Sog`ligingiz qandayligini bilmoqchimisiz? Oynaga qarang!

14:31, 18 noyabr

Sog`ligimiz borasida biror xavotir uyg`onsa, shifokorga yuguramiz va turli tekshiruvlardan o`tamiz. Yoki aksincha, shifoxonani o`n ko`cha naridan aylanib o`tishga harakat qilamiz, «o`zi o`tib ketishi»dan umidvor bo`lamiz. Bilasizmi, ilk tashxisni o`zingiz qo`ysangiz ham bo`ladi. Unchaki har doimgidan ko`ra e`tiborliroq bo`lib, organizmingizga quloq tutib ko`ring va ko`zguga qarab, o`z «portret»ingizga diqqat bilan razm soling. Ko`zgudagi yuzingizga boqqaningizda u er-bu erida husnbuzarlar, ajinlar ko`rayapsizmi? Teringiz rangi o`zgarganmi? Bularning barchasi bizni organizmdagi buzilishlardan ogohlantiradi. O`z-o`ziga tashxis qo`yishning bir nechta oddiy usullari organizm holatini baholashda yordam beradi. Masalan…

Soch erta oqarsa…

Sochlarning ancha erta oqarishi kasallik bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Agar yoshingiz 40 dan oshmagan bo`lsa-da, sochlaringizning 50 foizi oqarsa, shifokorlar qandli diabetga tekshiruvdan o`tishni maslahat berishadi.

Qoshlar kamaysa…

Qosh tolalarining to`kilishi, shuningdek, ingichkalashishi, sochlarning ham to`kilishi qalqonsimon bez kasalliklari belgisi bo`lishi mumkin.

Bo`shashgan qovoqlar

Bu yoshga bog`liq tabiiy jarayon deb o`ylaysizmi? Lekin ayrim hollarda bu shunchaki teri qarishi bilan bog`liq bo`lmasligi yoki nasliy xarakter kasb etmasligi mumkin. Agar qovoqlar o`ta osilib qolsa, ko`rish qobiliyatiga ham salbiy ta`sir qiladi.

Zich, qora dog`lar

Odatda, ular tabiatiga ko`ra beziyon bo`ladi. Nasldan-naslga o`tishi ham mumkin. Biroq shunday dog`lar yaqinda, uzoq vaqt oftobda yurganingizdan keyin paydo bo`lgan bo`lsa, bu teri saratonining ilk alomatlaridan biri bo`lishi mumkin. Albatta shifokorga murojaat qiling.

Yuzda, ko`z usti va ostida shishlar paydo bo`lsa…

Agar ular ko`proq ertalab sezilsa, ko`pincha buyrak xastaliklariga ishora. Tovon va boldirda kechga yaqin shish kuzatilsa, bu yurak faoliyati bilan bog`liq muammolarni bildiradi. Ko`z ostidagi shish peshob tizimidagi turli muammolar nishonasi bo`lishi mumkin. Ularning joylashuviga qarab qaysi a`zo ko`proq aziyat chekayotganini muhokama qilish mumkin. Lekin bu nozik jihatlarni faqatgina mutaxassis aniqlay oladi.

Ko`z oqining sarg`ayishi

Ko`pincha bu charchaganingiz yoki kecha ko`p suyuqlik ichganingizni anglatadi. Yoki bu shunchaki sizning tabiiy o`ziga xosligingiz bo`lishi ham mumkin. Lekin bu jigar va o`t pufagi kasalliklari belgisi bo`lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Lab

Lab, qovoq, burun uchining ko`kimtir bo`lib qizarishi — revmatizmga chalingan ayrim bemorlar uchun xarakterli belgi. Lablar, ba`zan til binafsharangga o`xshash tusga kirsa, bu surunkali temir etishmovchiligi bilan bog`liq kamqonlik bilan birga kechishi mumkin. Og`iz burchaklaridagi yoriqlar ko`pincha organizmga V vitamini yoki sink etishmayotganini bildiradi. Agar yaralar ancha vaqtgacha tuzalmasa, ularga infeksiya tushishi mumkin. Shuning uchun ularni albatta davolash zarur.

Terining sarg`ayishi

Bu birinchi navbatda jigar, o`t yo`llari kasalliklaridan nishona. Biroq ko`p sabzi iste`mol qiladiganlarda ham teri sarg`ayishi kuzatilishi mumkin. Bu holda sabzi bilan birga organizmga tushgan A-karotin provitamini vitaminga aylanishga ulgurmaydi va terida yig`ilib boraveradi. Bu foydali sabzavot kamroq iste`mol qilinganda insonning tashqi ko`rinishi vaqt o`tishi bilan normallashadi. Bunday vaziyatda sariqlikning haqiqiy sarg`aymadan farqi — faqat teri sarg`ayadi, ko`z oqi esa sarg`ish tusga kirmaydi.

Husnbuzarlar

Odatda yuzning pastki qismida husnbuzar toshsa, bu endokrin muammolardan nishona. Bu tuxumdonlar, buyrak usti yoki qalqonsimon bezlar faoliyatining buzilishi bo`lishi mumkin. Bunday buzilishlar har doim ham jiddiy kasallikdan darak beravermaydi. Ular u yoki bu a`zodagi biroz zo`riqish borligini bildiradi, xolos. Iyakning uchli qismida husnbuzar toshishi — qalqonsimon bezning zo`riqqani belgisi.

