Kimlar saylov muddatidan oldin ovoz beradi?

12:02, 18 noyabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi 3-Buxoro saylov okrugida o`tkazilgan navbatdagi majlisda saylovga tayyorgarlik ko`rish, jumladan, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish masalasi ko`rib chiqildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Viloyatda uchastka saylov komissiyalari tomonidan 1 million 265 mingdan ziyod saylovchi ro`yxatga olingan. Ayrim fuqarolar turli sabablar (xizmat safari, xorijga chiqishi, olis shaharda davolanishda bo`lishi va hokazo)ga ko`ra, saylovda qatnasha olmasligi mumkin. Bu holat ham qonunchiligimizda hisobga olingan. “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, saylov kuni o`z yashash joyida bo`lish imkoniyatiga ega bo`lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Bu tartib saylovga o`n kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganda to`xtatiladi. 

– Muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etishda okrug saylov komissiyasi zimmasiga alohida mas`uliyat yuklangan, – deydi 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi raisi o`rinbosari Q.Tursunov. – Biz saylov vaqtini belgilab, saylovchilardan tashqari, ayni paytda siyosiy partiyalar kuzatuvchilari hamda ommaviy axborot vositalarini bu haqda xabardor qilamiz. Demokratik saylovning oshkoralik prinsipi ham shuni talab etadi. Muddatidan oldin ovoz berish 24 noyabr kuni boshlanib, 2 dekabrda yakunlanadi. Okrug saylov komissiyasi qaroriga ko`ra, fuqarolar ushbu kunlarda soat 9.00 dan soat 18.00 ga qadar uchastka saylov komissiyalariga murojaat qilishlari mumkin. 

Majlisda komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!