Turmushga chiqish arafasidagi qizlar va ularning onalari uchun yo`riqnoma

11:08, 19 noyabr

Saralanish pallasida yagona va betakror bo`ling!

1. Ko`zga birinchi bo`lib tashlanadigan, ilk taassurot uyg`otadigan, istaymizmi-yo`qmi, bu libos. Aziz onalar, istalgan payt istalgan joyda o`z ortidan sovchi ergashtirib kelishi mumkin bo`lgan bo`y qizingizning kiyinishiga nihoyatda e`tiborli bo`ling. Shim kiymasin, soch bo`yamasin, demaymiz, faqat durkun qizingiz shimning kolgotkadek yopishib turadiganini tanlab, «rangim qoracharoq» deb sochini sap-sariqqa bo`yab olishini nazorat qiling. Chunki har kuni «xip-xop» uslubida kiyinadigan qizingiz bir aylanib kostyum-yubkada uchrashuvga chiqqani bilan surishtiruv va tekshiruv pallasida asl holatiga qaytgan bo`ladi. Amaliyot guvoh, juda ko`pchilik qizlardan aynib ketishlarining sabablaridan biri ham shu. Yo asling kabi ko`rin, yo ko`ringaning kabi bo`l, deyishadi-ku!

2. Boshqa bir yangi maqolni eshitganmisiz:  modaning uchi ham bo`lma, tubi ham bo`lma, o`rtasi bo`l. Uchiga chiqqan modachi bo`lsang, tenging topilmaydi, tubi bo`lsang, beging topilmaydi, o`rtasida yursang, sovchilaring kamaymaydi. Qizlar uchun yana bir gap: ko`pchilik qizlar ozg`in ko`rinay yo sirli tuyulay, deb qora, jigarrang, kulrang kiyimlarga ruju qo`yishadi. Bizningcha, qiz bolaning liboslari yoshiga xos yorqin va gulgun bo`lishi, kishi ko`rganda bahri dili ochiladigan bo`lishi kerak. Toki, yaqin atrofdan o`tib ketayotgan shahzodalar sizni sezmay qolmasinlar, o`g`li yo jiyaniga qiz axtarayotgan xolaposhshalar esa birinchi bo`lib sizga ko`z tashlasinlar.

3. Quloqqa birinchi bo`lib eshitiladigan, ilk hissiyot uyg`otadigan suhbat, bu — salomlashish, tanishuv suhbatidir. Sovchilarga choy olib kirayotganda ham, yigit bilan birinchi marta uchrashilayotganda ham qizlarning aksariyati noto`g`ri salom berib, yo juda faol yoki o`ta sust hol-ahvol so`rashadilar: «Assokum», «Salomaleykim...» kabi. Ba`zi qizlar obdon salomlashib, sovchilar bilan quloch ochib so`rashib ketadi. Ba`zi qizlarning nihoyatda uyalib aytgan salomini burnidan boshqasi eshitmaydi. «Osmondagi bolalar» filmidagi sovchilikka tayyorlanish sahnasi bejiz emas. Onalar, repetisiyaning aybi yo`q, qizingizning ilk nutqi va harakatlari ustida ishlang.

4. Uchrashuvga chiqayotgan qizni so`rab-savolga tutuvchilar, aqliga aql, husniga husn qo`shmoqchi bo`lganlar ko`p bo`ladi. Imidjingizni o`zgartirishni uchrashuvga chiqish kuniga rejalashtirmang. Soch kesish, turmaklash, qosh terish kabilar insonni o`zi kutganidan ham ko`proq o`zgartirishi va noqulay ahvolga solishi mumkin. Eksperimentlar bir kun avval bajarilsa, baland poshnalar, yangi kiyimlar bir kun avval kiyib sinalsa, nimalarni gaplashish, nimalarga qanday javob berish haqida obdon o`ylab olinsa, foydadan holi bo`lmaydi.

5. Kamgap qizlar biroz faolroq bo`lib, to`liqroq javob berishni, sergap qizlar biroz kamtarroq bo`lib, ko`proq sukutni mashq qilganlari durust. Oltin bo`lmasa-da, hech bo`lmasa, kumush mezonni topishga harakat qilmoq kerak.

6. Onalar va qizlar: talablarni o`ta yuqori qo`ymang. Uyingizning serhashamligi, sarpongizning quyuqligi, qizingizning diplomi, oilangiz tinchligi, kattalarning yaxshi joyda ishlashi… bular hammasi sizning yutug`ingiz va baxtingiz. Shuning uchun ham o`z tengingizni kutish va topishga haqlisiz. Biroq «yanada boyroq, obro`liroq bo`lsin, qizimga olib qo`ygan sarpolarim uyiga sig`sin» deb kelgan tengingizni o`zingiz yo`qqa chiqarmang. U tomonning bir minusi sizning plyusingiz bilan, sizning bir kamingiz ularning yutug`i bilan yopilsin. Ammo nafaqat yigit va qizning, balki ikki oilaning ma`lumoti va dunyoqarashi ham bir-biriga mutanosib bo`lishini bosh maqsad qilib oling.

