«Jigarbandimdan ayirma, hayot!..»

15:43, 22 noyabr

Yana Umidjon yig`lay boshladi. Juda qattiq yig`laydi-da. Har yig`laganida, yuragim yaralanadi. Darrov oldiga chopaman. Ammo bu safar indamay ishimni davom ettiraverdim. Endi shu taqdirga ko`nikishim kerak. Kichik o`g`lim esa yugurib borib, akasining og`ziga shishasini tutdi. Umidjon yig`lashdan to`xtamas, qo`li bilan shishachani itarardi. Endi maktabga chiqqan kichik o`g`lim bechora: «Aka, iching, juda shirin suv. Ichida novvoti ham bor, qarang», deb o`zidan olti yosh katta akasini ovutmoqchi bo`lardi. Chidolmadim. Labimni qattiq tishlab oldim. Lekin ko`zyoshlarim baribir ichimga yutilmadi. Chopib bordim. «Bolajonim, Umidjon, qara, ukang senga suv ichirmoqchi. Aylanib ketayin aqlli bolalarimdan», deb uni ovutdim. Umrbek akasining jimib qolganidan xursand bo`lib, suvini ichirdi…

 

Bir vaqtlari nafaqat ota-onamning, taqdirning ham erkasi edim. Bu dunyodagi hamma yaxshi narsalar menga atalgandi. Yolg`iz qiz bo`lganim uchun erka o`sdim. Hamma istaklarim so`zsiz ado etilardi. Turmush o`rtog`im bilan sevishib oila qurdik. Erim o`qimishli, uddaburon va bosiq inson. Men esa hayotning faqat yorqin tarafida yashaydigan ayol edim. O`g`lim dunyoga kelgach, yanada baxtli bo`ldim. Men endi ona edim-da. Ammo ko`pincha erkaligimga, bolaligimga borardim. Umidjon kechalari uyg`onib ketsa, unga qo`shilib yig`lardim. Shunday paytlarda erim ustimdan kulardi. Qaynonam doim: «Chaqaloq bo`lgandan keyin yig`laydi-da! Ey qizim-ey, haliyam yosh bolasiz-a?» derdi. Umidjonim endi tug`ilgan paytlari qo`limga olishga ham cho`chirdim. Ehtiyotkorlik bilan bag`rimga bosardim. Uni juda avaylardim. O`g`limiz ham juda harakatchan va chaqqon edi. Boshqa bolalarga qaraganda erta emakladi, o`n oyligida qadam tashlay boshladi. Shunda erimning juda xursand bo`lgani esimda: «Qara, Guli, o`g`limiz menga o`xshayapti. Men ham to`rt yoshligimdan o`qish-yozishni o`rganganman. Hali shunaqa zo`r inson bo`lsinki…» Er-xotin Umidjonning og`zini poylardik. «Qani, qani, bolajonim, «ota» de-chi. Bir onajon degin», deb gapirtirishga harakat qilardik. Afsus… O`g`limning «ota», «ona» deyishiga zor o`tayapmiz…

Qish oylari edi. Bolam shamollab qoldi. «Asragan ko`zga cho`p tushar», deb shuni aytishadi. «Qizim, xavotirlanmang, yaxshi bo`lib qoladi. Yosh bola o`zi shunaqa, tez kasal bo`ladi, tez tuzaladi», deb qaynonam meni yupatdi. Shu kuni poliklinikadan emlashga chaqirishdi. Men biryo`la shifokorga ham ko`rsatib olaman, deya o`g`limni olib bordim. Shifokor bolamni ko`rikdan o`tkazib, «Hech nima qilmaydi, emlayveramiz»,  deya muolajaxonaga jo`natdi.

