"Yulduzcha" bolalar televizion tanlovi hakamlariga e`tirozlar bildirilmoqda

16:26, 21 noyabr

O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Navo” va “Bolajon” telekanallarida efirga uzatilayotgan “Yulduzcha”  bolalar vokal televizion tanlovida hakam sifatida ishtirok etayotgan san`atkorlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali e`tirozlar bildirilmoqda. Bundan biroz avval internet foydalanuvchilaridan biri hakamlarning xatti-harakatilari va bolalarga qo`pol munosabatda bo`layotganini aytib, norozilik bildirgan edi.  “Yulduzcha” teletanlovining navbatdagi soni efirga uzatilganidan so`ng blogerlardan biri Facebook`dagi sahifasiga o`z e`tirozlarini yozib qoldirdi:  

—"Yulduzcha" bolalar televizion tanlovida hakamlik qilayotganlarning vazifasi iqtidorli bolalarni saralash, rag`batlantirishmi yoki "ma`nan jallodlik" qilishmi?! Bu xalq artistlarining bolalarga qilayotgan sovuqdan sovuq, betakalluf, gohida ochiqdan-ochiq adolatsizlik qilishi ko`pchilikda norozilik uyg`otib bo`ldi. Yosh bolalarga o`ziga yarasha, ularni yig`latmaydigan tarzda shirin muomala qilishni bilmaydigan; yuziga o`ta jiddiy, hatto qahrli tus berib o`tiradigan; keskin-keskin ohangda, gohida o`ta mujmal fikr bildiradigan; yosh bolalardan professionallik talab qiladigan bu hakamlarni almashtirishning iloji bo`lmasa, bu shouni to`xtatish kerak. Harqalay, ko`pgina iqtidorli bolalarda, ayniqsa mumtoz qo`shiqlarimiz ijrochisi bo`lish orzusidagi bolalarda o`z kelajagiga, iqtidoriga bo`lgan ishonchini o`ldirmaslik, umidsizlikka tushirmaslik uchun ham shunday qilish kerak yoki hakamlarga chiroyli muomala qilishni o`rgatish kerak. (Munojot Yo`lchievaning doimo bir xil tarzda "Bu ijroingiz menga yoqmadi" deyishidagi sovuq ohang katta odamning ham etini junjiktirvoradi).

Bunaqada qo`shiqchi bo`laman degan bolalarning aksariyati tanlovlarda g`olib bo`lish uchun engil-elpi chet el qo`shiqlarni ijro etish kerak ekan degan xulosaga borib qoladi-ku. Chunki bu tanlovda chet tilida qo`shiq aytgan bolalarga e`tibor birinchi planga chiqarvorilyapti. Mumtoz qo`shiqlarimizni aytgan bolalarga "Bu qo`shiq yoshingizga to`g`ri kelmaydi" degan bahona bilan "yo`q" deyayotgan hakamlar sevgi-muhabbat haqida inglizcha qo`shiq aytgan ishtirokchi bolalarga ko`pincha tahsinlar o`qishadi.

Buyam etmagandek, hakamlarning chet tilida qo`shiq aytgan hamma ishtirokchi bolaga rus tilida murojaat qilishlari ham o`xshamagan bir holat. Vaholanki, O`zbekistonda tug`ilib o`sayotgan hamma bola o`zbekchani tushunadi, o`zbekcha gapira oladi va shunday bo`lishi ham shart.

Bunaqa televizion tanlovlar dunyoning juda ko`p mamlakatlarida o`tkaziladi. Ammo ularda bolalar yig`lasa sevinchdan, xursandchilikdan yig`laydi, hatto tanlovdan o`tolmaganlar ham yaxshi kayfiyat bilan qoladi. Negaki, bu tanlovlarda hakamlar zavq bilan, bolalarcha beg`ubor kayfiyat bilan, samimiy hakamlik qilishadi. Kerak bo`lsa, bolalarga qo`shilib raqsga tushishadi, qo`shiqlarga jo`r bo`lishadi, kichkintoy ishtirokchilarni ko`tarib olishadi, ishtirokchilarga ham, tomoshabinlarga ham bayramona kayfiyat baxsh etvorishadi. Tanlovdan o`tolmaganlarga ayricha shirin muomala qilib, ko`nglini ko`tarishadi (do`q urgandek "mening javobim yo`q" deyishmaydi!). Ishonmasangiz, Youtubedan Hindistonda, Turkiyada, Amerikada, Fransiyada, Rossiyada o`tadigan shunday tanlovlarni topib, bir tomosha qiling.

"Yulduzcha" tanlovi uchun hakamlikka bolalar qo`shiqlari bastakorlarini, bolalar shoirlarini, bolalar bilan muomalani eplay oladigan aktyorlarni taklif qilish mumkinmasmi? Bu tanlovga ishtirokchi bolalar (bola bo`lgani uchun ham) nihoyatda katta ahamiyat berishadi, hakamlar bahosini, muomalasini bir umrga eslab qolishadi. Bu muomala ular hayotida hal qiluvchi ta`sir etishi ham mumkin. Hakamlik qilayotgan xalq artistlari xalqning kichkintoy vakillariga mos muomala qilishni eplolmas ekanlar, hech bo`lmasa ochiq yuz bilan, yasama bo`lsa ham jilmayib o`tirishni amallamaydilarmi?! Ularning tusidagi jiddiylik va sovuqlikni ko`rib, katta odam ham esankirab qoladi-yu, bechora bolajonlarimiz tag`inam o`zlarini yo`qotmay, umid bilan tanlovda ishtirok qilyaptilar...

Bu tanlov yaxshi niyatlar bilan yo`lga qo`yilgani aniq edi...

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!