Xalqaro kuzatuv: Amaliyot va demokratik andozalar

14:49, 17 noyabr

Mamlakatimizda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasi o`zining hal qiluvchi pallasiga kirdi. Ma`lumki, Markaziy saylov komissiyasi shu yilning 9 sentyabr kuni saylov kampaniyasini e`lon qilgach, xalqaro tashkilotlarga, bir qator xorijiy mamlakatlarga saylovni kuzatishda ishtirok etish uchun taklifnoma yubordi. Bu bilan yurtimizda saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini, O`zbekistonning xalqaro hujjatlar doirasida olgan majburiyatlariga mas`ulligini hamda umume`tirof etilgan demokratik tamoyillarga sodiqligini namoyish qildi.

Shu kunlarda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi uzoq muddatli kuzatuvchilari saylov komissiyalari a`zolari, siyosiy partiyalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazmoqda. Kuzatuvchilar xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligi asosida saylov jarayonining barcha bosqichini, Prezidentlikka nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqotini olib borish masalalarini, ommaviy axborot vositalarining O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha faoliyatini, shuningdek, aholining turli qatlamlari elektoral faolligi darajasini o`rganayapti.

Muxbirimiz O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a`zosi Marinika Bobonazarova bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar faoliyatining huquqiy asoslari xususida suhbatlashdi.

— Xalqaro kuzatuv — saylov tizimining muhim ­institutlaridan biri bo`lib, nafaqat ushbu siyosiy tadbirning ochiq va oshkoraligi hamda saylovchilar ishonchi yuksalishiga, ayni paytda o`zaro bilim almashish, saylov jarayonining eng yaxshi amaliyoti bilan tanishish asosida ushbu tizimni izchil demokratik rivojlantirishga ham xizmat qiladi, — deydi u. — Xalqaro kuzatuvlar davlatlar o`rtasida ijtimoiy-siyosiy sohada ikki va ko`p tomonlama hamkorlikni, shuningdek, mamlakatimizning xalq­aro hamjamiyatning teng huquqli a`zosi sifatida nufuzini mustahkamlashda ham muhim omil hisoblanadi.

Yurtimizda saylovlarni xalqaro kuzatishning mana shunday ahamiyatini hisobga olgan holda, uning huquqiy asoslarini shakllantirishda umume`tirof etilgan saylov standartlari asosida xalqaro kuzatuv institutini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

— Ushbu sohada xalqaro standartlarning ahamiyati qanday va ular qay tarzda shakllangan?

— Ma`lumki, umume`tirof etilgan saylov standartlari Fuqarolik va ­siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro pakt, Inson huquqlari to`g`risidagi Evropa konvensiyasi, MDH a`zo-davlatlarida Demokratik saylov, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari to`g`risidagi konvensiya singari hujjatlarda mustahkamlab qo`yilgan. Ular ­Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va boshqa ­siyosiy deklarasiyalarda, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo`yicha qo`mitasi hujjatlari, Evropa Kengashi Venesiya komissiyasining saylov masalalariga oid kodeksida ham o`z ifodasini topgan.

1990 yilda Evropada xavfsizlik va hamkorlik kengashi konferensiyasi yakuniy Kopengagen hujjatini qabul qildi. EXHT ishtirokchi-davlatlarining xalqaro kuzatuvchilarni “ularning milliy saylovini qonun bilan ruxsat berilgan hajmda kuzatish” uchun taklif qilish bo`yicha majburiyati milliy demokratik saylovlarni tashkil etish va o`tkazishning muhim siyosiy tamoyillari sifatida ko`zda tutilgan. Xalqaro kuzatuv institutining asosiy vazifasi “saylov o`tkazilayotgan davlatlar uchun saylov jarayonining nufuzini oshirish” sifatida belgilangan.

