to`yni to`xtatishdi?

To`y tasvirlariyu tashvishlariga ko`milib, shundoq ham nikoh oldi stressini boshdan kechirayotgan qizni fotihasi buzilganda bu savollar qiynaydi. Singlim, ko`z yoshlaringizni arting-da, savolga javob izlang.

Sarpo, sep ustida mojaro chiqdimi? Bo`lajak qaynonangiz ota-onangizning sizga ataganlaridan ko`ngli to`lmay, e`tirozlarini bildirdimi? Yoki ota-onaningiz quda tomonning siz uchun olib kelgan sandig`idan hafsalasi pir bo`ldimi? Avvalo bunday masala sabab fotihani buzmaslik kerak. «Mening bolam shunga arzibdimi?», deya yig`layotgan kattalarning bu «katta» muammosini hal qilishga siz kichiklar urinib ko`ring. Magarki, g`isht qolipdan ko`chgan  ekan, endi o`kinmang. Baxtni latta-putta bilan o`lchaydiganlar keyin ham tinchingizni bermasligi hech gapmas.

Kuyovning aybi oshkor bo`ldimi? Bunday vaziyatlar, albatta, quvonarlimas. Lekin kelgan sovchilar yigitning «+»larini oshirib, «-»sini yashirgani ham yaxshimasdi. Ertaga nikoh o`qilib, pasportga muhr bosilganidan keyin oshkor bo`lgan sir qimmatga tushadi. Yo ilojsiz qolasiz, yo ajrashgan degan nom olasiz. Giyohvand, oilasini qadrlamay ajrashgan yoki engiltak odam bilan taqdiringiz bog`lanmaganiga shukr qiling.

Gap-so`zlar, oilaviy muammolaringiz sababmi? Deylik, opangizning turmushi o`xshamagani, qo`shningizning siz haqingizdagi «ishonchli» ma`lumoti kabilar sabab o`g`il uylayotganlar fikridan qaytgan bo`lsa va unashtirilgan yigitingiz ham ishtirokchimas, tomoshabinga aylansa, kuyunmang! O`zining fikri yo`q odamlar yashaydigan oilaga kelin bo`lib ham, qo`nim topib ketishingiz amrimahol?

 

«Bosh ko`tara olmayapman...»

O`zingizni aybdor his qilganingiz sari odamlarning ayblovlari oshaveradi, «dedi-dedi»lar bolalayveradi. Xo`sh, ularning hammasiga qanday javob berish kerak. Axir ko`chadagi har bir odamga bittalab nega fotihangiz buzilganini tushuntira olmaysiz-ku! Avvalo o`zingizni ayblashdan to`xtang. Bo`lar ish bo`ldi. Kim yoki nima uchundir to`y to`xtalidimi, demak, bu peshana! Shuni qabul qiling-da, «Bu taqdir», deya hayotingizni davom ettiring. Sizga yog`ilayotgan savollarga ham shunday javob bering. Bir burchakka bekinib olsangiz, aksincha odamlarda salbiy fikrlar uyg`onishiga turtki berasiz.

 

Fotihani o`yin bilmang!

Afsuski, ortiqcha injiqlik, erkalikdan ham qizlar «Men bu odamga turmushga chiqmayman», deya xarxasha qilishadi. Agar unashtirilganingiz bilan oila qurmaslik uchun ma`lum sababingiz — ko`ngilsizlik, sevganingiz borligi, ishonmaslik kabilardan bezovtalanayotgan bo`lsangiz, oila a`zolaringizga fikringizni bildiring. Taxminiy o`ylar qurshovida qolsangiz ham, podadan oldin chang chiqarmay, kattalarning gapiga quloq soling. Zero baxtsizlik deya sizni kutib turgan baxtdan yuz o`girmang.

 

Xulosa o`rnida...

Qizlar, fotiha bekor bo`ldi degani ajrashdi, hayot tugadi, degani emas. Buni xursandchilik bilan qabul qilib bo`lmaydi, ammo tushkunlikning domiga tushib, o`zingizni baxtsiz sanab yashashingiz ham sizga quvonch olib kelmaydi. Baxtingiz o`zingizdan-da chiroyli bo`lishini tilab qolamiz.

KELINOYINGIZ

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!