Sarvar Otamuratov Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

10:19, 24 noyabr

O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov 23 noyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashidagi O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi rahbari B.Mamajonov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.Nazarqosimov yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov o`zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Jizzax viloyati o`zining go`zal va betakror tabiati, boy tabiiy resurslari, ishlab chiqarish va qishloq xo`jaligidagi ulkan salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o`rin tutadi. Viloyatda 2010 yildan buyon yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobar o`sdi. Keyingi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmi 1,9 marta ko`payib, yalpi hududiy mahsulotda uning ulushi 17 foizdan 21 foizga etdi. 

Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Oxirgi besh yilda 4 mingdan ortiq kichik biznes sub`ekti tashkil etilib, ularning soni 8 ming 500 taga etdi. Bugungi kunda ushbu sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 80 foizni, eksportdagi hissasi 87 foizni tashkil etmoqda. 

Prezidentlikka nomzod o`z saylovoldi dasturida “Barkamol avlod – millat tayanchi” shiori ostida yosh avlodni har tomonlama etuk insonlar etib tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish vazifasi belgilanganini ta`kidladi. Jizzax davlat pedagogika, politexnika institutlari hamda Jizzax aviasiya oliy harbiy bilim yurti etuk mutaxassis kadrlar tayyorlashda muhim o`rin tutmoqda. 

Dasturda zamonaviy bilim va malakaga ega muhandis-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalarda iste`dodli yoshlarni qo`llab-quvvatlash, tarixiy va madaniy meros ob`ektlarini asrab-avaylash va obodonlashtirishga qaratilgan vazifalar muhim o`rin egallaydi. 

Viloyatda 372 madaniy meros ob`ekti ro`yxatga olingan bo`lib, ularning 42 tasi tarixiy obida va muqaddas ziyoratgohlar, 267 tasi arxeologik, 63 tasi monumental yodgorliklardir. Bu bebaho merosni ko`z qorachig`idek asrash va kelgusi avlodlarga etkazish masalasiga ham alohida e`tibor qaratilgan. 

Uchrashuvda Jizzax davlat pedagogika instituti xorijiy tillar fakulteti dekani A.Mamatov, Baxmal qishloq xo`jaligi kasb-hunar kolleji direktorining ma`naviyat va ma`rifat ishlari bo`yicha o`rinbosari M.Norqo`zieva, “Kelajak bunyodkori” gazetasi muxbiri U.Po`latova nomzodning dasturi yuzasidan fikr bildirdi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!