Dugonajonlar, keling dardlashaylik...

11:36, 21 noyabr

Ikki ayol yonma-yon o`tirib qolsa bormi, birozdan so`ng xuddi avvaldan tanishdek dardalashib qolishadi. Ana shunaqa biz ayollarni tanishishimiz uchun erkaklardagi kabi rasmiy uchrashuvlar shart emas. Gapimiz bir joydan chiqsa bo`lgani. Buni ustiga, ayollarning muammoyudardimiz ham bir-birimiznikiga o`xshash. Erkaklar o`zlaricha «Hamma ayolni tili bir», deb sal qolsa, bizni g`iybatchilar safiga qo`shib qo`yishmoqchi bo`lishadi. Ammo muammoning echimini suhbatdoshingdan topsang, buning nimasi yomon-a? Erkaklar, ayollarni hasratlashishlari aslo g`iybat emas! Ko`ngil bo`shatish xolos. Lekin, hurmatli ayollar,  dardlashshimiz g`iybatga aylanib qolmasligi  uchun bir necha holatlarni ko`rib  chiqsak, zarar qilmaydi.

 

Faktlarni adashtirmang..

«Kecha bozorda haligi aktrisani ko`rdim... Ekranda boshqacha ko`rinarkan, hayotdan umuman boshqacha-ya...» Agar mazkur jumlani «g`iybat-ku!» deb aytmoqchi bo`lsangiz, to`xtang. Aslida bu g`iybat emas, shunchaki mashhurlar ham biz kabi oddiy odam. «Ularning ham hayotida bizniki kabi muammolar bo`lishi mumkin ekan» qabilida aytilgan fikrdir. To`g`ri, agar bu holatni oldiga qo`shib-chatib, bir nimalarni aytasangiz, g`iybatdan farqi qolmaydi. Shuning uchun  kimdir haqidagi ma`lumotingizga to`qima gaplar qo`shmang.

 

Aniqlik kiriting...

Odatda ayollar suhbati shunaqangi qiziqarli bo`ladiki, «Ular shuncha ma`lumotni qaerdan bilisharkan-a?» deb hayron qolasiz. Shifokor, pedagok hatto, bir qarasangiz, ruhshunos bo`lib bepul maslahat berishadi. Lekin kimgadir maslahat berishdan avval uni o`z tajribangizda sinab ko`rgan bo`lishingiz kerak. Yo`qsa, dugonalaringiz oldida uyalib qolishingiz mumkin.

 

Salomatlik uchun....

Ayollar orasidagi ko`plab muhokamalar salomatlikka borib taqaladi. Ayniqsa, yosh bolasi borlar, homilador ayollar bu mavzuda soatlab suhbatlashishlari mumkin. Agar kimgadir salomatlik borasida yo`l-yo`riq ko`rsatishni lozim topsangiz, aniq tashhis qo`ymang. Chunki sizga to`g`ri kelgani boshqasiga mos tushmasligi ham mumkin. Yaxshisi, dugonangizni tinchlantirib, hamasi yaxshi bo`lishiga ishontiring. Aslo noxush holatlar haqida gapirmang.

 

Yaxshi xabarlarni bo`lishing, yomonlarini esa....

Kimdandir  noxush voqea tafsilotini eshitgan bo`lishingiz mumkin (nima uchundir salbiy gaplar tez tarqaladi). Bu gap kayfiyatga salbiy ta`sir etadigan bo`lsa, yaxshisi, uni boshqalar bilan bo`lishmang. Balkim sizning asablaringiz bunday xabarlarga toqat qila olar. Ammo kimlardir noxush voqealardan shunaqangi ta`sirlanadiki, hatto, uning o`y-xayolidan chiqib ketolmaydi. Yana yaxshi xabarlarni aytish suhbatdoshingizda siz haqingizda yaxshi taassurot hosil qiladi.

 

Juftingiz bilan so`zlashing....

Olimlarning xulosasiga ko`ra, oilada ayol va erkak  o`zaro fikr almashishi,  kimningdir hayotini muhokama qilishi yoki turli vaziyatlarni birgalikda baholashlari munosabatlarini mustahkamlar ekan. Bunda asosiysi, bir-birining gapini tinglay olish va xolis yondashish. Agar juftingiz bilan kimdir haqida gaplashsangiz,  har bir gapigizga diqqat qiling. Fikringiz kimnidir hayotini tanqid qilishdek bo`lmasin. Agar fikringiz g`iybatga aralashib ketsa, eringiz tasavvurida ham bekorchi xotinlardek ko`rinish hosil qilasiz.  

 

Yon daftar uchun...

Tanqid qilmang – kimnidir hayotiga salbiy nigoh bilan qarab, o`zingiznikini ham noxush hayollar bilan to`ldirishingiz mumkin.

Gap tashimang – agar dugonangiz sizga sirini ishonib aytsa, uni kimgadir aytib, fosh qilmang. Bu ish qo`lingizdan kelmasa, dugonangizga bu haqda bildiring va g`iybatni oldini oling.

Tinglashni o`rganing – sizdan yaxsh suhbatdosh chiqishi uchun boshqalarni fikrini ham tinglashn biling. Shunda siz bilan suhbatlashishga oshiqishadi.

Hayolingizni chalg`itmang  – notanish davraga tushib qolsangiz, qaysidir g`iybatchining ta`siriga tushib  qolmang. Bunday ayollar o`zlari uchun yangi «o`lja» topishga usta bo`lishadi.

Xolis bo`ling – har qanday holatga ham faqat xolis baho bering. O`zingizning yoki boshqa birovning hayoti bir-biridan farqlanadi.

Samira ULUG`BEKOVA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!