7. «Taqdir bo`lsa, hech narsaga qaramas ekan», degan gaplarda ham jon bor. Ammo «taqdir bo`lmasa, nachora» deb, ikki qo`lni ko`tarib, taslim bo`lishga erta. Ko`pincha qiz tomonga ma`qul tushgan yigit taraf qaytib kelmasa, dilxiralik bo`lib, «qaerda xato qilgan ekanmiz, bizni kim yomonlab qo`ydi ekan?» kabi savollarga javob izlanadi. Agar yigit taraf sizga ma`qul kelayaptimi, onalar va qizlar, buni u tomonga vaqtida bildirishdan tortinmang. Ko`pincha yigit taraf ham ikkilanishlar oldida turgan bo`lib, tayyor yo`ldan, yaxshi qizdan adashgan hollar ko`p uchraydi. Baxtingizni boy bermang!

 

Mashq jarayonida tajriba to`plang!

8. Birinchi uchrashuv ko`ngildagidek o`tib, keyingi sinov uchrashuviga ruxsat olingach, ikki tomon bir-biriga nihoyatda e`tibor qaratsin. Vaqt o`tgandan keyingi pushaymonlar dushmanlik qilmasligi, «bilmagan ekanmiz» demaslik uchun har qancha surishtirsangiz, kerak bo`lsa, maktab, kollej, oliy o`quv yurti, ishxona, mahalla, qo`ni-qo`shnidan fikr olsangiz, hech kim sizni uyat qilmaydi, hech xijolatlik joyi bo`lmaydi. Bir umrlik savdoda ming marta tekshirib olish ham farz, ham qarz.

9. Qizlar to`y xabari boshlangan vaqtda goh asabiy, goh quvnoq, kayfiyatlari o`zgaruvchan bo`lib qoladi. Qizlarjon, bu juda muhim palla. To`yingizga bir oy qoladimi yoki uch oy, shu paytgacha nimalarni o`rganmoqchi, qay rejalarni amalga oshirmoqchi bo`lsangiz, hammasiga ulgurishga harakat qiling. O`qisangiz, baholaringizni yaxshilashga, ballardan jamg`arib olishga harakat qiling. 15 ta yaltiroq ko`ylak tiktirish uchun 15 kunlab bozor kezmaslik uchun har bir ishga reja bilan yondashing.

10. Qizlarjon, «qo`lingiz shirin» deyilishi uchun qozonga ko`p go`sht tashlashingiz shart emas. Har turli taomni tez va kamxarj qilib va eng muhimi, tuz-namagini rostlab pishira olishingiz kerak. Hozirgi kelinlar ham suyuq, ham quyuqni bilishi, yoniga salat tayyorlashi, shirinlik pishirishi, Evropa, uyg`ur taomlarini uddalashi standart vazifalarga aylanmoqda. Tayyorgarlikni oldindan boshlang, o`rganganlaringizni turmushga chiqquningizcha ko`p marta sinovdan o`tkazib turing.

11. Bo`lajak kelinlar bo`lajak kuyovlar bilan uchrashishga alohida tayyorgarlik ko`rib chiqadilar, o`zlarining eng yaxshi jihatlarini ko`rsatishga harakat qiladilar. Qizlarjon, mana shu holatingiz har doim yodingizda saqlanib qolsin! Chunki yigit sizni shu holatda o`ziga yor deb sayladimi, demak, bu ko`rinish, bu navozishu muomala unga ma`qul. Ko`ngliga doimiy yangi yo`llarni topish uchun shu yurish-turishingizni takomillashtirib boring-u, ammo to`xtab, ortga chekinib, «asli o`zi bunaqaman» deb «o`tirib olmang»!

12. Onalarga maslahat: to`ydan oldin bo`lajak qaynona bilan telefonda yoki bir-ikki uchrashib muloqotga kirishganingizda uning fe`li, ba`zi xislatlari ochilib boradi. Qizingizga uning yaxshi jihatlarini ayting-u, agar to`yni to`xtatish istagingiz bo`lmasa, yomonlarini ichingizga yuting. Agar qizingizni shu ayoga topshirishingiz aniq bo`lsa, hozirdan uning yuragiga xavotir o`tini solishning, boshidan yomon ko`rsatishning keragi yo`q.

