O`zbekistonda MDH missiyasi kuzatuvchilari o`z faoliyatini boshladi

12:00, 19 noyabr

Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi (MDH) missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchilari O`zbekistonga keldi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan MDH kuzatuvchilari missiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini kuzatishda ishtirok etadi.

Markaziy saylov komissiyasida MDH Ijroiya qo`mitasi bo`lim boshlig`i Evgeniy Sloboda boshchiligidagi kuzatuvchilar missiyasi a`zolari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov mehmonlarni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasining borishi bilan tanishtirdi. Uchrashuvda alohida ta`kidlanganidek, saylov kampaniyasi O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, saylov to`g`risidagi qonunlar va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga to`la muvofiq holda, ochiqlik va oshkoralik sharoitida o`tmoqda.

MDH missiyasining uzoq muddatli kuzatuvchilari O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni bilan ham tanishtirildi. Nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi.

Uchrashuvda MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida Missiya shtabi faoliyat ko`rsatishi va kuzatuvni tashkil etish bilan bog`liq zarur tadbirlarni o`tkazishi ta`kidlandi. Saylov jarayoni qanday borayotgani to`g`risida materiallar to`plash va ularni tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o`tkazish, tele-va radiokanallardagi axborot dasturlari va ko`rsatuvlarni, shuningdek, bosma ommaviy axborot vositalarini monitoring qilish, nomzodlarning saylovoldi shtablarida uchrashuvlar o`tkazish Missiya shtabining asosiy vazifalari hisoblanadi.

Ilgari xabar berilganidek, Markaziy saylov komissiyasi shu paytga qadar Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti missiyalarining 90 dan ziyod kuzatuvchilarini akkreditasiyadan o`tkazdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!