Shohruhxon va Asalning sevgi tarixi yoxud mashhur qaynona-kelin bilan dildan suhbat

10:40, 21 noyabr

Ko`p sonli muxlislarga ega xonanda  Shohruhxon va o`zbek kinosining taniqli aktrisalardan biri Asal Shodieva oila qurishgani ularning muxlislari va hamkasblari uchun haqiqiy syurpriz bo`lgandi.  Shundan buyon ikki san`atkor ham intervyu berishdan bosh tortib kelishayotgandi. Lekin biz bugun ijodkorlarning oilasi bilan yaqindan tanishish, sevgi tarxini bilishga muvaffaq bo`ldik. Kelinposhsha uchrashuvga oilaning yana bir ijodkori, ko`plab filmlar rejissyori, qaynonasi Zebo Navro`zova bilan tashrif buyurdi. 

—  Sizlarni ko`rib turganimizdan xursandmiz. Xush kelibsizlar!

Zebo Navro`zova: — Xushvaqt bo`ling. Taklif uchun rahmat. 

— Zebo opa, niyatingiz amalga oshib, erkatoy o`g`lingiz ham vanihoyat oila qurdi... 

—Haqiqatdan unga to`g`ri ta`rif berdingiz.  Shohrux o`g`illarim ichida eng injiq va erkasi. Bir necha yillar davomida oilaviy yig`inlarimizning asosiy mavzusiga aylangan, uni uylantirish oruzimiz ham amalga oshdi. Ammo buni uzoq kutgan bo`lsak-da, “kelin qidirib qovushim edirilmagan”. O`g`lim “Ona, o`zim topaman” derdi. Men esa  unga yuz foiz ishonganman. 

— Asal, to`yni shu qadar sir tutdinglarki, juda oz fursat qolgandagina xabar topdik... 

— Chunki, bu bizning o`rtamizdagi tuyg`ular, orzular va niyat edi. Shuning uchun ham uni begonalardan asrab- avayladik. O`sha kun kelganda esa baxtli kunimizni ko`pchilik bilan baham ko`rdik. Menimcha hammasi ko`ngildagidek o`tdi. 

— Bir-biringizga uzukka ko`z qo`ygandek mossizlar. Sevgi tarixingizni ham eshitishni istardik. To`ygacha bu haqda gapirishni istamadingiz balki endi gapirib berarsiz?

— O`zingizga yaxshi ma`lumki, biz hamkasbmiz, ijodkormiz. Turli tadbirlarda ko`rishib turardik. Shundan boshlangan... 

—  Shohrux turmushga chiqish taklifini qay tarzda bildirgan? 

— Hamkasb, do`st bo`lib yurdik. Ishonasizmi, oila qurish taklifini o`zbekona urf-odatlarimizga ko`ra sovchilar kelgandagina bilganman. 

— U aynan siz kutgan inson ekanini qanday sezgansiz?

— Shohrux aka, men uchun ideal darajadagi inson. Ochig`ini aytsam, u insonni to`liq anglab etmaganman. O`ziga yarasha sirli fe`l-atvorga ega. Har qanday vaziyatda suyanishim, ishonishim mumkin. Ba`zida menga noto`g`ridek tuyilgan qarorlari ham oxir-oqibat eng to`g`ri yo`l ekanligini guvohi bo`lganman. Shuning uchun ham har bir qaroriga hurmat bilan munosabat bildiraman. 

— Sizlarni ko`rganlar “ikkalasi ham og`ir-bosiq, qanday til topishishdi ekan” deb o`ylashadi...

— Biz ikkimiz yolg`iz qolganda, umuman boshqa odamga aylanamiz. Gapdan tinmaymiz. Kulguli voqealarni gapirib, kulishib, xullas, sira zerikmaymiz. 

Z. N.: — Bilasizmi, bir-biriga ko`ngil qo`ygan insonlar tuyg`ularini sinovdan o`tkazish, haqiqatdan ham bir-biri uchun yaralganligini bilish uchun vaqt talab qilinadi. Bularga ham vaqt kerak bo`ldi va bu albatta yaxshilikka bo`ldi. Asal yuqorida birinchi galda do`st bo`ldik, deb bekorga aytmadi. Nafaqat ular, balki biz onalar ham bu vaqt ichida oilaviy do`stlashib oldik. 

Bir-birini yaqindan tanib, bilishi uchun ancha vaqt talab etilganini tabiiy hol deb bilaman. Chunki ikkisi ham ijodkor, o`ziga yarasha injiqliklari bor. Ana shu narsalarga ko`nikib, keyin bir oila bo`lishdi. O`zimni baxtli insonlar qatoriga bemalol qo`sha olaman. Chunki ikki o`g`lim ham menga kelin emas, qiz olib kelishdi. Shuning uchun ham bugun ko`proq ish bilan bandman. 

