O`zEOAVMA va nodavlat telekanallar axborot xizmatlari tomonidan saylov jarayoni haqida 800 dan ortiq media mahsulot tayyorlandi

12:03, 19 noyabr

Poytaxtimizda “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini mamlakatimizning nodavlat teleradiostudiyalari orqali yoritishda xalqaro standartlarni qo`llash: milliy tajriba va jahon amaliyoti” mavzuida xalqaro davra suhbati bo`lib o`tdi. 

O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA), O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, K.Adenauer nomidagi jamg`armaning Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy hamda YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari,Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar axborot xizmatlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda Bolgariya, Germaniya, Fransiya, Daniya, Latviya, Litvadan ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

Oliy Majlis Senati Tashqi siyosat masalalari qo`mitasi raisi S.Safoev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi raisi A.Saidov, Markaziy saylov komissiyasi raisining o`rinbosari K.Odilov, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi boshqaruvi raisi F.Abduholiqov va boshqalar mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotida tutgan rolini, ularning faoliyati samarasini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga doimiy e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. Ayniqsa, davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari mamlakatimizning axborot makonida mutanosib rivojlanib borishiga alohida e`tibor berilmoqda. Buning tasdig`ini oxirgi yillarda elektron va bosma ommaviy axborot vositalarini qo`llab-quvvatlash uchun davlat byudjeti hisobidan kreditlar, ijtimoiy buyurtma va davlat grantlari shaklida 14 milliard so`mga yaqin mablag` ajratilgani va boshqa misollarda yaqqol ko`rish mumkin. 

2016 yil 4 dekabrda bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish bilan bog`liq barcha jarayonlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda. Bu aholining muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir haqida to`liq ma`lumotga ega bo`lishida muhim rol o`ynamoqda. Bu jarayonga nodavlat elektron OAV ham munosib hissa qo`shayotir. Bunga Prezident saylovi bo`yicha 2016 yilgi saylov kampaniyasini har tomonlama xolis yoritish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi o`rtasida bitim imzolangani keng yo`l ochdi. 

– O`zbekistonda saylovni demokratik tamoyillar asosida o`tkazish bo`yicha boy tajriba to`plangan, – deydi YuNESKO katta maslahatchisi va konsultanti Mogens Shmidt. – Saylov kampaniyasi jarayonining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilayotgani, bu jarayonda siyosiy partiyalar va ulardan Prezidentlikka ko`rsatilgan nomzodlar uchun bir xil va teng imkoniyat yaratib berilayotgani buning yaqqol tasdig`idir. 

O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi nodavlat teleradiostansiyalar tomonidan saylov jarayonlari o`z vaqtida va sifatli yoritilishini, saylov jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligini ta`minlash, saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan maxsus harakat dasturini ishlab chiqdi. Shu asosda xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar o`tkazish, saylovga oid media-kontentni tayyorlashda xorij tajribasini o`rganish, Markaziy saylov komissiyasi vakillari ishtirokida “Mening ovozim” va “Moy golos” tok-shoularini, media mahsulotlarni tayyorlash, nodavlat telestansiyalar efirini ijtimoiy roliklar bilan boyitish, radio axborot markazi ko`magida nodavlat radiostansiyalarni saylovga oid materiallar bilan ta`minlash kabi yo`nalishlarni o`z ichiga olgan qator tadbirlar amalga oshirildi. 

O`zEOAVMA axborot markazi va nodavlat telekanallar axborot xizmatlari tomonidan 12 tadbir, 800 dan ortiq media mahsulot, qariyb 140 teleradiorolik, 12 tok-shou tayyorlandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!