Shunday qilib, ishtirokchi-davlatlar saylovlarni kuzatish ushbu siyosiy tadbirning shaffofligi hamda hisobdorligini ta`minlash, aholining saylov jarayoniga ishonchini oshirishda muhim rol o`ynashini e`tirof etishgan. 1990 yilning noyabr oyida Evropada xavfsizlik va hamkorlik kengashining Parijdagi konferensiyasida yakuniy hujjat — Yangi Evropa uchun Parij xartiyasi qabul qilindi. Unda ishtirokchi-davlatlar qarorgohi Varshavada joylashgan “ishtirokchi-davlatlardagi saylovlar to`g`risida aloqalarga ko`maklashish hamda axborot almashish uchun erkin saylovlar bo`yicha byurosi”ni tuzishga kelishib olishdi. 1992 yilda mazkur tuzilma nomi Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi deb nomlanib, inson huquqlari sohasida faoliyat ko`lami yanada kengaydi.

1999 yili Istambuldagi oliy darajadagi uchrashuvda Evropa xavfsizligi xartiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatni imzolagan davlatlar “o`z hududida o`tkazilayotgan saylovlarga ishtirokchi-davlatlardan, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosidan, Parlament Assambleyasidan, saylov o`tkazilishini kuzatishni xohlagan tegishli ­institut hamda tashkilotlarni taklif qilish” majburiyatini o`z zimmasiga oldi. Hujjatda qayd etilishicha, davlatlar Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining saylovni o`tkazish jarayoni baholangan xulosalari hamda tavsiyalariga tezkorlik bilan munosabat bildirishga kelishishgan.

Shuni qayd etish kerakki, saylovlarning xalqaro kuzatuvi qator tamoyillarga, xususan, kuzatilayotgan saylov jarayoniga aralashmaslik va xolislik, shuning­dek, saylovni kuzatish jarayonining qonuniyligiga, uning natijalariga ta`sir ko`rsatmasligi singari prinsiplarga asoslanishi lozim.

— Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi qanday standartlarga amal qiladi?

— Muhim masalani ko`tardingiz. Biz yuqorida qayd etgan hujjatlar huquqiy maqomga ega emas. Mazkur hujjatlar doirasida o`z zimmasiga ishtirokchi-davlatlar xalqaro standartlarni implementasiya qilish bo`yicha siyosiy majburiyatni olgan.

Ayni paytda EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi tomonidan ichki hujjatlar ishlab chiqilgan bo`lib, kuzatuvchilar o`z faoliyatini ular asosida olib boradi hamda bu standart vazifasini o`taydi. Kuzatuvchilar ushbu hujjatlarga amal qilishi lozim. Masalan, 1994 yili Demokratik ins­titutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining Budapesht sammitida saylovgacha, ovoz berish kuni va uning yakunlanishida, ya`ni butun saylov kampaniyasi davomida kuzatuv institutining rolini oshirish topshirilgan. Bunda ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlarni baholash, boshqa tashkilotlar bilan kuzatuvlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, saylovlarni kuzatish bo`yicha qo`llanma tayyorlash kabi vazifalar belgilangan.

Aynan o`sha topshiriqqa binoan, 1996 yildan beri EXHT Demokratik ­institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi Saylovlarni kuzatish qo`llanmasini muntazam chop etib keladi. Kuzatuvchilar axloqi kodeksi uning asosiy tarkibi bo`lib, u mazkur tuzilma tomonidan saylovlar monitoringida ishtirok etadigan barcha kuzatuvchi uchun majburiydir. Jumladan, unda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi kuzatuvchilar missiyasi a`zolari saylov jarayoniga aralashmasligi, saylov jarayoni va o`z kuzatuvi mohiyati haqida yanglish xulosa qilishdan hamda ommaviy axborot vositalari vakillariga bahosini berishdan tiyilishi lozimligi belgilangan.

EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, qolaversa, saylovlarni kuzatish missiyalari xodimlari uchun batafsil va maxsus tavsiya­lar tayyorlangan. Saylovlarning uzoq muddatli kuzatuvchilari uchun qo`llanma, Xotin-qizlarning saylovlarda ishtirokini monitoring qilish bo`yicha qo`llanma, Saylovning qonunchilik asosini tahlil qilish bo`yicha tavsiyalar, Milliy kamchilik vakillarining saylov jarayonida ishtirok etishiga xizmat qiluvchi tavsiyalar, EXHT hududida saylovlar masalalari bo`yicha bahslarni hal qilish qo`llanmasi, shuningdek, EXHT ishtirokchi-davlatlarida demokratik saylovlarni o`tkazish bo`yicha mavjud tavsiyalar va boshqa hujjatlar shular jumlasidandir. Ushbu qo`llanmalar saylov jarayonining u yoki bu jihatlarini kuzatish bo`yicha uslubiy tavsiyalardan iborat bo`lib, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi xalqaro kuzatuvchilari tomonidan bajarilishi maqsadga muvofiq.

Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi xalqaro kuzatuvchilari faoliyati davomida 57 ta ishtirokchi-davlatda 300 dan ortiq saylovlarning kuzatuvida qatnashgan.

— Saylov huquqi sohasida xalqaro kuzatuv bo`yicha yana qanday standartlar amal qiladi?

— Ma`lumki, xalqaro kuzatuv institutini rivojlantirishda Kopengagen hujjati o`ziga xos o`rin tutadi. Amerika, Afrika va Osiyoda ko`plab xalqaro tashkilotlar o`zlarining saylov standartlarini qabul qilgan. Masalan, hozirgi kunda Shanxay hamkorlik tashkilotidan kuzatuvchilar missiyasi faoliyati 2006 yili 15 mayda ShHT Tashqi ishlar vazirlari qarori bilan tasdiqlangan Prezident va/yoki parlament saylovlarida, shuningdek, referendumlarda ShHTdan kuzatuvchilar missiyasi to`g`risidagi nizomga muvofiq tashkil etilmoqda. MDH kuzatuvchilar missiyasi esa o`z faoliyatini MDH davlat rahbarlari kengashining 2002 yil 7 oktyabrda qabul qilingan MDHga a`zo-davlatlarda Demokratik saylov, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari to`g`risidagi konvensiya hamda MDH tash­qi ishlar vazirlari kengashining 2004 yil 26 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Hamdo`stlikka a`zo-davlatlarda Prezident va parlament saylovlari, shuningdek, referendumlarda MDHdan kuzatuvchilar missiyasi to`g`risidagi nizom asosida olib boradi.

— Mazkur standartlar ishtirokchi-davlatlar uchun qanchalik majburiy hisoblanadi?

— Shubhasiz, har bir mamlakat saylov tizimini mustaqil tanlaydi. Ayni paytda xalqaro standartlarga rioya etilishi saylovlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ular, avvalo, xalqaro kuzatuv institutini qonun bilan mustahkamlab qo`yishni, butun saylov jarayonini kuzatuv bilan qamrab olishni, saylovni kuzatish bo`yicha huquq va vakolatlarni aniq belgilashni talab qiladi. Turli mamlakatlar qonunchiligida ushbu talablar har xil aks ettirilgan. Qaerdadir xalqaro kuzatuv qonun bilan mustahkamlangan, ammo kuzatuvchilarning vakolatlari sezilarli darajada cheklangan, qaerdadir esa bu talablar to`la bajarilmaydi.

EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi tomonidan saylovlarni kuzatish bo`yicha hisobotlar tahlili natijalari asosida tayyorlangan EXHT ishtirokchi-davlatlarining saylov qonunchiligi va amaliyoti yuzasidan so`nggi sharhda shuni ko`rishimiz mumkinki, hali-hanuz ko`plab mamlakatlarda xalqaro kuzatuvlar sohasidagi umumqabul qilingan standartlar bajarilmayapti. Misol uchun, Andorra, Kipr, Daniya, Estoniya, Fransiya, Gresiya, Vengriya, Irlandiya, Litva, Monako, San-Marino, Serbiya, Sloveniya, Ispaniya, Shvesiya, Shveysariya, Turkiya va AQSh (federal darajada) singari mamlakatlarda xalqaro kuzatuvning huquqiy asoslari yo`q, aksariyat hollarda siyosiy partiyalardan mahalliy kuzatuvchilar ishtirok etishi imkoniyati bundan mustasno. Qisman xalqaro kuzatuvchilar ishtiroki masalasi muayyan organlarning normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solingan bo`lsa-da, ular tegishli qonun qoidalari bilan kafolatlanmagan. EXHT ayrim ishtirokchi-davlatlarida asosan saylov kuni kuzatuvga qarshilik qilishga oid misollar mavjud.

