O`zbekistonda Slovakiya kinosi kunlari boshlandi

12:08, 19 noyabr

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida Slovakiya kinosi kunlari boshlandi. 

Slovakiyaning O`zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Slovakiya kinosi kunlarida mamlakatimiz kinotomoshabinlari e`tiboriga Slovakiya kinematografiya san`atining o`ziga xos jihatlarini mujassamlashtirgan filmlar havola qilinadi. 

Hayotiy voqealar asosida suratga olingan "Men sevaman, sen sevasan" filmi ushbu kinoasarlardan biridir. Unda har qanday qiyinchilik va sinovlarga bardosh bera oladigan insonlar hayoti aks ettirilgan. Rejissyor Dushan Xanakning mazkur kartinasida bosh rollarni Roman Klosovski, Iva Yanjurova, Milan Elich ijro etgan. Bu film "322" va "Eski dunyo manzaralari" kartinalarining mantiqiy davomi bo`lib, rejissyor 1989 yili shu filmlari uchun Berlinda o`tkaziladigan "Kumush ayiq" festivalida "Eng yaxshi rejissyor" nominasiyasini qo`lga kiritgan. 

Dasturning ikkinchi kunida rejissyor Peter Solanning "Bokschi va o`lim", uchinchi kunida rejissyor Miloslav Luterning "Dunay orqali yo`l" filmlari namoyish etiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!