Emlangach, negadir o`g`lim boshqa chaqaloqlarga o`xshab yig`lamadi, jim bo`lib qoldi. Qoidaga ko`ra bir soatcha poliklinikada o`tirdik… Bir payt bolajonim qattiq titray boshladi. Oyoq-qo`llari qaltirab, ko`z qorachiqlari tepaga ketayotganini ko`rib, chinqirib yubordim. Qo`limdan bolani tortib olib, muolajaxonaga olib kirishdi. Shifokorlarning xavotir bilan u yoqdan bu yoqqa yugura boshlaganidan bolamga nimadir bo`lganini tushundim. O`shanda shamollab qolganiga qaramay emlashgani tufayli farzandim bir umrga nogiron bo`lib qolgani xayolimga kelmabdi.

Shu-shu Umidjonim bir nuqtaga tikilib yotadigan, umuman yig`lamaydigan bo`lib qoldi. Bizni darov shifoxonaga jo`natishdi. Uch kunlik muolajalardan so`ng o`g`limiz chinqirib yig`ladi. Ovozini juda sog`ingan ekanmiz, ovutishga urinmabmiz ham. Bir necha kun davolangach, shifokorlar tanaffus qilish kerak deya uyga javob berishdi. Biroq bolajonimning kelajagi haqida aniq bir narsa aytishmadi. Uyga qaytdik. Ko`cha boshiga kelganimizda bolamizning ovozini eshitgan qaynota-qaynonam yugurib chiqishdi. Go`yoki uning yig`lashi tuzalganidan darakdek. Biz ham unga qo`shilib yig`ladik. Mana, oradan o`n besh yil o`tgan bo`lsa-da, hali hanuz er-xotin ba`zan bolamizning ozorlanishi ko`rib, unga qo`shilib yig`laymiz…

Avvaliga rosa qiynaldik. O`g`limni birdan tutqanoq tutib qolardi. O`sha paytlar juda qo`rqib ketardim. Tong sahar uyg`onib, qattiq ovozda yig`lay boshlardi. Ko`rsatmagan do`xtiru tabibimiz qolmadi. Hech kim bu dardning davosini topolmadi. Faqat dori-darmonlar, muolajalar bilan bolajonimning azoblarini engillatish mumkin edi.

O`n besh yil… Shu o`n besh yil meni yuz yoshga ulg`aytirgandek tuyuladi. Ilgari bolamning nogiron bo`lib qolgani bugungidek og`ir botmasdi. Go`yo yoshi kattalashgani sari dardi ariydigandek edi. Hali bir yoshli chaqaloq-ku, ulg`aysa, tili chiqadi, yuradi deb o`zimizni ovutardik. Bolamizni qo`limizda ko`tarib ovutishga, ovqatlantirishga qiynalmasdik. Kun o`tgani sayin uning dardi ham ulg`ayardi. Tengdoshlari chopqillab ketishdi, gapirishdi, burro tilda she`ru qo`shiqlar aytib, bayramlarga borishdi. Maktabga ham chiqishdi. Mening o`g`lim esa hamon qimirlamay bir joyda yotar, bir so`z demas, atrofida sodir bo`layotgan voqea-hodisalarni to`liq anglamasdi. Faqat meni tanir, men bilangina o`zini xotirjam his qilardi. Mabodo biron yoqqa ketadigan bo`lsam, o`rnimga qoladigan odam mening liboslarimni kiyib olardi. Bo`lmasa, bir soat ham o`tmay o`g`lim onasini qo`msab yig`lay boshlardi.

Dardga ko`nikmoqdan, sinovlarga sabr qilmoqdan o`zga choramiz yo`q edi. Oldiniga qaynota-qaynonam bilan yashaganimiz uchun qiyinchiliklar uncha bilinmasdi. Er-xotin ikkimiz yoshmiz, bolamiz yarim kechasi uyg`onib chinqirib yig`lay boshlasa, janjalashib ham qolardik. Qaynonam uyg`onib, bolamizga qarardi: «Qizim, boring, ozgina dam oling. Bizniki endi qarichilik, baribir uyqumiz kelmaydi», derdi. Bilardim, u kishiga ham og`ir edi. Kasal bolani boqishdan, uning kelajagini o`ylab siqilishdan asablarim charchagan paytlar taqdirdan noliganimni, murg`ak go`dagimni «Nega tinchlanmaysan?» deb siltab tashlaganimni ko`rib, ming ezilardi. Menga ko`rsatmasdan yig`lab-yig`lab olardi. Bir kuni: «Bolajonim, Umidjonim, bir marta «buvijon» degin. Ovozingni eshitib, bu dunyodan ketsam, armonim yo`q», deb yig`layotganini tasodifan eshitib qoldim.