Ammo shuni aytish kerakki, kuzatuvchilar missiyalarining EXHT makonida saylov jarayonlarini kuzatish yakunlari bo`yicha kiritgan tavsiyalari asosida ­xalqaro saylov standartlari EXHT ishtirokchi-davlatlari tomonidan saylov qonunchiligiga izchil implementasiya qilinmoqda. Bugungi kunda ushbu standart­larni bir qator mamlakatlar amaliyotga borgan sari ko`proq tatbiq etayapti.

— Mazkur sohadagi standartlar bizning saylov qonunchiligimizda o`z ifodasini topganmi?

— Mamlakatimiz ularni to`liq qonunchilikka implementasiya qilgan. Eng avvalo, 1997 yildayoq milliy qonunchilikda xalqaro kuzatuv instituti mustah­kamlab qo`yilgan. 1999 yilda esa O`zbekistonda saylovni kuzatishda xalqaro hamda xorijlik, shu jumladan, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi kuzatuvchilari ishtirok etdi. Joriy yilda tashkilot ekspert­lari O`zbekistonda xalqaro kuzatuvchilar sifatida ettinchi marta faoliyat olib bormoqda.

Yana bir muhim jihati shundaki, saylov qonunchiligimizda kuzatuvchilar butun saylov kampaniyasi davomida, ya`ni saylov tayinlanishidan ovoz berish natijalari e`lon qilingungacha bo`lgan davr­da ishtirok etishi imkoniyati ko`zda tutilgan, kuzatuvchilarning huquq va ­vakolatlari aniq belgilangan.

Jumladan, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonun bilan xalqaro kuzatuvchilar O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko`rsatishga bag`ishlangan yig`ilishlarda, okrug hamda uchastka saylov komissiyalarining majlislarida, saylov uchastkasida hozir bo`lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishi va muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish huquqiga ega. Ular, shuningdek, ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining bayonnomasini tuzishda hozir bo`lishga, saylov natijalari to`g`risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nusxalarini so`rashga va ularni olishga, agar saylov uchast­kasida qonunbuzilishiga yo`l qo`yilgan, deb hisoblash uchun asos bo`lsa, o`z kuzatuvlari to`g`risida yuqori komissiyaga ma`lum qilishga haqli. Bunda ovoz berishning yashirin o`tkazilishi, saylov komissiyalarining mustaqilligi singari asosiy tamoyillardan kelib chiqqan holda, kuzatuvchiga saylovchi saylov byulleteniga o`z belgisini qo`yayotgan payt­da ovoz berish kabinasida bo`lish, saylovchilarga ta`sir o`tkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo`yishda biron-bir tarzda yordam ko`rsatish, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlashda, ularni ochishda, ovozlarni sanab chiqishda aralashish man etiladi.

Joriy yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda avvallari hech ko`rilmagan darajada ko`p sonli — EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, ShHT, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH Ijroqo`midan kuzatuvchilar, 40 dan ortiq mamlakatlardan ekspertlar ishtirok etadi. EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi to`laqonli kuzatuvchilar missiya­sini yuborgan. Ular hozirgi vaqtda respublikamizning barcha hududida saylov jarayonini faol o`rganib chiqishmoqda. Bu ham xalqaro hamjamiyatning O`zbekis­tondagi demokratik o`zgarishlarga qiziqishi o`sayotganidan, mamlakatimizning ochiqligi, uning jahon hamjamiyati ­bilan uyg`un rivojlanishga intilishidan dalolatdir.

