Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`onning O`zbekistonga tashrifi yakuniga etdi

11:09, 19 noyabr

Avval xabar qilinganidek, 17 noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`on Samarqand shahriga tashrif buyurdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`on 18 noyabr kuni Hazrati Hizr majmuiga tashrif buyurib, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti qabrini ziyorat qildi va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur`on tilovat qilindi. 

Shundan so`ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`on o`rtasida muzokara bo`lib o`tdi. 

Shavkat Mirziyoev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafoti munosabati bilan samimiy hamdardlik yo`llagani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Rejep Erdo`g`on Samarqandga tashrif buyurib, Yurtboshimizning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirgani O`zbekiston xalqiga yuksak ehtirom ifodasidir. 

Ushbu tashrif Turkiyada O`zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd qilindi. 

Ta`kidlash joizki, Turkiya O`zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan. 

O`zbek va turk xalqlari ko`p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, mushtarak qadriyatlar va o`xshash urf-odatlar bilan bir-biriga chambarchas bog`langan. 

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Turkiyaga o`zining muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qarashini, xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o`zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi. 

Rejep Erdo`g`on Turkiya O`zbekistonni Markaziy Osiyodagi ustuvor sherik deb bilishini, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti izchil davom etishiga ishonchi komil ekanini alohida ta`kidladi. 

Ikki mamlakatning bugungi munosabatlari O`zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi, ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi sahifalarini ochish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekani qayd etildi. 

Muzokarada O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi o`zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, tashqi siyosat mahkamalari o`rtasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil qilish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo`llab-quvvatlash to`g`risida fikr almashildi. 

O`zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti faoliyati doirasida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazini ta`sis etish taklifini ilgari surdi. Tomonlar IHTning Turkiyadagi Islom tarixi, san`ati va madaniyati tadqiqotlari markazi bu tashabbusni qo`llab-quvvatlaganidan mamnuniyat izhor qildilar. 

Suhbat chog`ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. 

Turkiya O`zbekistonning an`anaviy va muhim savdo sheriklaridan biridir. 2015 yilda o`zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu boradagi o`sish sur`atlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda. Lekin tomonlar qayd qilganidek, bu raqamlar mamlakatlarimiz salohiyatini aks ettirmaydi. Bu miqdorni yaqin yillar ichida 2-3 marta oshirish uchun etarli imkoniyatlar mavjudligi ta`kidlandi. 

Hozirgi kunda O`zbekistonda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Turkiya sarmoyasi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.

Suhbat chog`ida ushbu tashrif ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikka yangi sur`at baxsh etishiga ishonch bildirildi. 

Tomonlar qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish va chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo`yicha majmualar barpo etishga, to`qimachilik va terini qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo`shma korxonalar yaratishga, xususan, birgalikda paxta tolasi va teri xomashyosini chuqur qayta ishlash orqali tayyor brendli mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishni yo`lga qo`yish, farmasevtika sohasida hamkorlikka oid yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish masalalarini ko`rib chiqdilar.

Turkiyaning etakchi turistik kompaniyalarini jalb etgan holda O`zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos zamonaviy sayyohlik majmualari barpo etish masalalari muhokama qilindi. 

Transport kommunikasiyalariga ham alohida e`tibor qaratildi. “Boku – Axalkalaki – Qars” temir yo`lining ishga tushirilishi ikki mamlakatni bir-biri bilan bog`laydigan to`g`ridan-to`g`ri transport yo`lagini yaratishdek strategik ahamiyatga ega masalani hal etishda, binobarin, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo`lishi qayd etildi. 

Muhokama qilingan masalalardan kelib chiqqan holda, O`zbekiston va Turkiyaning o`z oldiga qo`yayotgan maqsadlariga erishish uchun kelasi yil boshida Toshkent shahrida Hukumatlararo qo`shma komissiyaning navbatdagi majlisini o`tkazishga, uning doirasida O`zbekiston – Turkiya sarmoyaviy forumini tashkil qilishga kelishib olindi. 

Davlatlararo munosabatlarda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o`rin tutadi. Tomonlar bu boradagi sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. 

Shavkat Mirziyoev va Rejep Erdo`g`on ushbu uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko`tarib, o`zaro manfaatli sohalarda hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qilishiga qat`iy ishonch bildirdilar. 

Kunning ikkinchi yarmida oliy martabali mehmon Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualari, Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi, Registon maydonini ko`zdan kechirdi. 

Rejep Erdo`g`on istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov rahnamoligida bu ezgu maskanlar tubdan qayta ta`mirlanib, mutlaqo yangi qiyofa kasb etganini alohida ta`kidladi. O`zbekiston ajdodlarimizning boy ma`naviy merosini tiklash, o`rganish va dunyoga tanitishda yuksak natijalarga erishayotganini qayd etdi. 

Shu bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`onning mamlakatimizga tashrifi yakuniga etdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!