Yutinganda quloq og`rig`i?!

10:26, 19 noyabr

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi?

Nazira Abdullaeva, Jizzax viloyati

 

Savolga shifokor-pediatr, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza TURDIEVA javob beradi.

— Otit — o`rta quloqning yallig`lanishidir. Farzandingizda otit endigina boshlangan bo`lsa, issiq muolaja orqali uning ahvolini biroz engillashtirish mumkin. Buni quyidagicha bajarasiz: eni 1 sm., uzunligi 10 sm. bo`lgan bintni spirt yoki borat kislotasiga namlab, quloq teshigiga (biroz ichkariroqqa) ehtiyotkorlik bilan tiqib qo`yasiz. So`ng bintni kvadrat shaklida to`rt qavat qilib, o`rtasini ovalsimon shaklda qirqib olasiz (bu teshikdan quloq chanog`ini o`tkazasiz). Tayyorlagan bintingizni spirt bilan namlab quloqqa kiygizib qo`yasiz. Ustidan namlikni shimib olmaydigan qog`oz qo`yib (uning ham o`rtasi teshiladi), uning ustidan paxta qo`yasiz. So`ng chit ro`mol bilan bog`laysiz.

Otitni o`z vaqtida davolatmasangiz, yallig`langan joy yiringlab, bora-bora quloq pardasi teshilishi ham mumkin. Bu esa eshitish qobiliyati pasayishiga olib keladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!