“Jiyanim o`g`ri! Xuddi onasi kabi!”

10:44, 23 noyabr

— Oilada ikki farzandmiz, turmushga chiqib, oilali bo`lganimdan keyin, akam rafiqasi bilan ajrashib ketdi. O`rtalaridagi farzandni esa ota-onamiz katta qilishayapti. Hozir jiyanim kap-katta yigit bo`lib qolgan, bu yil 6-sinfni tugatadi. Lekin beboshligini sira qo`ymayapti. Oxirgi paytlarda onam uydan pul, mayda-chuydalar yo`qolayotganidan shikoyat qilib yurgandi, hatto, kimlardan shubha qilayotganligini  aytib, ularning ortidan tekshirib ham ko`rdi. Biroq kutilmaganda o`sha o`g`ri – jiyanim bo`lib chiqdi. Unga yaxshi ham gapirib ko`rdik, urishib ham ko`rdik, qani endi foydasi bo`lsa, urinishlarimiz besamar ketayapti. Maktab ruhshunosi bilan ham gaplashdik, bolaning o`zi bilan suhbatlashib, nimaga bunday qilishini so`rasak, “Pulni ko`rsam o`zimni to`xtatib turolmayman, beixtiyor shunday qilaman” deyapti. Muxtojlikdan qiladi desa, yo`q, egani oldida, emagani ortida. Otam katta korxonaning direktori. Yaqinda uyga otamning ishxonasidan mehmonlar kelishgandi, jiyanim ularning cho`ntagidagi pullarini ham olib qo`yibdi. Bu voqeadan keyin otam yanayam asabiylashib, o`zini qo`yarga joy topolmay qoldi. Ochig`i, kelinoyimning ham qo`li egriligi bor edi. Onam nasl surgan bo`lsa kerak, deyapti. Aytingchi, uni to`g`ri yo`lga solishning ilojisi bormi? Nima qilsak, bu qilig`ini tashlaydi?

Aziza, 32 yosh, Buxoro viloyati.

Qaynonajon: — Biz bobo va buvilar nabiralarimizni erkalatishda ozgina tantilik qilib qo`yamiz gohida. Axir nima qilaylik, danagidan ham mag`zi shirin-da. Biroq bizning mehrimiz nabiralar tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi lozim. Qizim, onangizga aytar ikki og`iz so`zim bor: keliningiz qanchalik yomon bo`lmasin, ular kimning aybi bilan ajrashishgan bo`lmasin, zinhor bolaga ota-onasini yomonlamang. Ehtimolki, mana shunday gap-so`zlar uni nobop ishlarga undayotgandir. Yana o`smir yoshdagi bola yaqinlari u bilan faxrlanishini istaydi. Balki, ota-onasi ajrashgan deya unga achinmaslik, ko`p ham papalamaslik kerakdir? Bunday hatti-xarakatlar o`smirlarning   alamzadaligini oshiradi. Sizdan so`ramoqchi bo`lganim uning do`stlari, og`aynilarini taniysizmi? Ba`zida tengdoshlari bilan do`stlasha olmagan bolalar ularning e`tiborini “sotib” olishga harakat qiladilar. Sizning nabirangiz bilan shunday bo`lmadimikan?

Mehnat insonni tarbiyalaydi, deydi dono xalqimiz. Maslahatim, jiyaningizni mehnat qilishga o`rgating. Bir daqiqa ham bo`sh qo`ymay, o`zi yaxshi ko`rgan ishlar bilan mashg`ul qilib qo`ying. Va ota-onasi bilan munosabatlarini tiklashga ko`maklashing. Chunki dunyodagi xech bir inson ota-onaning o`rnini bosa olmaydi.

Shaxnoza Xalilova, ruhshunos: — Bu muammo nasl surishi fanda ham isbotlanmagan, men ham bu fikriga qo`shilmayman. Ishonchim komilki, muammoning asl sababi ota-onaga, to`g`rirog`i mehr va e`tibor etishmasligiga bog`liq. Ancha fursat boy berilgan bo`sa-da, hali ham kech emas, bolani otasi yoki onasiga topshirib, ular bilan munosabatlarini o`nglashga harakat qilish lozim. Ular kim bo`lishidan qat`i nazar, farzand hayotida o`z o`rinlari bor. Bola ota-onasiga kerakligini his etishi shart. hozir uni urushib, urganingiz, tarbiyalashga harakat qilganingiz bilan naf bermasligi mumkin. Muammoning tub zamirida yotgan sabablari bilan ishlashga harakat qiling. O`zingiz qiynalsangiz, malakali mutaxassis topib, erinmasdan oylab, kerak bo`lsa yillab ishlang. Nima bo`lganda ham bee`tibor bo`lmang. 

Saodat Ochilova yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!