Narimon Umarovning Qoraqalpog`istondagi ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan takliflari saylovchilar tomonidan qo`llab-quvvatlandi

16:06, 21 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 21 noyabr kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi.

Shumanay tuman hokimiyati majlislar zalida onlayn konferensiya muloqot tarzida bo`lib o`tgan uchrashuvda shahar va tumanlardan jamoatchilik vakillari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, yoshlar va xotin-qizlar, partiya a`zolaridan iborat jami 3200 nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi.

Tadbirni O`zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog`iston Respublikasi Kengashi raisi E.Kunnazarov olib bordi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakili O`zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog`iston Respublikasi Kengashi raisi o`rinbosari R.Otarbaev uchrashuv ishtirokchilarini N.Umarovning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzod dastavval Qoraqalpoq xalqining birdamlik bilan qilgan mehnatlari samarasi o`laroq, bugun Qoraqalpog`iston iqtisodiyotning turli sohalarida o`z o`rniga ega mintaqalardan biriga aylanganini e`tirof etdi. Ushbu hududda barpo etilgan Qo`ng`irot soda zavodi hamda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi nafaqat mintaqamiz, balki dunyodagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri sifatida mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishida muhim ahamiyat kasb etayotgani, eng asosiysi, mana shunday bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlarini qoraqalpog`istonliklar o`z qo`llari bilan yaratayotganligi haqidagi fikrlarni uchrashuv ishtirokchilari iliq qabul qilishdi.

N.Umarov uchrashuv ishtirokchilarini o`z Saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish, innovasion iqtisodiyotga o`tish, kuchli ijtimoiy siyosat olib borish, xususan, aholini sifatli tibbiy xizmat, ta`lim va uy-joy bilan ta`minlash darajasini yanada kengaytirish, tinchliksevar tashqi siyosatni davom ettirishga doir takliflarini bayon qildi.

Ayniqsa, Narimon Umarov o`zining qariyb 40 yillik mehnat faoliyati hamda ilmiy izlanishlari taqozosi bilan Orol dengizining qurishi oqibatida hududda yuzaga kelgan ekologik halokatni bartaraf etishga qaratilgan loyiha va dasturlarda bevosita ishtirok etgan, mintaqaning murakkab iqlimini, odamlarning yashash sharoitini yaxshi biladigan mutaxassis sifatida ekologiya masalalariga alohida e`tibor qaratishini ma`lum qildi. Uning hududdagi ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan loyiha va dasturlarni izchil davom ettirish zarurligi xususidagi takliflari saylovchilar tomonidan qo`llab-quvvatlandi.

Shu bilan birga, Prezidentlikka nomzod ekologik jihatdan toza texnologiyalar asosida jadal rivojlanishni ta`minlashga yo`naltirilgan mutanosib iqtisodiy siyosat olib borishni qo`llab-quvvatlash hamda sanoat korxonalari chiqindilarini qayta ishlash orqali atrof-muhit musaffoligini ta`minlashga dolzarb vazifa sifatida yondashishini qayd etdi.

Bundan tashqari, nomzod ekologik muammolarni hal etishda, uning iqtisodiy jihatlariga e`tibor qaratish muhim ekaniga to`xtalib, barcha ekologik muammolarni va u bilan bog`liq fuqarolar salomatligini himoya qilish masalalarini faqat Davlat byudjetiga yuklash to`g`ri bo`lmasligini, shu bois, atrof-muhitni ifloslantiruvchi jarimaga tortilishi va ko`p miqdorda mablag` to`lashi lozim degan tamoyilni joriy qilish tarafdori ekanini ta`kidladi.

Narimon Umarov ekologiya masalalari ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biri bo`lib, bu sohani kompleks rivojlantirish bo`yicha alohida dastur ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etishni rejalashtirganini ma`lum qildi. Dasturda, xususan, tabiatning sanoat korxonalari tomonidan ifloslanishini kamaytirish, chang va zaharli moddalarni ko`p yutuvchi o`simlik va daraxtlar soni va turini ko`paytirish, shaharlar va sanoat korxonalari atrofida yashil maydonlar barpo etish, saksovul va butazorlarni kengaytirish orqali atrof-muhit musaffoligini ta`minlashga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilanishini ta`kidladi.

Uchrashuvda Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta`limi vazirligiga qarashli 10-sonli ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati direktori N.Qaypbergenov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi deputati N.Mirzamurotov, Nukus davlat pedagogika instituti Boshlang`ich ta`lim fakulteti dekani U.Seytjanova, Shumanoy tumani “Aq-jap” ovul fuqarolar yig`ini raisi Q.Ubaydullaev va boshqalar Prezidentlikka nomzodning dasturini qo`llab-quvvatlab so`zga chiqdilar.

Uchrashuvda so`z olganlar nomzodning Saylovoldi dasturi yuzasidan o`z mulohaza hamda takliflarini bildirib o`tdilar. O`z navbatida, Narimon Umarov uchrashuv ishtirokchilarining ko`plab savollariga javob berdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!