Quloq solinchagidagi ajinlar

Quloqlar solinchagidagi diagonal ajinchalar 70 foiz hollarda yurak bilan bog`liq muammolar alomati bo`lishi mumkin. Bunda to`qimalar elastikligini yo`qotadi, arteriyalarda ham xuddi shunday holat yuzaga keladi. Biroq bunday jarayon organizmning qarishi bilan bog`liq bo`lishi ham mumkin.

Qizil kaftlar

Kaftlar terisining qizarishi jigar faoliyati buzilishining ilk belgilaridan biri bo`lishi mumkin. Imkon qadar tezroq shifokorga ko`rining.

Tirnoqlardagi «ariqcha»

Ehtimol yaqinda biror jiddiy xastalikni boshdan kechirgandirsiz yoki barmog`ingizni jarohatlab olgandirsiz. Ammo agar bunday bo`lmasa-da, «ariqchalar» muntazam paydo bo`laversa, qondagi gemoglobin miqdori va jigarni tekshiritirish lozim.

Nomsiz barmoq uzun bo`lsa…

Agar ko`rsatkich barmog`ingiz nomsiz barmog`ingizdan kalta bo`lsa, bu onangizda sizga homiladorligida testosteron gormoni darajasi yuqori bo`lganini anglatadi. Biroq bu tizza bo`g`imlari yallig`lanishiga moyillikka ham ishora qilishi mumkin. Tizza bo`g`imlarini himoyalovchi oyoq mushaklari tonusini tutib turish uchun muntazam ravishda mashqlar bajarib turing.

Shishgan bo`yin

Aar sizda o`tkir respirator kasalliklar alomatlari bo`lmasa-da, bo`yindagi shish uzoq vaqt qaytmasa, bu qalqonsimon bez kasalliklari alomati bo`lishi mumkin.

«Tovuq badan»

Doimiy ravishda etingiz uvishib, badaningiz, ayniqsa qo`llaringizda o`z-o`zidan mayda nuqtachalar ko`zga tashlanib, «tovuqbadan» bo`lib ketsangiz, bu odatda organizmingizda keratin haddan ortiqligidan kelib chiqadi va bu hol mutlaqo xavfli emas.

Oftobsiz qorayish

Agar teringiz odatdagidan birmuncha qoraygan bo`lsa, bu — shifokorga ko`rinish uchun asos. Kamdan-kam vaziyatlarda bu buyrak usti bezlari faoliyatida buzilishlar borligi nishonasi bo`lishi mumkin.

Ishtahali qorin

Aytishlaricha, qorin sohasida «ortiqcha qismlar»i bo`lgan insonlar qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklariga chalinishga moyilroq bo`lisharkan.

Sovuq oyoqlar

Oyoq kafti va tovonning sovuq bo`lishi tomirlar bilan bog`liq kasalliklarning ilk alomati hisoblanadi. Agar qo`l va oyoqlaringiz kafti tez-tez juda sovuq holatda bo`lsa, albatta shifokor bilan maslahatlashing.

 

Shuningdek…

  • Katta, biroz oldinga bo`rtib chiqqan ko`zlar qalqonsimon bez kasalligi belgisi bo`lishi mumkin.
  • Yosh bo`lsangiz-da, yuzingizga ajin tushsa, buendokrin buzilishlardan darak beradi.
  • Og`izning xiyol ochilib turishi — adenoidlar, gaymorit mavjudligidan darak berishi mumkin.
  • Og`iz va ko`z burchaklarining pastga tushishi — depressiyaning tashqi namoyishi.
  • Yorilgan, quruq lablar gastrit, oshqozon yarasi yoki V guruh vitaminlar etishmovchiligidan darak beradi.
  • Sinuvchan sochlar modda almashinuvi buzilishi, vitaminlar etishmovchiligan xabar beradi.

Xullas, organizmda salomatlik borasidagi muammolar bo`lsa, u albatta bu haqda sizga xabar beradi. Hamma gap uning «tili»ni tushunishda va albatta salomatlikka BEE`TIBOR BO`LMASLIKDA! Shuning uchun ham nimadir bezovta qila boshlasa, «menga nima bo`layapti?», «o`zi o`tib ketar», «shu ishim bitsin, keyin borarman», «hech nima qilmaydi, falonchi ham shunday-ku, otday yuribdi» kabi bahonalarni qalashtirib tashlamay, albatta mutaxassis-shifokorga murojaat qiling. Bugun — XXI asr, tibbiyot borgan sayin taraqqiy etib borayapti. Siz aytayotgan bahonalar esa bugun o`tmishning gapi. Sahifada keltirganlarimiz esa shunchaki sizni o`z salomatligingiz borasida ogohlikka chorlash edi. O`zingizda sahifada tilgan olingan yoki olinmagan o`zgarishlarni sezsangiz, o`z vaqtida malakali maslahat olish va lozim bo`lsa muolaja qilish uchun shifokorlarga murojaat qiling. Sog`lig`ingizni asrang! Bu o`z qo`lingizda!

Nilufar VAHOBOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!