Sovuq kunlarda teri uchun «issiq kiyim»

09:19, 21 noyabr

Sovuq havoda teri quyoshli kundan ko`ra ko`proq shikastlanadi. Qish kelishi bilan lablar yoriladi, qo`l terisi quruqlashib, yonoqlar qizarib qoladi. Bularning oldini olish uchun esa bir necha qoidalarga amal qilish darkor…

Muhofazaga muhtoj «qalqon»

Sovuq havo ta`sirida teri quruqlashib, yorila boshlaydi. Bu vitamin etishmasligi va etarlicha namlik bo`lmagani bois yuzaga keladi. Qish kunlarida issiq xonada o`tirish teri uchun zararli. Xona havosi quruqlashadi va teriga ham ta`sir ko`rsatadi. «Sovuqqa chiqib o`tiring, yosharasiz», deyishdan yiroqmiz albatta. Ammo isituvchi batareyalar yoniga bir idishda suv qo`ying yoki dokani namlab unga ilib qo`ying. Xonani tez-tez shamollatib turing. Bu ham teri, ham salomatligingiz uchun foydali.

Yuz terisi himoyasi qoidalari

  • Sovuq havo tez fursatda yuzda o`z izlarini chiza boshlaydi. Bu paytda tarkibida spirt bo`lgan turli loson va tozalovchi vositalarni chetga olib qo`ying. Chunki ular terini battar quruqlashtirib yuboradi.
  • Qishda teriga yog` etishmasligi muammosi ham yuzaga keladi. Shuning uchun retinol va S vitamini bo`lgan vositalardan foydalaning.
  • Terini har kuni parvarishlang. Unda quruqlashish, tortishish sezsangiz, yuzingizga asal surting, ko`k choy bilan yuving.
  • Shuningdek, ikki osh qoshiq zig`ir urug`iga ikki stakan sovuq suv soling va bo`tqasimon holga kelgunga qadar qaynating. So`ng suvini suzib olib, sovuting va yuzingizga surting. 20 daqiqadan keyin iliq suv bilan yuvib, krem surting.
  • Yuvinish vositalari tarkibiga ahamiyatli bo`ling. Ularning sut yoki smetana asosida tayyorlanganlarini tanlang. Haftada ikki marta asal yoki zaytun yog`idan niqoblar qilishga erinmang.
  • Na`matak damlamasi, yong`oq, tvorog, tuxum kabi mahsulotlarni iste`mol qiling.

Lab uchun…

Qishda lab uchun mo`ljallangan balzam vositalardan foydalanishni kanda qilmang. Ko`chaga chiqqanda labingizni yalamang va namlantiruvchi lab bo`yog`idan foydalanmang. Lab bo`yog`ining tarkibida A va E vitamini bo`lganini ishlating yoki 1-2 kun davomida sariyog`ni yupqa qilib labingizga surtib yuring.

Qo`l terisi…

Kun davomida qo`lingizni yuvgach, albatta krem surting. Kremga bir-ikki tomchi A va E vitamini (dorixonalarda sotiladi) qo`shsangiz ham bo`ladi. Bunday kremlar teridagi yoriqlarni tezroq tuzatadi va parvarishlaydi, undagi shamollashni oladi. Darvoqe, qo`lqop kiyib yurishni ham unutmang.

Yodingizda bo`lsin!

To`yib uxlamaslik — go`zallikning dushmani. Shuning uchun tiniqib uxlashni odat qiling. Shunda to`qimalarning kislorod bilan ta`minlanishi yaxshilanadi va modda almashinuvi tezlashib, teri yangilanadi. Ertalab uyqudan turganingizda yuzingizni engil uqalang.

Issiq suv xush yoqsa-da…

Havo soviganda issiq suv badanga xush yoqadi. Ammo aynan issiq suv qishda terining yorilishiga olib keladi. Shuning uchun qanchalik istasangiz-da, issiq emas, iliq suvda cho`miling. Cho`milib chiqqach, terini badanni quruq qilib emas, engil shappatilab «arting». Shundan so`ng unga krem yoki zaytun, zig`ir yog`i surtish lozim. Qish mavsumida iloji boricha yuvinish vositalaridan kamroq foydalaning.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!