Bu orada qaynimni uylantirdik. Qaynota-qaynonam erimning maoshini ro`zg`orga ishlatishmasdi. Aksincha, «bolangni davolat», deb doim bizga pul berishardi. Uyimizni ham o`zlari qurib berishdi. Keyin ketma-ket ikkita farzandli bo`ldik. Ular soppa-sog` edilar. Qizim va kichik o`g`lim tengdoshlaridan ortda qolmay katta bo`lishdi. Maktabda ham a`lo baholarga o`qib bizni quvontirishayapti. Ular akasini juda yaxshi ko`rishadi. Doim parvarishlashda menga yordam berishadi, atrofida parvona bo`lib, dardini engillatishga harakat qilishadi. Dunyodagi eng aqlli, eng chiroyli va eng mehribon aka – ularning akasi. Unga changni ham ravo ko`rishmaydi mehribonlarim.

Lekin baribir Umidjonimni o`ylab yuragim ado bo`lyapti. Boshida alam ustida xatoga yo`l qo`ygan shifokorni sudga berdik, jazosini oldi ham. Endi boshqa bolalarni mayib qilmasligi uchun ham bu kerak edi. Lekin koshki shu bilan dardim engillashgan, Umidjonimning azoblari kamaygan bo`lsa. Keyinchalik bu ahvolimda ham bir hikmat borligini angladim. Boshimga shu musibat tushmagunicha hayotni nuqul bayramdan iborat deb o`ylardim. Atrofimdagilarning mehru muhabbatini hech bir og`rinishu minnatsiz qabul qilardim. Xuddi shunday bo`lishi kerakdek. Bordiyu istagan narsamga erisholmasam, bundan katta fojia yasardim. Endi tushundim, har narsaning ham o`z bahosi bor. Inson yaqinlarining salomatligi, turmushining tinch-totuvligini qadrlab yashashi, baxt uchun mehnatu mashaqqat chekishi lozimligini angladim. Qolaversa, bir eshik yopilsa, boshqasi ochilar ekan. Menga bir sinov beribdiyu, uni engishim uchun atrofimda yaxshi insonlarni ham hozir qilibdi. Ularning ko`magi, madadisiz yolg`iz bu dard bilan yashay olmasdim.

Yaqinda navbatdagi muolajalarni olish uchun o`g`limni shifoxonaga yotqizdik. O`sha erda dardi menikiga o`xshash bir necha ayollar bilan tanishib qoldim. Faqat ulargina meni yaxshi tushunishardi. Bir necha kun hamsuhbat bo`lib, ajoyib g`oya tug`ildi. «Kelinglar, oyda bir yig`ilishib turamiz. Gap o`ynaymiz», – dedim. Bu fikr ularga ham ma`qul tushdi. Chunki har birimiz ham darddosh insonlar tomon talpinar, boshqa davralarda esa o`zimizni noqulay sezar, farzandimizning sog`lig`ini so`ragan har kimsa oldida o`ng`aysizlanardik. Birga yig`ilsak, bunday noqulayliklarga duchor bo`lmaymiz, aksincha, bolalarimizning azobini engillatish uchun birga chora izlaymiz. Odam taftini odam oladi deyishadi-ku.

Ha, biz bilganimizcha, eplaganimizcha yashayapmiz, kurashyapmiz. Albatta, taslim bo`lmaymiz, farzandlarimizning ko`zini mo`ltillatib nogironlar uyiga topshirmaymiz. Chunki ularni juda yaxshi ko`ramiz.

ShAHINA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!