O`zbekistonda Rossiya kunlari boshlandi

11:43, 18 noyabr

Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik Katta teatrida O`zbekistonda Rossiya kunlarining ochilishiga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Unga vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar vakillari, mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, san`at ixlosmandlari, talaba-yoshlar taklif etildi. 

O`zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o`rinbosari F.Jalolov, Rossiya Federasiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi V.Tyurdenev va boshqalar O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasidagi o`zaro aloqalar tarix sinovidan o`tgan, ishonchli hamkorlik tamoyillariga asoslanishini ta`kidladi. 

Bunda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning xizmatlari katta ekanini alohida ta`kidlamoq kerak. 

O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi munosabatlar 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi shartnoma doirasida izchil rivojlanib bormoqda. 

Davlatlarimiz o`rtasidagi aloqalar ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy jabhalar bilan birga, madaniy-gumanitar sohalarda ham mustahkamlanib bormoqda. Toshkentda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining filiallari faoliyat ko`rsatmoqda. 

O`zbekiston musavvirlari, xalq amaliy san`ati ustalarining ijod namunalaridan iborat ko`rgazmalar Rossiyada muvaffaqiyatli o`tkazilmoqda. Yurtimiz teatr jamoalari ushbu mamlakatda bo`lib o`tayotgan festival, ijodiy tanlovlarda o`z repertuarlaridagi eng sara spektakllarni namoyish etmoqda. O`zbekistonda ushbu davlatning teatr, musiqa, tasviriy, fotografiya, xoreografiya san`atlari namoyandalarining ijodi xalqimiz e`tiboriga havola etilmoqda. 

Mamlakatlarimiz hukumatlari o`rtasidagi 2016-2018 yillarga mo`ljallangan madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik qilish to`g`risidagi dastur xalqlarimiz o`rtasidagi do`stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, kengaytirish va boyitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Ko`pmillatli O`zbekistonimizda bir yuz o`ttizdan ortiq millat va elat vakillari safida rus millatiga mansub fuqarolar ham yagona va ahil oila farzandlaridek yashab, mamlakatimiz ravnaqi, uning farovonligi, kelajagi yo`lida mehnat qilmoqda. 

"Oltin kuz" xalqaro san`at festivali doirasida o`tkazilayotgan ushbu tadbir Rossiya madaniyatiga doir yorqin namunalardan lavhalarni namoyish etadi, ikki xalq o`rtasidagi madaniy, do`stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Tadbir "Terema" rus xalq cholg`ulari yoshlar orkestri konserti bilan boshlandi. Shuningdek, "Rossiya qalbi" deb nomlangan bolalar rasmlari ko`rgazmasi tashkil etildi. Ko`rgazmadan o`rin olgan suratlarda jajji o`g`il-qizlarning tinchlik, osoyishtalik, Vatan, oila, yaxshilik, mehr-muruvvat, ahillik haqidagi tushunchalari sodda, samimiy, beg`ubor, zavqli tasvirlarda aks ettirilgani bilan ko`pchilikda katta taassurot uyg`otdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!