Mikroto`lqinli pechdan to`g`ri foydalanayapsizmi?

14:09, 18 noyabr

Xonadonlarda yildan-yilga elektr jihozlar soni ortib bormoqda. Bir tomondan ular ishimizni engillatib, vaqtimizni tejashda yordam beradi. Boshqa tarafdan esa ularning salomatlikka ta`siri yoki to`g`ri foydalanish borasida turli fikrlarga duch kelish mumkin. Keling, ko`p uchraydigan savollarga aniqlik kiritamiz.

Nurlari salomatlik uchun zararlimi?

Mutaxassislar fikriga ko`ra, mikroto`lqinli pechdan to`g`ri foydalanilsa, u inson salomatligi uchun xavf tug`dirmaydi. Unda ovqat isitilayotgan (pishirilayotgan) paytda qarshisida turmaslik lozim. Pechning eshigi mustahkam yopilishiga ahamiyat bering. Uni eshigi ochiq holatda ishga tushirib yubormang. Aynan mana shu hollarda mikroto`lqin nurlari salomatlikka xavf tug`dirishi mumkin. Ishlatishdan avval albatta qo`llanmasi bilan tanishib chiqing.

Hajm muhimmi?

Mikroto`lqinli pechda biror taom pishirishni istasangiz, mahsulotlar (masalan, go`sht yoki kartoshka)ni uncha katta bo`lmagan to`rtburchak shaklda va bir xil hajmda to`g`rang. Shunda ular bir tekisda pishadi. Mikroto`lqinli pechning issiqlik harorati mahsulotga 5 sm. singadi. Agar mahsulot hajmi bundan kattaroq bo`lsa, pishmay qolishi mumkin.

Qanday idish lozim?

Mikroto`lqinli pech uchun mo`ljallangan maxsus idishlardan foydalaning. Bunday idish bo`lmasa, kerakmika yoki shishali idishlarni ishlatib ko`rish mumkin. Ammo avvaliga idish chidamliligini sinang: buning uchun idishga suv solib, uni harorat ko`rsatkichi eng balandiga qo`yilgan  mikroto`lqinli pechga 5 daqiqaga soling. Agar suv sovuqligicha qolib, idish qizib ketsa, demak, bunday idishni mikroto`lqinli pech uchun ishlatib bo`lmaydi. Oltin suvi yugurtirilgan va metall qisqichli idishlarni ham pechda qo`llab bo`lmaydi. Mikroto`lqinli pech uchun dumaloq idishlar ishlatgan ma`qul. Burchakli idishlar cheti issiqlikni ko`proq tortgani bois ovqatning cheti kuyishi mumkin.

Nima pishirish mumkin?

Ba`zi mahsulotlarni mikroto`lqinli pechda pishirib bo`lmaydi. Masalan, unga namligi kam bo`lgan nonni solsangiz, qotib qolishi, sosiskalar esa «portlab» ketishi mumkin. Shu bois sosiskaning bir necha joyini sanchqi bilan teshib, keyin pechga qo`ying. Tovuq, tuxumli va qiymali taomlarni oddiy gaz pechida pishirgan ma`qul. Lekin go`shtli ovqatlarni mikroto`lqinli pechda pishirish istagidan voz kechmagan bo`lsangiz, go`shtni suyaklaridan ajratib, so`ngra pishirgani qo`ying. Aks holda mikroto`lqin nurlari suyakka o`tmagani bois go`sht yaxshi pishmay qolishi mumkin. Shuningdek, mutaxassislar bolalarga mo`ljallangan ovqatni ham mikroto`lqinli pechda isitmaslikni tavsiya etishadi.

Yoqimsiz hidu dog`lar qanday ketkaziladi?

Mikroto`lqinli pechni yoqimsiz hiddan tozalash uchun idishga bir necha bo`lak limon qo`shilgan suv solib, pechda qaynating. So`ng pech ichini yaxshilab artib, tozalang. Ichi to`la qurimaguncha uni ishlatish mumkin emas.

Mikroto`lqinli pechdagi yog`li dog`lardan qutulish uchun esa suvga 1 choy qoshiq ichimlik sodasi qo`shib qaynating. Keyin namlangan latta bilan pech ichini tozalang. Ventilyasiya teshikchalariga suv tushishidan ehtiyot bo`ling. Har gal ovqat isitgandan so`ng pech ichini namlangan latta bilan tozalash unda yoqimsiz hid va yog`li dog`lar hosil bo`lishidan saqlaydi.

Bu kabi qoidalarga amal qilsangiz, mikroto`lqinli pechingiz sizga uzoq yillar davomida xizmat qiladi. Salomatligingizga ham xavf tug`dirmaydi.

Shirin AKBAROVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!