Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyati saylovchilari videokonferensiya tarzida yig`ilish o`tkazdi

11:09, 19 noyabr

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 18 noyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi E.Xolmatov ochdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev o`zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma`ruza qildi. 

Dasturda O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida boshlangan demokratik islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta`minlash, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan asosiy yo`nalishlar belgilab berilgan. Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish, ushbu sohada tajribadan o`tgan bozor mexanizmlari va korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplarini keng joriy etish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta`minlash vazifalariga alohida e`tibor qaratilgan. 

Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi rivoji uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, sanoatni texnologik yangilash va tarkibiy o`zgartirish, erlarning unumdorligini oshirish va qishloq xo`jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, mahalliylashtirish dasturini kengaytirish, investisiyaviy muhitni yanada yaxshilash, aholi hayot darajasini izchil oshirish, barcha davlatlar bilan hamkorlikni va mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash bo`yicha muhim yo`nalishlar o`z ifodasini topgan. 

Mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti Jizzax viloyati misolida ham namoyon bo`lmoqda. Shahar va tumanlarda yangi korxonalar, zamonaviy infratuzilma ob`ektlari barpo etilmoqda. “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi, Jizzax sement zavodi va boshqa sanoat komplekslarida ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 

Joriy yilning o`tgan davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulotning o`sishi 9,1 foizni tashkil qilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 18,3 foizga, qishloq xo`jaligi mahsuloti 6,2 foizga, qurilish ishlari 12,5 foizga oshdi. Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari samarasida 1 ming 90 ta yangi kichik biznes sub`ekti tashkil etilib, ular 9 ming 195 taga etdi. 

Jizzax shahrida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, qishloqlarda barpo etilayotgan zamonaviy uylar va ijtimoiy ob`ektlar viloyat qiyofasini butunlay o`zgartirmoqda. 

Videokonferensiya tarzida o`tkazilgan yig`ilishda viloyatning barcha shahar va tuman markazlaridagi saylovchilar bilan ochiq va samimiy muloqot bo`ldi. 

Uchrashuvda "Jizzax ovozi" gazetasi bosh muharriri A.Inomov, Zomin tumanidagi 60-umumta`lim maktabi o`qituvchisi L.Pak, mehnat faxriysi A.Turdiqulov, Forish tumanidagi "FOR-TEX" xususiy korxonasi rahbari B.To`raeva, Mirzacho`l tumani tibbiyot birlashmasi shifokori M.Umarov va boshqalar mustaqillik yillarida Jizzax viloyati sanoatlashgan hududga aylangani, amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari odamlarning hayot darajasini yuksaltirib, dunyoqarashini o`zgartirayotganini faxr bilan ta`kidladi. Dasturda ilgari surilgan ulug`vor vazifalar mamlakatimiz taraqqiyotida muhim asos bo`lishini qayd etdi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo`ladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!