ONA KO`NGLI BOLADA – BOLA KO`NGLI DALADA...MI!?

09:52, 22 noyabr

Bir qo`shnimiz bor, o`rtaholgina  hayot kechiradi. Qo`lidan kelmaydigan ishning o`zi yo`q. Kezi kelganda ustachilik ham qilib ketaveradi.  Xullas, bola-chaqasi bilan halol mehnat orqasidan kun ko`radi. Har bir insonda bo`lgani kabi unda ham orzu-havas osmon qadar ekan. To`g`ri, orzuga ayb yo`q. Lekin inson avvalo hoyu-havasga berilmay hayotga real qarash kerakligi uning misolida yana o`z isbotini topdi.  

Kimningdir gapiga kirib Qozog`istonga ishlashga borishga qaror qildi. Yo`l harajatlari uchun bitta qo`y sotdi. Kamiga Qozog`istonda ish borligini aytgan, qo`shni qishloqda yashovchi kishinikiga kunda qatnaydi. Shu tariqa hafta-o`n kun o`tdi-yu, qo`shnimiz ko`rinmay qoldi. Bolalaridan so`rasam Qozog`istonga ketganini aytdi. 

Saksonni qoralagan kasal onasining ohu-zorlari ham, ayolining ko`zyoshlari ham, bolalarining elanib-yolvorishlari ham uni fikridan qaytara olmabdi. Baribir o`z aytganidan qolmabdi. U ketganidan ko`p o`tmay, onasining sog`lig`i yomonlashib, ahvoli og`irlashdi.  Uni ko`rishga borganlarning aytishicha, faqatgina, Qozog`istonga ishlashga ketgan o`g`li Bahromni so`rab alahsirayotgan ekan. Mahallamizdagi yoshi katta onaxonlarning so`zlariga ko`ra, Turdihol momo o`g`lidan xavotir olayotgani uchun jon taslim qilishi qiyin kechayotgan ekan. To`shakka mixlangan kampir oradan bir oylarcha vaqt o`tgach olamdan o`tdi. Qo`shnimiz Bahrom akadan esa darak yo`q. Turdihol momoning ta`ziyasida qishloqdagi yoshi ulug` otaxonlar bosh irg`ab, “Bahromboyga qiyin bo`ldi, onasini so`nggi manzilga kuzatolmadi. Buning yuki og`ir bo`ladi-da” kabi gaplarni aytib, pichirlashardi...   

Turdihol momo vafotidan bir oylarcha o`tib, o`g`li Bahrom Qozog`istondan qaytib keldi. Onasining o`limi haqida bilmaydi, eshitmagan, qishloqning boshida mashinadan tushib, yaxshi kayfiyatda sumkasini orqalagancha, bemalol yurib kelmoqda. Uning yuz-ko`zidan sog`inch hislari jo`sh urib turibdi. Bizning uyimiz qishloqqa kirishda ularnikidan bitta oldingi uy bo`lganligi, ko`chaga qaraganligi sababli o`tgan odam aniq-tiniq ko`rinadi. Ko`rinmay o`tib ketishning iloji yo`q. Qolaversa, “yon qo`shni – jon qo`shni” degan gap bor xalqimizda, ayniqsa, Bahrom aka har safar ko`chadan o`tayotganda albatta biznikiga birrov kirib, ozgina gaplashib chiqib ketadi. 

Bu gal ham shunday bo`ldi. Uni ko`rishim bilan muzlab ketdim, qalbimda g`alati hislar paydo bo`ldi, ich-ichimdan unga achindim! 

Bahrom aka onasining o`limini eshitsa, qay ahvolga tushar ekan-a! Buni o`ylasam, yuragim orqaga tortib ketardi. 

- Sizga nima bo`ldi, nega kayfiyatingiz yo`q qo`shni, o`ting kechga otamlashamiz,  deya bo`lgan ishlardan bexabar, kuldi Bahrom aka. Unga nima deb javob qaytarishni ham bilmayman. 

- Hammasi joyida, hech gap bo`lgani yo`q, faqat biroz boshim og`riyapti, -  deya javob qaytara oldim xolos. Bo`g`zimga tiqilib kelayotgan so`zni chiqara olmadim.  Onasining o`limi haqida aytishga tilim bormadi. Bir dunyo quvonch bilan uyi tomonga ketdi. 

Baribir ko`nglim bo`lmadi. Biroz taskin beraman, dalda bo`laman degan maqsadda uning orqasidan hovlisi tomonga yura boshladim. Bahrom aka shoshganicha uyiga kirib ketdi... 

Uning orqasidan uyiga kirsam, ayoli Farida yanga va bolalari sassiz yig`lar, ahrom aka esa rangi oqarib, ko`zlarida yosh bilan o`ksib-o`ksib bo`zlaredi. Unga sabrli bo`lishini aytdim. 

- Onamni oxirgi manzilga kuzatolmadim, farzandlik burchimni bajarolmadim, endi qanday yashayman, - deya faryod chekardi. 

Oradan yarim soatcha vaqt o`tdi.  Hech kim og`iz ochib, biror so`z demadi. Bahrom aka biroz o`ziga keldi, sumkasini ochib ayoli va farzandlariga olib kelgan sovg`alarini bera boshladi-da, birdaniga uh tortib, yana yig`lay boshladi. 

- Mana bu ro`molni onamga olib kelgandim,   deya qo`lidagi ro`molni yuziga bosgancha yana o`kirib yubordi. . Sumkasidan konfet va shunga o`xshash shirinliklarni chiqarib,  bolalariga bera turib, paketga solingan taxminan bir kilogramlar atrofidagi novvotni qo`liga olarkan “buni ham onam uchun olgandim” deya yana yig`lavordi. Unga qo`shilib ayoli va farzandlari ham ezilib yig`lashardi. Ularni ko`rib beixtiyor ko`zimga yosh oldim.

Bahrom aka men bilan suhbat qura turib, Qozog`istonga ishlash uchun borib, topib kelgan puli yo`lkira uchun sotgan qo`yining pulidan ham kam ekanligini, qolaversa, o`zga yurtda musofir bo`lib, ne-ne azob-uqubatlarni boshidan kechirganini so`zlab berdi. Bundan-da yomoni, onasini so`nggi manzilga kuzatolmagani unga bir umrlik saboq bo`lganini afsus va nadomat bilan, ko`zlariga yosh olib gapirdi.   U ketayotganida onasi orqasidan “ketma Bahromjon bolam” degancha, iltijoli qarab qolgani ko`z oldidan ketmayotganini aytdi. “Onaning ko`ngli bolada – bolaning ko`ngli dalada” deganlari shu bo`lsa kerakda. 

Bahrom aka o`zga yurtda ko`rgan-kechirganlarini gapira  turib, har bir inson o`z yurtida, oila, qarindosh-urug`, yoru-do`stlar bag`rida sog`-salomat yurishining o`zi eng katta baxt ekanligini vaqtida anglab etish kerakligini bot-bot takrorladi.  Qolaversa, bugun ishlayman, halol mehnat qilaman degan odamga O`zbekistonda ham chet elda ishlab topib kelingan puldan ko`ra ko`proq mablag` topish uchun barcha sharoitlar yaratilgani haqida gapirib, oxirida shunday dedi:

- Buni anglab etish uchun menga o`xshab, o`zga yurtda sarson-sargardon bo`lib qaytish shart emas...

Qissadan hissa shuki, bosh borib devorga tegmasdan oldin ko`zni ochib, boriga shukur qilish lozim. Zero, shukronalikda gap ko`p. 

Abdurasul Qo`chqorov, 
Samarqand viloyati

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!