Sarvar Otamuratov o`zbek kurashini Olimpiya o`yinlari qatoriga kiritish darkor, deb hisoblaydi

15:52, 21 noyabr

2016 yil 21 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Toshkent shahar saylovchilari bilan bo`lgan uchrashuvi fikr-mulohazalarga boy tarzda o`tdi.

Turkiston saroyida o`tkazilgan uchrashuvda shaharning barcha tumanlaridan saylovchilar ishtirok etdi. Uchrashuvda Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Feruza Muhitdinova yig`ilganlarga Sarvar Otamuratovning tarjimai holi va faoliyati haqida atroflicha ma`lumot berdi.

Prezidentlikka nomzod uchrashuvda dastlab istiqlol yillarida poytaxtimiz — Toshkent yirik megapolisga aylanganligi, ulkan bunyodkorlik ishlari tufayli u go`zal qiyofa kasb etayotgani, muhtasham binolar, ravon va keng ko`chalar, ko`priklar, obod mahallalar, jozibali favvoralar, ulkan savdo inshootlari poytaxtimiz chiroyiga yanada chiroy qo`shayotgani haqida so`z yuritdi. So`ng o`z saylovoldi Dasturining asosiy yo`nalishlari haqida ma`ruza qildi.

Xususan, nomzod Dasturda milliy o`zlikni anglash, milliy qadriyatlarni himoya qilish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, milliy axborot makonini shakllantirish, ham ma`nan, ham jismonan barkamol avlodni tarbiyalash hamda tashqi ¬siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va maqsadli ilgari surish kabi dolzarb vazifalar belgilanganini ta`kidladi.

O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratov mamlakatimizda ma`naviy-ma`rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida kelajagimiz egalarini milliy ma`naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalash, davlat tilini yanada takomillashtirish, ma`naviy-ma`rifiy markazlarni tashkil etish va ularning faoliyatini rivojlantirish, oilaviy qadriyatlarni ardoqlash va oilalarni mustahkamlash lozimligiga alohida urg`u berdi.

O`zbekistonda umumjahon ahamiyatiga molik bo`lgan juda ko`plab tarixiy-madaniy va arxitektura yodgorliklari mavjud. Muzeylar, arxivlar va kutubxonalarda qimmatli qo`lyozmalar, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari saqlanmoqda. Bunday ulkan tarixiy merosni asrab-avaylash va hisobga olish bo`yicha muayyan ishlar qilingan bo`lsa-da, o`rganishlar shuni ko`rsatdiki, hali bir qator madaniy meros ob`ektlarimiz hisobga olinmagan, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari to`liq toifalashtirilmagan.

Ana shulardan kelib chiqib, nomzod madaniy meros ob`ektlarini to`liq xatlovdan o`tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish talab etiladi, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob`ekti belgilariga ega bo`lgan eks¬ponatlar, kolleksiyalar va ¬arxiv hujjatlarini to`liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish ¬zarurligini ta`kidladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov Toshkent shahar saylovchilarini Dasturda belgilangan ustuvor vazifalar bilan batafsil tanishtirar ekan, “Barkamol avlod — millat tayanchi” tamoyili ostida yoshlar ongini xalqimizga yot bo`lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta`siridan muhofaza qilish maqsadida ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g`oyasini singdirish, milliy ma`naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirish lozimligini e`tirof etdi. Nomzod bu borada kino, teatr va estrada san`atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an`analari va ilg`or urf-odatlarini ta`sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarni yaratish taklifini berdi.

Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod barkamol avlod tarbiyasi haqida gapirar ekan, yoshlarning ma`naviy kamoloti bilan bir qatorda ularning jismonan etukligiga ham alohida e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi. Yaqinda olimpiadachilarimiz va paralimpiadachilarimiz erishgan olamshumul g`alabalar butun xalqimiz va millatimizning g`ururini osmon barobar ko`tarib, fuqarolarimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor tuyg`ularini uyg`otganini ta`kidladi. Shundan kelib chiqqan holda, nomzod “Farzandlari sog`lom va barkamol yurt qudratli bo`lur” shiori ostida mamlakatimizda keng quloch yoygan va umummilliy vazifaga aylangan bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish, sportning barcha turlari, ayniqsa, Olimpiada o`yinlari dasturidan o`rin olgan hamda milliy turlarini har ¬tomonlama qo`llab-quvvatlash, o`zbek kurashini Olimpiya o`yinlari qatoriga kiritish darkor, deb hisoblaydi.

Sarvar Otamuratov Dasturning boshqa sohalariga ham batafsil to`xtaldi. Dasturda belgilangan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

Uchrashuvda ta`kidlanganidek, Dasturda qayd etilgan ustuvor yo`nalishlarni amalda ro`yobga chiqarish mamlakatimiz milliy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ¬Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash, iqtisodiyotning barqaror o`sish sur`atlarini ta`minlash, xalqimiz farovonligi va mamlakatimizning bundan buyon ham gullab-yashnashiga xizmat qiladi.

Nomzodning Dasturini qo`llab-quvvatlab Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi N.Habibullaev, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi akademik lisey direktori N.Umarova, Toshkent Arxitektura qurilish instituti o`qituvchisi O`.Shakarov, O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi M.Ashurova  va boshqalar so`zga chiqdilar.

Uchrashuv so`ngida Sarvar Otamuratov ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!