“Tirnoqqa zormiz, shu sabab oilam buzilmoqda”

10:47, 24 noyabr

— Sovchilar orqali tanishib, turmush qurganmiz. Biroq o`n yildirki tirnoqqa zormiz. Erim meni yaxshi ko`radi. Shu sababdan atrofdagilarning ta`nalariga qaramay, yillar mobaynida mendan voz kechmadi. Ammo yaqin uch-to`rt oydan buyon arzimagan bahona bilan janjal chiqaradi. Urishaverib, oxiri otamning uyiga ketkazib yubordi. Bundan avval esa boshqa ayolga uylanish niyatida ekanligini aytdi. Shuncha yil davomida davolanmaganmisiz, deb so`rashingiz tabiiy, albatta. ha, uzoq davolandim, biroq shifokorlar “Faqat o`zingiz davolanganingizning samarasi bo`lmaydi, turmush o`rtog`ingiz ham tekshiruvdan o`tsin” deyishdi. Xo`jaynim bir muddat shifoxonaga qatnab ham ko`rdi. Keyin esa ko`p pul ketib qolayapti, deb bosh tortdi. Aytishicha, boshqa ayolga uylanib o`zini yana bir marta sinab ko`rmoqchi ekan. Qaynonam bo`lsa, qo`shni qishloqdagi yoshi o`tib qolgan bir qiznikiga sovchilikka bordi. U qizning ota-onasi ham ishxonamga kelib, turmush o`rtog`imni so`rab-surushtirib ketishdi. Uning davolanishdan bosh tortgani uchun bolali bo`lolmayotganimizni ham tushuntirishimga qaramay, qizini erimga turmushga berishga rozilar. Endi nima qilishni bilmay qoldim, maslahat bering.

Nilufar, 32 yosh, Sirdaryo viloyati.

Qaynonajon: — Odam, tugul, hatto musichaning ham ini buzilmasin deganlaricha bor. Inson hayotida bir  xatolikka yo`l qo`ydimi, norasoliklar uni qayta-qayta ta`qib qilaveradi. Turmushning mushtlarini ko`tarish uchun mustahkam iroda, sabr-bardosh kerak bo`ladi. Sizlar ham o`rtangizdagi ishonch, o`zaro hurmat tufayli yillar davomida tinch-totuv yashab kelayotgan ekansiz. O`ylaymanki, o`rtadagi mehr-oqibat hali ham ko`tarilmagan. Xo`jayningiz bilan yana bir bor gaplashib, maslahatlashib ko`ring. Balki etim bolaning boshini silab, dardingizga malham toparsiz. Axir bir norasidaga mehr ko`rsatib, ketidan 2-3 ta farzand ko`rganlar ham borku oramizda. Imkon qadar oilangizni saqlab qolishga harakat qiling. Sizlarga mustahkam oila, qo`sha-qo`sha farzandlar so`rab qolamiz.

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Bilasizmi, kimnidir, majburlab yashashning imkoni yo`q. Turmush o`rtog`ingiz uchun ham bu qarorga kelishi ham oson bo`lmagani aniq, sizni aldamay, ustingizga yashirincha uylanib olmay, ko`nglidagi gapni aytayotgan ekan, uni ham tushunishga harakat qilib ko`rish lozim, nazarimda. Ammo hurmat qilishim kerak ekan-da, deb, chetga chiqib olish ham yaramaydi. Siz ham o`z taklif va shartlaringizni bildirishingiz lozim. Nima bo`lganda ham vaqtni boy bermang, axir u ziyoningizga ishlayapti. Ba`zida hayotda tavakkal qilib ko`rish lozim, kim nima desa ham, hal qiluvchi qarorni o`zingiz qabul qilasiz.

Saodat OChILOVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!