Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari sovrindorlari Toshkent davlat yuridik universitetida mehmon bo`lishdi

11:36, 21 noyabr

Toshkent davlat yuridik universitetida O`zbekiston Respublikasi davlat bayrog`i qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan “Bayrog`imiz – milliy g`ururimiz va iftixorimiz” mavzusida ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi. Unda universitet pedagog xodimlari va talabalari hamda Rio-de-Janeyroda bo`lib o`tgan yozgi Olimpiya o`yinlarida g`oliblikni qo`lga kiritgan bir qator sportchilar ishtirok etishdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi xabar bermoqda. 

Jumladan boks bo`yicha Olimpiya o`yinlari g`oliblari Fazliddin G`oyibnazarov va Shahobiddin Zoirov, Olimpiya o`yinlarining bronza medali sohibi Murodjon Ahmadaliev, XV Paralimpiya o`yinlarida sportning dzyudo turida bronza medaliga sazovor bo`lgan Sevinch Salaeva va Feruz Saidovlarni shu kuni universitet jamoasi juda iliq qarshi olishdi.

Tadbirni universitet rektori E.Kanyazov ochib, bayroqning tasdiqlanish tarixi, uning huquqiy asoslari haqida to`xtalib, bayroqning naqadar muqaddas timsolligini ta`kidlab o`tdi. Shundan so`ng so`z mehmonlarga berildi. Ular Olimpiya o`yinlari davridagi taassurotlari bilan o`rtoqlashishdi.

Darxaqiqat, davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O`zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o`zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g`urur, faxr va iftixor bag`ishlaydi.

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta`kidlaganidek, ozod O`zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari – Davlat gerbi, Davlat bayrog`i, Davlat madhiyasi azizdir. Ular ma`naviyatning eng muhim timsollaridir. Shu bois, bayrog`imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo`shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g`urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg`usini his etamiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!