Sarvar Otamuratov Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

11:10, 19 noyabr

O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov 18 noyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan uchrashuvni xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashidagi O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi rahbari A.Saydullaev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Sh.Nasimov yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov o`zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Toshkent viloyati mamlakatimizning sanoati jadal taraqqiy etayotgan hududlaridan. "O`zbekiston metallurgiya kombinati", "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati", "Ohangaronsement", "Ohangaronshifer", "Maksam-Chirchiq" kabi aksiyadorlik jamiyatlari, Yangi Angren, Toshkent issiqlik elektr stansiyalari va boshqa yirik sanoat korxonalari mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida muhim o`rin tutadi. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining 15 foizdan ortig`i, eksportning 14 foizi ushbu viloyat hissasiga to`g`ri kelmoqda. 

Dasturda tarixiy, madaniy, boy ma`naviy-axloqiy qadriyatlar va an`analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash hamda ma`naviy yuksalishga erishish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Nomzod “Xalqning ma`naviy-ruhiy tiklanishi – iqtisodiy islohotlarning negizidir” tamoyili asosida Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi oshishida iqtisodiyot hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb hisoblaydi. 

Ishlab chiqarishga yo`naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish, import o`rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo`llab-quvvatlash orqali milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlardan muhofaza qilish, zamonaviy bilim va malakaga ega muhandis-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilar tayyorlashni tubdan yaxshilash kabi vazifalar ilgari surilgan. 

Milliy manfaatlarni himoyalash va ilgari surish, barqaror milliy rivojlanishni ta`minlash, yuksak ma`naviy-intellektual taraqqiyotga erishish uchun mamlakatni modernizasiya qilish, xususan, milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilgan. 

Uchrashuvda “Hunarmand” uyushmasi Olmaliq shahar bo`limi raisi M.O`lmasova, mehnat faxriysi N.Jo`raboev, O`zbekiston Qizil yarim oy jamiyati viloyat bo`limi rahbari N.Qoraboeva, O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Chinoz tumani kengashi raisi Sh.Nizomiddinov nomzodning dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirdi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!