Shu o`rinda huquq sohasidagi ekspert­larimiz ham xalqaro tashkilotlar missiyalari tarkibida saylovlarni va referendumlarni kuzatishda faol ishtirok etib kelayotganini ta`kidlab o`tish o`rinlidir. Bunday amaliyot, shubhasiz, barcha uchun naf keltirib, dunyoda demokratik saylov amaliyotining izchil rivojlanishiga, demakki, insonning ­siyosiy, fuqarolik, shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar huquq va erkinliklari kafolatlarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Qobil XIDIROV suhbatlashdi.

 

kuzatuvchilar FIKRI

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, ShHT, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH Ijroqo`mi missiyalari, Osiyo, Evropa, Afrika va Amerika qit`asining qirqdan ortiq mamlakatlaridan xorijlik ekspertlar ishtirok etadi. Bugungi kunda ularning aksariyati saylov jarayonini bevosita mamlakatimiz hududlarida,
chet davlatlardagi vakolatxonalarimizda tuzilgan saylov uchastkalarida kuzatib borishmoqda.

Xenrik VESTERBI,

EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi missiyasi a`zosi:

— O`zbekiston saylov qonunchiligi bilan tanishdim. Hozirgi vaqtda saylov komissiyalari, davlat organlari va jamoat tashkilotlarining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rishga oid faoliyatini o`rganayapmiz, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan saylov jarayonini yoritish bo`yicha ishlari yuzasidan suhbatlashmoqdamiz. Shuni alohida qayd etishni istardimki, biz saylov kampaniyasini kuzatish asnosida nafaqat siyosiy tadbirning milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlariga muvofiqligini baholaymiz, ayni paytda o`zimiz ham tajriba to`playapmiz.

 

Yoel RAZVOZOV,

Isroil Knesseti deputati:

— Saylovlarni erkin va halol o`tkazish fuqarolik jamiyatining mamlakat siyosiy tizimiga ishonchini mus­tahkamlash vositasi bo`lib xizmat qiladi. Respublikada nomzodlarni ko`rsatish hamda ro`yxatga olish Konstitusiya doirasida Markaziy saylov komissiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq o`tkazildi. Davlat boshlig`i lavozimiga nomzodlarga o`z dasturini ommaviy axborot vositalarida, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ilgari surish uchun teng imkoniyatlar yaratib berilgan. Ularning saylov shtablari aholi o`rtasida faol saylovoldi tashviqotini olib bormoqda. Saylovchilar saylov kampaniyasining barcha tadbiridan xabardor ekanligi, ular o`z konstitusiyaviy huquqlarini chuqur bilishini alohida aytib o`tishni istardim.

 

Xilel NYuMAN,

Isroil Tashqi ishlar vazirligi strategik ­tadqiqotlar departamenti sektor boshlig`i:

— Hozirgi kunda xalqaro hamjamiyatning e`tibori O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga qaratilgan. Bu bejiz emas. Chunki O`zbekiston Markaziy Osiyoda aholi soni ko`pligi bo`yicha eng yirik mamlakat sifatida mintaqa ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy rivojlanishi va xavfsizligini ta`minlashda muhim rol o`ynaydi. Aynan shu omillar sabab ham dunyo jamoatchiligi tomonidan O`zbekistondagi saylovlarga alohida qiziqish bilan qaralmoqda. Saylovoldi kampaniyasida barcha siyosiy partiyalar ishtirok etayapti. Bu esa siyosiy raqobat mavjudligi haqida so`z yuritish uchun asos bo`ladi. Saylov qonunchiligi erkinlashtirilgani, partiyalarga hokimiyat uchun kurash huquqi berilgani, fuqarolik jamiyati ins­titutlarining saylov jarayoniga faol jalb qilingani, ko`p sonli xalqaro kuzatuvchilar akkreditasiyadan o`tkazilgani ham O`zbekistonning demokratiya va ochiqlikni ta`minlash borasida dadil borayotganidan ­dalolatdir.

