“Toshkent modalar haftaligi”ning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi(Foto)

10:42, 23 noyabr

22 noyabr kuni «Kamolot» Yoshlar ijod saroyida kuzning orziqib kutilgan tadbiri “Toshkent modalar haftaligi”ning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Moda haftaligi 6 kun davom etadi. U nafaqat soha etuk vakillarining, balki poytaxt aholisining ham diqqat markazida bo`ldi.

Moda haftaligi doirasida kecha “O`zbek badiiy matolari” ko`rgazmasi ham bo`lib o`tdi. Ushbu ko`rgazmada O`zbekistonning barcha badiiy matolari namoyish etildi. Ma`lumki, o`zbek milliy matolari takrorlanmas, yorqin naqshlarga, ko`zni qamashtiradigan jilvador xususiyatga egadir. Ushbu jilokor matolar nafaqat o`zimizda, balki boshqa millat vakillarida ham katta qiziqish uyg`otishi tabiiy holdir.

Qadimda an`anaviy liboslarni tikishda karbos, olacha, kanovuz, shoyi, xonatalas, beqasam, banoras, adras kabi matolar qo`llanilgan. Bunday matolar bo`yash san`atining beqiyosligi, mahalliy gazlama to`qish usullari, matolar rangi, bo`yog`i va gullarining betakrorligi bilan bir-biridan tubdan farq qiladi.

Ushbu ko`rgazmada esa nafaqat qadimda balki bugungi kunda ham urfga kirgan adras, bo`z adras, shoyi, ekselsior, beqasam, abr naqshli baxmal matolar, bundan tashqari Marg`ilon ustalari Mansur Mirzaxonov, Abrormirzo Musinov, Muhammadumar Yusufjonov va Rasul Mirzaaxmedovlarning ham zamonaviy badiiy matolari  namoyish etildi. 

Buxorolik usta Malikaxon Habibovaning ham naboyka matolari ishtirokchilar e`tiboriga havola etildi.

“An`anaviy o`zbek liboslari namunalarining namoyishi”da O`zbekistonning barcha hududlari bo`yicha an`anaviy milliy liboslar taqdim etildi. Jumladan Toshkent-Farg`ona, Samarqand-Buxoro, Surxondaryo-Qashqadaryo, Xorazm-Qoraqalpog`iston hududlari bo`yicha an`anaviy, milliy liboslar tomoshabinlar e`tiboriga havola etildi. 

Ma`lumki, o`zbek milliy liboslari hayo, ibo, nafosat va nafislik belgisidir. Ushbu jihatlarni an`anaviy liboslardagi bichimlarning noodatiyligi, liboslarning ko`p qavatligigi, badiiy bejirim bezaklarning o`ziga xosligi, bosh kiyimlardagi ramziy ma`nolarning o`ziga xos xususiyatlarida ko`rish mumkin.

Hududlar bo`yicha an`anaviy liboslar Respublikamizning barcha muzey fondlarida saqlanayotgan tarixiy liboslar bo`yicha tayyorlangan nusxa namunalari hisoblanadi. Namoyish uchun 50 dan ortiq tarixiy liboslarning nusxalari qaytadan tayyorlangan. Uni tayyorlashda “Osiyо ramzi” O`zbekiston respublikasi dizaynerlar uyushmasi a`zolari, “Kostyum dizayn” kafedrasi professor-o`qituvchilari hamda talabalarining mehnati beqiyos.

Noyob va qadimiy milliy matolarning qo`llanilishi, bichimi va betakror zargarlik buyumlari, oltin va zarhalga boy zardo`zligi, bahor kamalagi singari rang-barang kashtalari, murakkab va nafis naqshlardan tashkil topgan bunday tarixiy liboslar ko`rgazma ishtirokchilarini befarq qoldirmadi.

An`anaviy liboslarda o`zbek millatining tarixi va turmush tarzini, an`analari, mentalitetga xos madaniyati va qadriyatlarini ko`rish mumkin. Yosh avlod tarbiyasida o`zbek milliy liboslarining o`rni juda kattadir. Dizaynerlar yangi g`oyalarni yaratishda tarixiy liboslardan ijod manbai sifatida ham foydalanganlar. Bu jihatlar esa yosh avlodni ma`naviy tarbiyalashda, kelajak avlodga milliy qadriyatlarimizni to`liq etkazishda, o`z tariximizni anglashda beqiyos manba bo`lib xizmat qiladi.

Ko`rgazma davomida o`zbekistonlik dizaynerlar Dilnoz Erkinova, Dilnoza Umurzoqova, Lyuba Sultonova, Dina Sayfiylarning, chet ellik dizaynerlar xitoylik Xie Jiyaki, Vu Chuanbo, italiyalik Maurizio Pesararo, Mario Delloglio, Lyuba Popovalarning va quvaytlik dizayner Lona Alfaresning mualliflik liboslar namoyish bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.







Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!