Hind okeanida sirli mavjudot videoga olindi

11:26, 18 noyabr

Indoneziyaning Bali orolida dam olgan g`avvos orol qirg`og`ida g`alati va sirli mavjudotni uchratdi, deb xabar berdi “Nonbox.ru” nashri.  

Tushunarsiz, yashil mavjudotning o`n uchta oyog`i va shaffof boshi g`avvosni o`yga toldirdi. Sirli jonzotning boshi havo shariga o`xshar, u boshini shishirib, uch martagacha uning hajmini o`zgartira olardi. G`avvosning yonida suv ostini suratga olishga mo`ljallangan kamerasi bo`lganligi uchun sirli mavjudotni videoga oldi va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi. Bu video bir necha lahzalarda ko`pchilik saytlarda namoyish qilindi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining ba`zilari uni fanga noma`lum jonzot, deb hisoblagan bo`lsa, boshqalar uni tabiatning xatosi bo`lgan mutant, deb izoh berishdi. Uchinchi toifadagi foydalanuvchilar uni “o`zga sayyoralik” mavjudot, deb atashdi. 

Videorolik bilan tanishgan dengiz biologlari bu mavjudot Tethydidae lar oilasiga mansub, yalang`och jabrali melibe mollyuskasi ekanligini ma`lum qildi. Uni “changyutkich molyuska” degan nom bilan ham atashadi. Bunday turdagi molyuska aynan g`avvos dam olayotgan joydagi dengiz qirg`oqlarida uchraydi. U yirtqich molyuska bo`lib, g`alati kallasi, katta og`zi orqali changyutkich kabi dengiz qa`ridagi meduzalarni, qisqichbaqalarni so`rib, oziqlanadi. Bu molyuska insonga zarar etkazmaydi. U juda kamyob bo`lgani tufayli tajribali g`avvosni ham hayratga solgan. 

Olimlar esa, bu dunyoda hech qanday mo``jiza shunchaki yuz bermasligini, hamma narsaning dalil-isboti borligini tushuntirishga, agar dalil-isbot bo`lmasa, albatta uni topishga harakat qilishlarini bildirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!