Toshkentlik haydovchilar sovuq havoda yo`lovchilarni manzilga bepul eltib qo`yish fikrini ilgari surmoqda

12:11, 23 noyabr

Facebook ijtimoiy tarmog`ining “Voditeli Tashkenta” guruhi a`zolari havoning keskin sovib ketishi munosabati bilan yangi xeshtegni ommalashtirmoqda. #Insonlarni sovuqdan qutqaraman xeshtegi har kuni bir yo`nalishda harakatlanadigan haydovchining yo`lovchilarni ushbu yo`nalish bo`ylab bepul eltib qo`yish xizmatini o`z ichiga oladi. 

Haydovchilar ijtimoiy tarmoqdagi guruhda alohida postlar orqali o`zlari har kuni harakatlanadigan yo`llar haqida ma`lumot bera boshladi. 

“Tushunaman, sovuq havoda erta tongda avtobus kutish yoki taksi to`xtatish hech kimga yoqmaydi.  Ular kutib turish o`rniga harakatlana boshlaydi”,—deb yozdi haydovchilardan biri. 

Yana bir haydovchi #Insonlarni sovuqdan qutqaraman xeshtegi ostida Yakkasaroy tumani hududida yo`lovchilarni manziliga bepul eltib qo`yishini aytib, telefon raqamini qoldirdi. Natijada uning xizmatidan 14 nafar yo`lovchi foydalandi va manziliga bepul etib oldi. Bugun, 23 noyabr kuni esa ushbu haydovchi Yunusobod tumani hududida bepul taksi sifatida ishlashini ma`lum qildi. Uning bu xatti-harakati guruhning boshqa a`zolari tomonidan qo`llab-quvvatlandi:

“Besh daqiqadan so`ng chiqib ketaman. Lisunova kinoteatridan Yunusobod tumanigacha bepul eltib qo`yaman! Bepul”

“Bepul! Talabalar shaharchasidan  Beruniy,Tinchlik va Chilonzor metrosigacha eltib qo`yaman”

“Har kuni soat 8:00 dan Bektemir tumanidagi postdan Vestministr universitetigacha bepul eltib qo`yaman".

“Bepul! Shastri-O`rikzor bozori. Chiqib ketish vaqti 9:30”

“Har kuni Darxon—Chilonzor savdo markazi yo`nalishida qatnayman. Soat 9:00 da uydan chiqaman. Ushbu yo`nalishda yo`lovchilarni eltib qo`yishim mumkin. Siz evaziga qiziq latifa aytib berishingiz kerak”

Izohlarda guruh ishtirokchilari jonkuyar haydovchilarga minnatdorchilik bildirib, ularga sog`lik va omad tilamoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!