Boy kelinlar ham yig`laydi...

10:53, 23 noyabr

Ichimda ilondek to`lg`onib, yuragimga nashtarini sanchayotgan bu gapni aytaymi, yo`qmi deb uzoq o`ylandim. Ko`nglim bir «Ular endi senga begona, bir og`izlari kuysin. Qaytar dunyo, deb shuni aytishsa kerak» desa, bir «Qo`y, Barno, Laylo senga ne yomonlik qiluvdi? O`zing ozmuncha dard chekdingmi?» deb meni olg`a undardi. Qadam tashlashga kelganda esa negadir jur`at qilolmayapman...

Mashhurlar olamida har kuni har xil voqealarga, turli gap-so`zlarga duch kelaverib, ko`zim ham pishib ketgan asli. Ularning san`ati bir tomonu hayot sahnasidagi tomoshalari bir tomon. Yo`q, men san`atkor emasman. Shunchaki ular bilan ishlaydigan tashkilotlarning birida hisobchiman, xolos. Bo`limimizning shou-biznes dunyosida bo`layotgan barcha hodisalarni nazardan qochirmaydigan, har kuni ish vaqtimizning naq uchdan bir qismini asosiy mavzu — ularning taqdiri haqidagi muhokamalarga bag`ishlaydigan qizlarimiz yonib-kuyib aytayotganlari mening qulog`imni ham chetlab o`tmaydi, albatta. Ayol bo`lsam-da, aslida bu «shou»ning menga unchalik qizig`i yo`q. Chunki tezroq ishimni tugatib, maktab-bog`chaga shoshishim kerak. Buning ustiga, ish orasida qo`shimcha daromad uchun ham nimadirlar qilishim kerak. Oylik maoshimni o`zim, uch bolamga etkazishim lozim. Yaxshiyam, otam hayotligida uyli-joyli qildi. To`g`ri, aka-opalarim ham qarab turishmaydi. Biroq birovga yuk bo`lib yashashning o`ziga yarasha yuki bor-da. Erdan ajrashgan degan tamg`a esa peshanamga botaverib, diydamni ham ancha qotirgan.

O`n yil avval “teng tengi bilan” degan naqlga amal qilib, meni turmushga uzatishdi. Institutda ikkinchi bosqichda o`qirdim o`shanda. Boylik baxtning kafolati emasligini men tugul, ota-onam ham anglamaganiga kuyaman hozir. Hoshim aka badavlat oilaning to`ng`ichi, men esa uyining balandligiyu otasining martabasi unikidan qolishmaydigan oilaning kenjasi edim. Juda uzukka ko`z qo`ygan juftlik bo`lganmiz. Kimlarningdir nazdida, albatta. Biroq o`zimiz uzukka ko`z bo`lmadik. Sobiq erimni  yillar davomida xiyonatda, kaltabinlik va dangasalik, qimorbozlikda ayblab keldim. Endi tushunayapman, aslida qaynota-qaynonam uni o`zlari chizib bergan yo`ldan yuritib (o`qish joyi, do`stlari, xotinini kabi katta tanlovlarni o`g`li uchun ular tanlashgan), shunday mas`uliyatsiz qilib qo`yishgan ekan. Ikki bolam qo`limda, kenjam qornimdaligida ajrashdik. Ajrashishimiz ham to`yimizning tomoshasidan kam bo`lmadi. Mebelu sarpolarim ikki mashinaga yuk bo`lib, qo`ni-qo`shnilarning derazayu eshik ora mo`ralashlari bilan kuzatildi. hammasidan o`g`limni bermaymiz deyishgani yomon bo`ldi. Bechora bolam olti oyni ikki uy o`rtasida sarson o`tkazdi. Oxiri erim uylandi-yu, o`g`il talashish mojarosiga uch nuqta qo`yildi. Xullas, millionlar ustuniga qurilgan oilamiz aslida qumdan yasalgan o`yinchoq uy ekan... Endi esa...

O`tgan hafta gastroldan qaytgan opaxon san`atkorlarimizdan biri ishxonamizga keldi. Qizlar u yoq-bu yoqdan gap solishdi. O`ziyam bir qop yong`oq ekan.

— Opa, sizni Asror (ismi o`zgartirilgan) olib keldimi?  Juda kelishgan va iste`dodli yigit-da shu, — dedi gapga chechan Nigora deraza osha boqib.

— Ha, kelajagi bor bu bolaning, — deya faxr bilan gapirdi opaxon.

— Uylanayotgani rostmi? — qizlar birvarakayiga bir xil savol berishganidan avval kulishdi, keyin biroz xijolat tortishdi.