 

Rafael BUENO,

“Casa Asia” siyosiy, ijtimoiy va ta`lim dasturlari instituti direktori (Ispaniya):

— O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o`zbek modeli” asosida mamlakatingiz tarixan qisqa davrda ulkan marralarni qo`lga kiritishga muvaffaq bo`ldi. Bu borada yurtingizdagi barqarorlik, tinchlik, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotingizni alohida ko`rsatib o`tgan bo`lardim. O`tgan davrda demokratiyaning asosiy ko`rinishlarini, ya`ni erkin saylovlar instituti, shaffof saylov tizimi, ko`ppartiya­viylik va milliy parlamentni mustahkamlash uchun muhim huquqiy asoslar yaratildi. Shu yilning 4 dekabr kuni bo`ladigan Prezident saylovi ham O`zbekis­tonning istiqboldagi rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir. O`zbekiston ­xalqi demokratik tamoyillarga muvofiq holda ravnaq ­topayotgan o`z davlatining barqaror va jadal taraqqiyoti uchun ovoz beradi.

 

Mariya Lyudovika

BOTTARELLI TRAKUILLI-LEALE,

“Evropa ayollari lobbisi” tashkilotining Italiya bo`linmasi bosh kotibi:

— O`zbekistonda avvalgi saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashib, Birinchi Prezident Islom Karimov boshchiligida zamonaviy demokratik institutlarning huquqiy mexanizmlarini shakllantirish borasida olib borilgan chora-tadbirlar, sa`y-harakatlar bilan tanishish imkoniga ega bo`lganman. O`zbekiston fuqarolari saylov qonunchiligi doirasida o`z huquq va majburiyatlari bilan tanishib borishi uchun barcha zarur choralar ko`rilgan.

Evropa fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakili, qolaversa, xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo`lida ish olib borayotgan kishi sifatida shuni aytishim kerakki, o`zbek ayollarining saylov komissiyalari ishida faol qatnashishidan har doim hayratlanaman. Bundan tashqari, saylov uchastkalarida yosh bolali onalarga, umuman, o`z saylov huquqini amalga oshirish uchun kelganlarga birinchi tibbiy xizmat ko`rsatish ­imkoniyati yaratilgan. Saylovda ishtirok etayotgan ­xalqaro kuzatuvchilar orasida fuqarolik jamiyati ­institutlari vakillarining ko`pligi ham mamlakatingizda zamonaviy demokratik davlatni barpo qilishga nechog`li katta ahamiyat berilayotganidan dalolatdir.

 

Jo DANIEL,

“Cloud-Fi Inc.” kompaniyasining

bosh ijrochi direktori (Kanada):

— O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish Kanada parlamenti quyi palatasining sobiq a`zosi sifatida men uchun katta sharaf. Avvalambor, Birinchi ­Prezident Islom Karimovning beqiyos xizmatlarini alohida qayd etishni istardim. U Buyuk Yo`lboshchi ­sifatida o`zidan sanoat, ta`lim, qishloq xo`jaligi, turizm va boshqa sohalar jadal rivojlanayotgan barqaror davlatni qoldirdi. Bu omillar mamlakatni yangilash hamda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasida boshlangan o`zgarishlarni davom ettirish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qiladi.

O`ylaymanki, O`zbekiston salohiyati mamlakatdagi siyosiy plyuralizmga asoslanadi va bu aholining turli qatlamlariga davlat hamda jamiyat hayotining dolzarb masalalarini hal qilishda ishtirok etishiga keng imkoniyat yaratadi. Demokratik saylovlarni o`tkazishda xalqaro kuzatuvchilar muhim rol o`ynaydi. Shu sababli O`zbekistonning Prezident saylovini umume`tirof etilgan xalqaro andozalarga muvofiq holda o`tkazishga tayyorligi yuksak e`tirofga loyiq. Mamlakatdagi saylov jarayonini boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qatorda, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi to`laqonli missiyasi kuzatib borayotgani ham quvonarlidir. Bu muhim qaror bo`lib, pirovardida saylov jarayonining xolisligini ta`minlaydi, unga keng jamoatchilikning ishonchini mustahkamlaydi.

«Jahon» AA materiallari asosida tayyorlandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!