Sevimli mevangiz fe`lingizni aniqlaydi!

11:50, 24 noyabr

Gohida qarshimizdagi inson bilan muloqotga kirishish uchun uning fe`l-atvorini bilolmay halak bo`lamiz. Buning echimi judda oddiy! Aslida kishining har bir xatti-harakati orqali uning tabiatan qandayligi borasida xulosalar chiqarish mumkin. Bugun tavsiya etadigan tajribamizni hech sinab ko`rmaganingiz shubhasiz. Qaysi mevani xush ko`rishga qarab, fe`l-atvor xususida tasavvurga ega bo`lish ham mumkin ekan...

1. Tasavvur qiling, desert o`rnida shirinlik emas, mevalar taklif etishdi. Ulardan faqat bittasinigina tanlashingiz kerak!

2. Tanladingizmi? Nega aynan shu meva, boshqasi emas, hech o`ylab ko`rdingizmi? Sababi, bu tanlovingiz fe`lingiz natijasidir. So`zimiz qanchalik rost ekaniga o`zingiz ishonch hosil qiling!

 

Apelsin

— Sabr va iroda — asosiy fazilatingiz! Har bir ishni “etti o`lchab, bir kes” maqoliga tayanib amalga oshirasiz. Qiyin vazifalar sizni cho`chitmaydi. Jur`atsiz va tortinchoqligingizga qaramay, har qanday vaziyatda sizga ishonsa bo`ladigan haqiqiy do`stsiz. Yuragingizni boricha ishonib topshirish uchun butun umrlik hamrohingizni juda sinchkovlik bilan tanlaysiz. Doimo istalgan nizoli vaziyatdan oqilona chiqish tarafdorisiz.

Olma

— Tashqi ta`sirlarga beriluvchan, ochiqko`ngilsiz. Balki juda yaxish tashkilotchi emasdirsiz, biroq odamlarning e`tiborini qozona olishingiz va ishlaringiz unumli bitishiga ko`ra jamoaga ajoyib etakchi bo`la olasiz. Ekstremal sharoitlarda o`zingizni yo`qotmay, vaziyatga munosib javob qaytarish xususiyatiga egasiz. Sayohatlarni xush ko`rasiz. Sevimli insoningiz oldida betakror joziba sohibasiga aylanasiz! Hayotga bo`lgan chanqoqlik sizni atrofdagilardan keskin farqlab turadi.

Banan

— Yumshoq tabiat, nazokatli, mehribon insonsiz. Haddan ziyod tortinchoq bo`lganingiz sabab o`zingizga bo`lgan ishonch etishmaydi. Atrofdagilar esa bu fe`lingizdan “nozik nuqtangiz”ni bosgan holda o`z foydasi yo`lida foydalanishadi. Tanlovingizga mos kelgan insonni yutuq va kamchiliklari bilan qabul qilib, butun borlig`ingiz bilan sevasiz! Insonlarni boricha qabul qila olish qobiliyatingiz borligi uchun oilangiz baxtga to`la bo`ladi.

Ananas

— Juda tez idrok va shunga mos xatti-harakat qiladiganlar toifasidansiz. Karerangiz borasida keskin qarorlar qabul qilishga odatlangasiz, agar bu foyda bersa albatta! Yuqori darajadagi tashkilotchilik qobiliyatiga egasiz va hech qanday katta hajmli ish sizni cho`chitolmaydi. Atrofdagilar bilan munosabatda ochiqko`ngil, rostgo`y va o`zingizga ishonchingiz baland. Odamlar bilan do`stlashib ketishingiz oson emas, biroq butun umrlik sodiq do`stlarga egasiz! Munosabatlarda kamdan kam hollardagina ilk qadamni tashlaysiz. Odatda hamkorlaringiz benuqsonligingizga havas qilishadi, hissiyotlaringizni sovuqqonlik bilan bayon qilishingizdan esa hayratlanishadi.

Kokos

— Juda jiddiy, mulohazakor va kuzatuvchansiz. O`zingizga mos ulfat, do`st tanlashda juda injiqsiz. Istalgan yig`inlarda doim asosiy rolda bo`lishni istaysiz, ayniqsa, bu ish borasida! Hayot yo`lida sizga aqlli inson tanlovida to`xtalasiz, garchi hissiyotlar muhimligini bilsangiz ham. Chunki bu siz uchun hech qanday ahamiyatga ega emas.

Olcha

— Hayotingiz u qadar ham totli emas. Yuqori cho`qqilarga chiqish va qulash nima ekanin juda yaxshi bilasiz. Tasavvurlaringiz jonli bo`lgani uchun ham ijodiy mashg`ulotlarni hush ko`rasiz. Juda samimiy va sadoqatli umr yo`ldosh bo`lasiz, biroq qalbingizdagilarni boricha so`zga ko`chirishingiz oson kechmaydi. Uy, bu — sizning hotirjamlik maskaningiz! Sevimli kishingiz va yaqinlaringizning mehr to`la taftlarini his etib turishdan ortiqroq baxt yo`qligiga aminsiz!

Mango

— Qiyin vaziyatlarda suyanchiq bo`loladigan insonsiz. Qaroringiz qat`iyligi uchun ta`sir o`tkazib bo`lmaydi. Yoqtiradigan va yoqtirmaydigan narsalaringiz xususida aniq tasavvurga egasiz. Hamma narsani nazoratda tutishga odatlangansiz. Kuchli ekaningizga qaramay suyumligingiz yonida mushuk bolasidek bo`lib qolasiz. Umringiz so`ngiga qadar muhabbati so`nmaydiganlardansiz!

Qora uzum

— Muloyim, lekin tez yonib, tez o`chadigan odamsiz. Har bir narsada go`zallikni ko`ra olasiz. Mehringiz va kirishimliligingiz sabab doim e`tibor va e`tirofdasiz. Hayotga bo`lgan qiziqishingiz tufayli libos tanlash jarayonidan tortib to kundalik bajaradigan mashg`ulotlaringizgacha, qisqasi, har bir qilayotgan ishingizdan zavq olishni bilasiz. Umr yo`ldoshingizga qo`yadigan birgina talabingiz — unga tortiq etadigan har bir narsadan zavqlana olish san`ati.

Shaftoli

— Murosali, to`g`riso`z va ochiqko`ngilsiz. Do`st va yaqinlar bilan munosabatlarni qadrlaganingiz uchun ham kechirimlisiz. Omadingizning asosiy sababi — mustaqil va izzat-nafsli ekaningiz. Samimiy va vafodor umr yo`ldosh bo`lasiz. 

Nok

— Biror g`oya bilan “yonganingizda” ishga bor vujudingiz bilan kirishasiz. Uni yakuniga etkazish uchun sizda izchillik etishmaydi. Sa`y-harakatlaringiz natijasini muntazam ko`rib borishingiz shart. Aqlingizni zo`riqtirish va baіsga kirishishni yaxshi ko`rasiz. Tabiatan asabiy, tinib-tinchimaydigansiz. Turmush o`rtoq tanlashingiz oson kechadi, munosabatlarni mustahkamlash uchun anchayin ter to`kishingizga to`g`ri keladi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!