Narimon Umarovning Xorazmdagi uchrashuvida demografik muammolar ortidan kelib chiqayotgan kasalliklardan so`z ochildi

09:36, 23 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 22 noyabr kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videomuloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvni O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi Xorazm viloyati kengashi raisi o`rinbosari R.Latipov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili I.Abdullaev yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

Viloyatning tuman va shaharlaridagi saylovchilar bilan videokonferensiya orqali muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda jami 3200 nafarga yaqin talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari vakillari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari a`zolari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov ularga o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Nomzod o`z ma`ruzasida Xorazmiy, Beruniy, Najmiddin Kubro kabi buyuk allomalar, Jaloliddin Manguberdi singari vatanparvar sarkardalarga beshik bo`lgan Xorazm viloyatida ham mustaqillik yillarida ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani samarasida hudud qiyofasi tubdan o`zgarib, aholi farovonligi izchil yuksalib borayotganini ta`kidladi. Jumladan, Pitnak shahrida ishga tushirilgan “Xorazm avto” zavodida ishlab chiqarilayotgan “Orlando”, “Damas”, “Labo” kabi zamonaviy avtomobillar xonadonlarimiz dastyoriga aylanib, xalqimizning uzog`ini yaqin qilish va turmush sifati oshishiga xizmat qilmoqda. 

Dasturda “Islohot – islohot uchun emas, avvalo, inson uchun” tamoyiliga amal qilgan holda, aholining turmush darajasi ko`rsatkichlarini yanada yaxshilashning muhim sharti bo`lgan ko`p yillik mustaqil taraqqiyotimiz davrida o`zini to`la oqlagan davlat ijtimoiy dasturlari ishlab chiqish va hayotga samarali tatbiq etish tajribasini davom ettirish, kuchli ijtimoiy himoya siyosatining muhim yo`nalishi sifatida aholi salomatligini muhofaza qilishga doir takliflar ilgari surilgan. 

Aholi keng qatlamlariga ko`rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash barobarida maktab va maktabgacha ta`lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta`minlash tizimini yanada kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi hamda sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish, tibbiyot muolajalari, xususan, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida keng qo`llab kelinayotgan ilg`or tibbiy xizmat turlarini mamlakatimizda ham joriy qilishga alohida e`tibor qaratilgan. 

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Qurbonboev, Urganch davlat universiteti dosenti Yu.Rahmonova, Xorazm viloyati onkologiya dispanseri bosh shifokori T.Polvonov, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati R.Ro`zmetov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida fikr bildirib, saylovga tayyorgarlik jarayoni milliy qonunchiligimiz va umume`tirof etilgan xalqaro normalarga muvofiq o`tayotganini ta`kidladi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!