Tug`ilgandanoq qariyaga aylangan qiz, 21 yildan keyin hammani hayratga soldi!

12:26, 19 noyabr

Ortidan go`zal qizni eslatuvchi qizning boshqalardan farqi yo`qdek ko`rinadi, ammo u o`giriladigan bo`lsa, odamlar dahshatga tushadi, deb xabar beradi “Marketium.ru” nashri.

Hammasi bundan yigirma bir yil ilgari boshlangandi. Irina Nejenseva yangi tug`ilgan qizi Katyaning yuzidagi ajinlarga e`tibor berdi. Chaqaloqning yuzi kunlar emas, balki soatlar sayin qarib borardi. Vrachlar Katyaning juda kam uchraydigan irsiy nuqson – progeriya kasalligiga chalinganini aniqlashdi va u bor-yo`g`i bir yil umr ko`radi deyishdi. Irinaning turmush o`rtog`i bu xabarni eshitib, ularni tashlab ketdi. Ketish oldidan Irinaga “Men bolaning yuziga qarashga o`zimda kuch topolmayapman”, dedi xolos. 

Ammo Irina yagona farzandi bo`lmish Katyaga uning umri qanchalik qisqa bo`lmasin, baxtli bolalikni hadya etishga qaror qildi.

Vrachlarning bashoratiga qaramay, Katya barcha sog`lom bolalar kabi voyaga etdi. Katta bo`lganda esa tengdoshlarining ta`na-dashnomlarini, haqorat, mazaxlarini eshitishga majbur bo`ldi. U maktabda borganda boshqa bolalardan tubdan farq qilishini, ularga o`xshamasligini sezdi va “Agar meni tashqi qiyofam bilan odamlar ko`nglini zabt etolmasam, unda bilimim, mehr-muhabbatim bilan zabt etishim lozim. Axir insonning qalbi go`zal bo`lishi kerak...”, degan fikrga keldi. 

Katya maktabda a`lo baholarga o`qidi, endi uning namunali xulqi xunukligini ham bildirmasdi. Agar birorta odam uni kamsitmoqchi bo`lsa, ularga qarshi javob berishni o`rgandi. “Men o`z tanamni sevishni o`rgandim. Tasavvur qiling dunyo bo`yicha, bor-yo`g`i 20 nafar odamgina mening kasalligimga chalingan. Demak, men boshqalarga o`xshamayman!”, dedi u. Katyaning optimistligi va quvnoq kayfiyati boshqa odamlarga ta`sir qilmay qolmadi. U o`ziga ishongan qiz bo`lib ulg`aydi va baxtli bo`lishni maqsad qildi.

U bo`lajak turmush o`rtog`i bilan tasodifan telefon orqali, bitta raqamni noto`g`ri terib, Katya bilan tanishib qoldi. Bu tanishuv to`y bilan yakunlandi. Hozirda ularning sog`lom o`g`il farzandi bor.

“Men dunyodagi eng baxtli ayolman! – deydi Katya, – faqatgina o`zimga bo`lgan ishonchgina meni hayotiy sinovlarni engishimda katta yordam berdi. Sabrim evaziga taqdir menga ajoyib turmush o`rtoq va sog`lom o`g`ilni hadya etdi. Bundan ortiq baxt bo`lishi mumkinmi?”

Bu qizning hayot yo`liga nazar tashlab, eng dahshatli tashxis ham insondan baxtli bo`lish huquqini olib qo`yolmasligiga tan berasan, kishi...

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!