13. Deylik, bo`lajak quda bilan kelishib ish tutilayotgan chog`da oraga tushunmovchiliklar tushdi. Bunga yigit va qizning munosabatlari aralashtirilmasligi kerak. «Kuyovga ayt, «to`y yuborar»ning qurug`ini jo`natsin, rejamiz o`zgardi», «Yaxshiroq to`yxona topsin», «Challari, kelinsalom qilmaslikka onasini ko`ndirsin» kabilar bilan ikki yoshning eng yaxshi davrini yurak siqdilar-u, ko`ngil zadaliklarga to`ldirmang. Eng yaxshisi, katta o`zgarishlar haqida faqat kattalarning o`zi bilan diplomatik muloqotga kirishishdir.

14. Onalar «qizim uyalib qolmasin», deb, bor-budini sarflab, unga mol-dunyo yig`adilar. Mana shu erda did borasida qudaning istaklariga keskin qarama-qarshi chiqib qolmaslik uchun el-yurtning, yangi kelin-kevatlarning sarpo-surug`i, mebeli, pardasini diqqat bilan o`rganib chiqing. Faqat do`kondor yoki parda tikuvchining fikri ba`zan kamlik qiladi. Hammaga yoqadigan va sizning hamyoningiz ko`taradigan o`rta yo`lni tanlang. Ko`pincha qaynonalar molning qimmat yoki arzonligiga emas, didsizligiga nisbatan e`tiroz bildiradilar.

 «Jang»da hammani maftun eting!

15. Kelin bo`lgan qizlar endi butun boshli ikki oilaning tinchlik va saodatda yashashi uchun hayot qiyinchiliklari bilan kurashga chog`lanadilar. Qizlar sabr libosini egnilariga ilib, tez uchar kavushni oyoqqa ilib, chaqqon harakat qilsalar, kamroq gapirib, ko`proq tinglasalar va kerak paytda shirinso`z bo`lib, oila a`zolarining diliga yoqib olsalar, bu kurashda ular mutloq chempion bo`ladilar! Ha, yaxshi kelin degan nomni olish biror sport turida jahon chempioni bo`lish bilan barobar, desalar hayron bo`lmang. Hayot ringdagidan ko`ra ancha murakkab.

16. Kelinlarning oyog`iga bolta uradigan bir ishi bor: ular duch kelgan odamga oilaning eng nozik sirlarini ham ishonib aytaveradilar. Ayniqsa, qo`shnilar va tengdosh kelinlar, dugonalarga har kunlik axborotnoma tarzida bo`lgan-bo`lmagan gaplarni etkazadilar. Qizlarjon, begonalar sizning muammongizni echib bermaydi, qaytaga o`zi istamagan tarzda gap tarqatib, oilangiz buzilishiga «yordamlashadi». Yaxshi gapni ayting, odamlar tilida sizning baxtingiz kezib yursin.

17. Eringizga qarindosh-urug`larini yomonlamang. Hatto, uning o`zi birinchi bo`lib bu haqda gap boshlasa-da, qo`shilmang. O`zingiz ham siz tomondagilarning hamma sirlarini aytib o`tirmang. Sir aytildimi, demak, jilovingizni tortish mumkin bo`lgan nozik joyingiz ayon bo`lib qoladi. Vaqti kelib, hamma o`zi uchun kerakli gapni bilib oladi. «Bizning uyda bunaqa bo`lardi» deb ichingizda ham, tashqarida ham yangi uyingizni solishtirmang. Yangi uyga mehr qo`yishning yagona sharti — uning bor kamchiliklari va qulayliklari, ichidagi bor jonliqlari va ularning bor kam-ko`plari bilan qabul qilishdir.

18.    Onalar va qizlar diqqatiga: turmushning birinchi yili tanishuv yili, ikkinchi yili o`rganish yili, uchinchi yili ko`nikuv yili, qolgan barcha yillar sinashuv yili... Oila a`zolari har doim bir-birovlarining ko`z oldilarida sinovda. Onalar, qizingiz yangi uy, er va qaynona-qaynota bilan tanishib ulgurmasidan oilasining ichki hayotiga aralashib ketmang. O`rganayotgan chog`ida yaxshi tajribalaringiz bilan o`rtoqlashing, ko`nikishiga to`siq bo`layotgan vaziyatlarni siz ham boshingizdan o`tkazgansiz. Turmush o`rtog`ingiz, yaqinlaringiz, qaynona-qaynotangiz bilan bahamjihat qizingizni kuyovga berdingiz, bu katta baxt. Qizingizga ham shu baxtga etishishiga yordam bering!

Aziza ABDUSOBIT qizi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!