Xamirturushli taomlar zararlimi?

10:28, 24 noyabr

Issiqqina, lo`ppigina, oppoqqina non va bulochkalarni xamirturushsiz tayyorlab bo`lmasligini barchamiz yaxshi bilamiz. Biroq keyingi paytga kelib, dietologlar “Semirtiradi, modda almashinuvini buzadi, oshqozon-ichak kasalliklariga sabab bo`ladi” deya bizni oshirma xamirdan tayyorlangan mahsulotlarni iste`mol qilmaslikka undashmoqda. Nahotki, u chindan ham organizmga faqat zarar keltirsa?

Zaharli ekani rostmi?

Avvallari xamirturushni qanday saqlash ko`pchilikka noma`lum edi. Bizning zamonga kelib esa u quritilgan holda saqlanadigan bo`ldi. Mutaxassislarning qayd etishicha, sovuq haroratda xamirturush tarkibidagi zamburug`lar anabioz (uyqu) holatiga o`tadi. Qulay sharoit tug`ilishi bilan ular uyg`onib, ko`paya boshlaydi.

Xamirturushning xili ko`p. Uning non mahsulotlari va pivo tayyorlashda ishlatiladigan turi shakarni bijg`itish asnosida spirt va uglevod oksid hosil qilish yo`li bilan hosil qilinadi. Spirt yuqori haroratda, ya`ni non pishirish jarayonida uchib ketadi, uglevod oksidi esa xamirning g`ovak-g`ovak bo`lib pishishiga xizmat qiladi. Tabiiyki, xamirturush tarkibidagi zamburug`lar ham non pishayotgan paytda o`ladi. Chunki ularning yashashi uchun eng qulay sharoit 37-38 daraja haroratdagi issiqlikdir. Shu sababli qaysi usulda pishirilishidan qat`i nazar, pishgan non tarkibida bitta ham xamirturush zamburug`i qolmaydi, faqat undan hosil bo`lgan lipidlar, oqsillar, mineral hamda vitaminlargina mavjud bo`ladi, xolos. Shunday ekan, xamirturushdan chiqadigan zahar haqidagi gaplar umuman asossiz.

Saraton shishlariga nima daxli bor?

Keyingi paytda xorij matbuoti orqali xamirturush ta`sirida saraton shishlari tez o`sib ketganligi haqidagi xabarlar chop etilmoqda. Ammo  mantiqan o`ylab ko`rilsa, chet ellik olimlar tajriba o`tkazayotgan  probirkalar bilan bizning organizmimiz orasida er bilan osmoncha farq bor. Qolaversa, saraton hujayralarining ko`payishi gen mutasiyasi bilan bog`liq holat ekanligi allaqachon isbotlangan haqiqat. Bilamizki, har bir inson tanasida saraton hujayralari mavjud, ammo hamma ham bu dardga chalinavermaydi. Atrofga boqing: yomon ekologiya, sifatsiz mahsulotlar, chekish, spirtli ichimliklar ichish, stresslar... Xo`sh, xamirturushning bunga nima daxli bor?

Qo`rqmay eyavering!

Xamirturush odam organizmi me`yoriy mikroflorasining ajralmas tarkibiy qismidir. Tanamizda xamirturushning 25 – 30 turi mavjud. Masalan, ichaklardagi massaning bir grammida yuzlab xamirturush hujayralarini topish mumkin. Aytishlaricha, Abxaziyaning uzoq umr ko`radigan aholisi hech qachon xamirturush iste`mol qilmas ekan. Ammo yoshi to`qsondan o`tgan bir guruh abxaziyaliklar tibbiy tekshiruvdan o`tkazilganida ular tanasida xamirturush iste`mol qiluvchilar bilan deyarli bir xil miqdorda xamirturush hujayralari borligi aniqlandi. Demak, gap xamirturushda emas, irsiyat, ekologiya va nihoyat sog`lom turmush tarzidadir.

Yana bir gap. Xamirturush – oziq-ovqat sanoatida keng qo`llaniladigan bir hujayrali zamburug`. Xamirturush tarkibida V guruhiga oid vitaminlar, D provitamini mavjud bo`lib, ular sog`lik uchun juda ham foydalidir.

Yana xamirturush haqida...

* Ayrimlar nonning xamirturushsizini iste`mol qilish kerak, deyishadi. Ammo har qanday non tarkibida ham xamirturush zamburug`lari mavjud bo`ladi. Chunki unning o`zi tabiiy ravishda zamburug`lardan holi emas.

* Kepakli nonni ko`p eb bo`lmaydi, chunki u oshqozonni ortiqcha qitiqlashi mumkin. Shu sababli kuniga bir burda kepakli yoki qora non egan ma`qul. Buni Butunjahon Sog`liqni saqlash tashkiloti ham tavsiya qilgan.

Shahina tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!