Asal: — Zebo opa, bizni to`yimizni kutib turgan edilar, nazarimda. To`y o`tdi-yu, shu zahoti ishga berilib ketdilar. Hozir faqat tasvirga olish ishlari, yangi film va seriallar bilan bandlar. 

Z.N.: — Uydan ko`ngli to`q insongina bemalol ishlaydi. Doim ho`mrayib, kayfiyatsiz yuradigan o`g`lim ham, kulib, hazil-huzul qilib yuradigan bo`lgan. Sizlardan xotirjamman... 

— Qaynonaningizga Zebo opa, deb murojaat qilganingiz e`tiborimni tortdi. 

A. Sh.: — O`zlaridan ruxsat so`raganman. Shu kungacha Zebo opa deb chaqirganim uchun to`ydan keyin oyijon deyishga sira o`rganolmadim. 

Z. N.: — Bundan tashqari, mening o`zim ham qarshilik qilmadim. Sababi, insonni qanday atash muhim emas, o`ziga yoqqandek murojaat etaversin. Hurmat bu bilan o`lchanmaydi-ku, to`g`rimi?

— Zebo opa, kasbingizdan kelib chiqqan holda bir savol bersam, ya`ni  rejissyorlar inson psixologiyasini juda yaxshi tushunadi. Ular suhbatlashib ham qalbni ko`ra oladi, deyishadi. Asalni ilk ko`rganingizda, u haqiqatdan ham o`g`lingizga mos ekanligini his etganmisiz?

— Bu voqeaning tarixi uzun... Bir boshidan gapirib bera qolay. Yodingizda bo`lsa, Shohruxxon kliplarining birga Asalni taklif etgan edi. O`sha hamkorlikdan so`ng turli gap-so`zlar “bolalay” boshlagandi. O`sha paytlarda biz kinoijodkorlar Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan yozgi oromgohda yig`ilgandik. Shunda birinchi marta Asal bilan yaqindan tanishganman. Ilgari munosabatimiz salom-alikdan nariga o`tmagan. Xullas, o`sha tadbirda, hamma o`zi bilan ovora, men esa  kelganlar orasidan kelin izlashni boshlaganman. Shu payti Asalga ko`zim tushdi. Xudo o`zi ko`nglimga solganmi bilmayman, nima qilmay shu qizga qarayverganman-da. Keyin o`zimcha, oydakgina qiz ekan, odamlar bekorga gapirmas ekan, Asalni kelin qilib qo`ya qolsam bo`larkan, deb o`ylab qo`yganman. Eng qizig`i, o`sha tadbirda qaynonalardek uning nima ish bilan bandligi, nimalarga qiziqqanini poylaganman. Kechki payt hamma guruh-guruh bo`lib yig`ilib, kuy-qo`shiq aytish bilan band bo`lsa, u xonasiga kirib kitob o`qirdi. Bir zum bo`sh vaqtini behuda sarflamasligi e`tiborimni tortdi. Ana o`shandan keyin unga bo`lgan mehrim yana ham oshgan. Ertasiga o`g`limga qo`ng`iroq qilib, “Men senga zo`r qiz topdim” deganman. U esa “Oyi, o`sha erda ham tinch yurmang. Atrofingizda faqat artistlar-ku, kim ekan siz topgan qiz”  deb so`radi. Men esa “Ha, shu artistlarning ichidan topdim-da. Asal Shodieva” dedim. U to`satdan “Voy” dedi. O`sha bir so`zning ohangidanoq o`g`lim allaqachon Asalga ko`ngil qo`yganini sezgandim. Men bu erda jon kuydirib kelin izlasam-u, u hamma ishni pishitib qo`ygan ekan. Shunday qilib, bir vaqtning o`zida ikkimiz ham bir nomzodni ko`z ostimizga olib qo`yganmiz (kuladi). Shunday qilib, bir kuni qo`ng`iroq qilib, “Oyi, tayyorlanib turing, mehmonga borasiz” deya sovchilikka yubordi. Eng qizig`i esa, mening o`zim ham to`yga o`n kun qolganda belgilangan sanani eshitganman. Konsertga tayyorlanish jarayonida hammamiz elib-yugurib yuribmiz. Konsert ham keldi. Parda ochilishiga 15 daqiqa qolganda “Ona 5 iyun to`y! Tayyorlanavering” desa bo`ladimi? Endi mening ahvolimni tasavvur qilavering. Sarpo-suruq, degandek to`yning o`ziga yarasha tashvishlari, yugur-yugurlari bor. Qanday ulguraman deb rosa vahima  bosgan. Ammo hammasi juda chiroyli o`tdi. Ming shukr. 

— Farzandlaringizni kelin-kuyovlik libosida ko`rganingizda xayolingizdan nimalar o`tdi?

