Yuz terisi silliq va tarang bo`lishi uchun...

09:54, 24 noyabr

Kunlar sovigani sari terimiz silliqligi va tarangligini yo`qotmasligi uchun himoya o`ta muhim. Shuning uchun qishning sovuqlariga hozirdan tayyorgarlikni boshlang.

Kuz mavsumida yuzimiz terisi qo`shimcha ozuqa va namlantirishga ehtiyoj sezadi. Birgina krem yaxshi natija berolmaydi. Shuning uchun kunduzgi va tungi kremlaridan tashqari namlantiruvchi zardobdan ham foydalaning. Zardobni haftada bir marotaba peshana va burun qatlariga surting, bu bilan ajinlarning oldini olasiz. Zardob o`rniga uy sharoitida tayyorlangan niqobdan foydalanishingiz mumkin, faqat niqobni butun yuzingizga surtganingiz ma`qul.

Tuxum sarig`i va gliserindan tayyorlangan niqob. 2 ta tuxum sarig`ini 1 osh qoshiqdan asal va gliserin (dorixonalarda sotiladi) bilan aralashtiring. Yuzingizga 20 daqiqaga surtib, so`ng iliq suv bilan yuving.

Muzli muolaja

Terimiz sovuqdan «qo`rqmasligi» uchun uni chiniqtirish lozim. Buning uchun eng yaxshi vosita muz bilan ishqalashdir. Agar muz o`tli damlamalardan tayyorlangan bo`lsa, foydasi ikki karra ortadi. Tetik va sog`lom ko`rinishingiz ko`zlaringizni quvontiradi.

Buning uchun istalgan o`tli damlama yoki achchiq damlangan ko`k choyni dokadan o`tkazib, muz qolipida muzlating. Yuzingizni ertalab va kechqurun navbatma-navbat muz bilan ishqalang va iliq suv bilan yuving.

Oyoqlar parvarishi

Kuz va qish mavsumida pedikyur qilishda ehtiyotkorlik zarur. Yopiq poyafzalda yarachalar yaxshi bitmaydi. Ochiq poyafzaldan kuzgi etikchalarga o`tishimiz oyoqlar parvarishini unutish kerak, degani emas. Yozga qaraganda kuzda oyoqlar parvarishini kuchaytirish lozim, ya`ni oyoq terlashi, tovon terisining qurishi va barmoqlar sho`ralashining oldini olish zarur. Buning uchun gel asosidagi namlantiruvchi oyoq kremlaridan foydalaning. «Kuzgi» kremlar tarkibida mentol, oq choy yoki qora archa ekstraktlari bo`lgani ayni muddao. Kremlar qadog`ida aynan shularni izlang. Kremni oyoq tagiga surtib, oziq-ovqat plyonkasini 20 daqiqaga o`rab qo`ying. Shunda krem teriga yanada yaxshiroq singadi. Haftasiga bir marta oyoqlaringizga moychechakli vannalar tayyorlang. Bu muolaja charchoqdan xoli etib, darmon kiritadi.

Sport va sayr

Ichki va tashqi tomonlama hayotiy faollik darajangiz yuqori bo`lishi uchun ertalablari televizor qarshisida badantarbiya mashg`ulotlarini bajaring (kuniga 15 daqiqa etarli), kechqurun esa toza havoda sayr qiling. Sport va toza havo nafaqat salomatligingizga, balki teringizga ham ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Sayrdan so`ng teri sog`lom nur taratadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!