— Yaqinda uylantirayapmiz. Bir yaxshigina qiz topib qo`ydim o`zim, — deya kelin haqidagi ma`lumotlarni ayta ketdi. Tanish ismlar qulog`imga chalingach, uning gaplaridan hayratim oshdi.

— San`atda iste`dodning o`zi kamlik qiladi. Kimningdir qo`llovi kerak. Falonchi aka falon joyda kattakon. O`zi qo`llab yuboradi Asrorni, — deya yigitni aynan Laylo — sobiq qaynsinglimga uylantirishdan asl maqsadni shu tariqa tushuntirgan opa suhbatga yakun yasadi. Asrorning bir juvon bilan bog`liq hikoyasi bilan bog`liq savollarga esa «Yigitchilikda bo`lib turadi», deb qisqagina javob qaytardi-da, jo`nab qoldi.

U ketgach, munozara yana qizidi. Chunki yaqindagina shu yigitning bir juvonga ilakishib qolgani, u Asrorga oxirgi rusumdagi mashina sovg`a qilgani, uylanayotganini eshitib, san`atkorlar yig`ilgan davraga kelib, katta janjal ko`targani va g`ururli yulduzimizning mashina kalitini unga qarata otgani (men buni g`ururdanmas, aksincha siri ochilgani alamidan deb o`ylayman) haqida gap-so`z rosa bolalagandi. Bugun esa yana o`sha qimmatbaho mashinaning rulida savlat to`kib o`tiribdi. To`g`ri, bu voqealarning haqiqat yoki yolg`onligi o`z yo`liga, ammo Laylodek qizga atay otasining puli uchun uni uylantirib qo`yishmoqchiligi menga alam qildi.

Laylo — yaxshi qiz. Odobi o`zidan chiroyli. Sobiq qaynota-qaynonamning nazoratida, to`g`risi, qafasida katta bo`lgan. hali yigirmaga ham kirmagan, qaysidir universitetda o`qiydi. Kelinlik uyimdan butunlay ketayotganimda bir meni, bir jiyanlarini quchib, «ketmanglar» deya rosa yig`lagandi. Otasi bir yov qarash qilgach, indamay, ikkinchi qavatga chiqib ketgan. Endi uni ham mendek o`z istaklari yo`lida qurbon qilishmoqchi. Shuni o`ylab, yomon bo`lib ketdim. Tashqaridan tarbiyali, aqlli ko`ringan yigitning bu o`tmishidan bexabar Laylo ne-ne orzular og`ushidadir? Balkim majburan uzatilayotgani uchun qismat shu ekan-da deb, yuragidagilarni mendek tiliga ko`chirolmay mum tishlagandir? Bilmadim...

Yurak yutib, sobiq qaynonamga qo`ng`iroq qilib eshitganlarimni aytay desam, u meni qizining baxtini ko`rolmaslikda ayblashi tayin. Layloning o`zi bilan uchrashib, uni ogoh etganimdan naf bormikan? Axir uning gapini birov eshitarmidi? Buning ustiga, akalari bo`lajak kuyovni obdon tekshiruvdan o`tkazishgandir? Shu o`ylar bilan sovchilik qilayotgan opaga sim qoqdim. Avvaliga gastrol hujjatlarini bahona qildim, keyin maqsadga ko`chdim. Layloni yaqindan tanishimni, Asrorning atrofidagi mish-mishlar rost bo`lsa, bir qizning baxtiga zomin bo`lmaslik kerakligini aytdim. Uning javobi esa oddiy bo`ldi: «Birovlarning hayotiga aralashmang!»

Birovlarning hayoti... Go`yoki ularniki hayotmasdek qaraymiz ba`zan. Meni ham uzatishayotganida hoshim akani mahalla, o`zaro tanish-bilishlardan surishtirishgan. «Falon joyda o`qiydi, falonday mashinasi bor» deya barmoq bukib sifatlarini sanaganlar, aslida u g`irt takasaltang, qimorboz ekanligini sir tutishgan. Axir birovning hayotiga aralashib, nima qilishadi?

Eng alam qiladigani esa Hoshim aka menga ota-onasining tanlovi bilan uylangan. Ota-onasi esa otamning boyligini xomcho`t qilishgan. Ota-onam meni hech qachon hech narsaga zoriqmaysan deya uzatishgan. Men bo`lsa, shu qismatga avvaliga ko`nishga ko`nganman-u, chiday olmaganman... Oqibatda uch bolam tirik etim bo`lib qoldi...  Layloda, umuman hech bir qizda taqdirim takrorlanmasligini istardim...

Shoira VAFOEVA yozib oldi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!