— Avvaliga qanday bo`larkin, juda shoshilib, apil-tapil to`y qildik, deb cho`chigandim. Ammo hammasi ko`ngildagidek o`tdi. Ilohim, bolalarimizning baxti doim butun bo`lsin. 

— Kelin sifatida Asalga qanday baho berasiz?

— Kelin bo`lib tushganidan keying bag`rim to`lib, juda hursand bo`ldim. Asal juda sodda va uyatchan. Ba`zida “bu qanday rol o`ynagan ekan. Aktrisaga ham o`xshamaydi” deb o`ylab qolaman. Ro`zg`orda kamchiliklar, past-balandliklar bo`lishi tabiiy. Ularni hozir ham, kelajakda ham birgalikda engib o`tishimizga ishonaman. Ochig`ini aytishim kerak, kasbimdan kelib chiqib oilada ham juda talabchanman. Vaqt o`tishi bilan sekin-sekin bir-birimizga moslashib fe`limizni o`rganib boryapmiz. 

— Kasbingiz haqida gap boshlaganingiz sabab bir savol tug`ildi. Filmlaringizga Asalni taklif qilishga ulgurdingizmi?

— Albatta! Hozirda “Baxtli bo`lamiz” serialining uchinchi fasli suratga olinyapti. Ana shu serialga o`g`lim bilan kelinim uchun ssenariyga maxsus o`zgartirish kiritildi. Ular dialoglarga ham tayyorlanishayotgan edi, biroq tasvirga olish ishlari yaqinlashgandan keyin Shohrux rol o`ynash fikridan qaytib qoldi. Ayrim syujetlar unga yoqmagan emish. Ayni kunlarda ssenariyga o`zgartirish kiritib yana unga berdim. Roziligini ololsak, albatta ikkisi bilan ham birgalikda ishlaymiz. 

— Asal, kelinlikdan keyingi ilk ijodiy ishingiz qaynonangizning filmi bilan boshlanar ekan-da? 

— Ha, albatta. Men bundan juda xursandman. 

— Turmush o`rtog`ingiz ijodingizga qanday fikr bildiradi? Biror bir shartlar bo`ldimi?

— Bilasizmi, to`ydan keyin ijod qilishimga rozi bo`lmadilar. Oila qurgandan keyin kelin uy ishlari, oila bilan band bo`lishi kerak dedilar. Biroq Zebo opa mening yonimni olib, ishlashimga ruxsat olib beryaptilar. Shohrux aka hali aniq qaror aytmadilaru, biroq, oyijonimiz ko`maklarida fotosessiya, kichikroq  loyihalarda ishtirok etib kelyapmiz. (Zebo opaga yuzlanib) Buning uchun sizga rahmat. 

Z. N.: — Biroq Asalni rolga taklif qilgan har bir rejissyor birinchi o`rinda men va Shohruxning oldidan o`tadi. Ssenariylarni ham birinchi biz o`qiymiz. Bu Asalga ishonmaymiz degani emas. Kelinim ham rollarni chertib- chertib tanlashiga ishonaman. 

— Yangi xonadonga ko`nikib ketish qiyin bo`lmadimi, Asal?

— Yo`q. O`zim tanigan, bilgan oilaga kelin bo`lib tushdim. Qaynukalarim bilan ham ilgaridan tanishmiz. To`g`ri ba`zida biroz xatoliklarga yo`l qo`yapman. Ammo oila a`zolarim ko`magida ularni bartaraf etishga, qaytarmaslikka harakat qilyapman. 

— Zebo opa, injiq qaynonaman dedilar. Aytingchi, rostdan qattiqqo`lmilar?

(Zebo opa gapga qo`shilib) — Juda ham! Buni tan olishim kerak. 

— To`g`ri. Hamma ish ideal darajada bo`lishini talab qiladilar. Ularni bajarishga harakat qilyapman. Ammo mukammal darajada amallashim uchun hali ko`p narsalarni o`rganimishim kerakligini ham bilaman. 

Z. N.: — Bu borada o`zim senga yordam beraman, Asal. Chunki, yangi xonadonga borgan qiz, u erning sharoitiga, ichki qonun-qoidalariga o`rganib ketishi uchun vaqt kerak. Moslashib olishi uchun esa uni qo`llab-quvvatlovchi insonlar yonida bo`lishi shart...

Mashhur qaynona-kelin bilan  suhbatlashib, ochig`i havasimiz keldi. Ular baxtiyorliklari, bir-birini tushunishga intilishlari bilan ham havasimizni keltirishdi. Biz ham ularning ko`zlaridagi baxt yolqinlari sira so`nmasligini tilab, suhbatimizga yakun yasadik. 

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Fotomuhbir Islom RO`ZIEV

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!