39 mingdan ziyod ko`zi ojiz fuqaro Brayl alifbosida tayyorlangan byulletenda ovoz beradi

12:23, 17 noyabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir taklifnoma va saylov byulletenining yangi varianti ishlab chiqilib tarqatilayotgani haqida avval xabar bergandik.

Ko`zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo`yicha turli risolalar chop etilmoqda. Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mamlakatlari orasida birinchi bo`lib ilk marta ko`zi ojizlar uchun mo`ljallangan saylov byulletenlari tayyorlanmoqda. 

Respublika bo`yicha 39 mingdan ziyod ko`zi ojiz fuqaro ro`yxatga olingan. Barchasi saylash huquqiga ega. Ayni paytda jamiyatimiz tomonidan ular orasida joriy yilgi saylovda bo`rtma shriftli alifbo asosida saylov byulletenlari amaliyotga tatbiq etilayotgani haqida tushuntirish-targ`ibot ishlari olib borilmoqda. Ilgari ko`zi ojizlar byulletenlarni o`zi o`qib, belgilash imkoniga ega emasdi. 

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasidan ma`lum qilishlaricha, muayyan qonun hujjatlarning tegishli bandiga muvofiq mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ko`zi ojiz fuqarolar o`z konstitusiyaviy huquqidan foydalanishi uchun saylov byulletenlari brayl alifbosi asosida zarur miqdorda o`zbek va rus tillarida chop etilmoqda. 

Byulletenda O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar to`g`risidagi ma`lumotlar berilgan, uning o`ng tomonida bo`sh kvadratlarda chegaralari relefli-nuqtali bo`rtmalar orqali joylashtirilgan. 

Ayni paytda ko`zi ojiz saylovchilar uchun nashr etilgan saylov byulletenlari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, okrug saylov komissiyalariga yuborilmoqda. Uchastka saylov komissiyalari ko`zi ojiz saylovchilar uchun saylov byulletenlarini okrug saylov komissiyalaridan oladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!