O`zbekiston Fuqarolari bo`lg`usi Prezident qanday sifatlarga ega bo`lishini istashi haqida fikr bildirdi

11:59, 24 noyabr

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tomonidan “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi — 2016” mavzuidagi ijtimoiy so`rovning ikkinchi bosqichi o`tkazildi.

Tadqiqotning birinchi bosqichida fuqarolarning elektoral kayfiyatidagi o`zgarishlar, ularning saylov kampaniyasidan xabardorligi o`rganilgan edi. 

So`rovning ikkinchi bosqichi shu yilning 2 - 10 noyabr kunlari, ya`ni saylovoldi tayyorgarlik tadbirlari qizg`in pallaga kirgan paytda o`tkazildi. Umuman, so`rovda 2200 nafar kishi qatnashdi. Ularning 50,9 foizi shahar, 49,1 foizi qishloq aholisidir. Respondentlarning 49,5 foizi erkaklar, 50,5 foizi ayollar. Ijtimoiy tadqiqot mamlakat barcha hududida tasodifiy-ehtimoliy usulini qo`llagan holda tashkil etildi. So`rovda qatnashganlarning mutlaq katta qismi - 97,5 foizi shu yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan saylovda, albatta, ishtirok etishini ma`lum qilgan. Vaholonki, so`rovning birinchi bosqichida bu ko`rsatkich 95 foizni tashkil etgan edi. Shuning o`ziyoq aholining elektoral faolligi yuksalganidan darak berib, saylovchilarning mustahkam grajdanlik pozisiyasini, saylov har bir fuqaro uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini anglatadi. 

So`rovda qatnashganlarning fikricha, saylovda ishtirok etish har bir kishining fuqarolik burchi. Ular mamlakat Prezidentligiga xalq ishonchini oqlay oladigan munosib nomzod saylanishini istashadi. Saylovchilar mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o`zgarishlarga befarq emas. Ular mamlakat kelajagi o`zlarining tanloviga, fuqarolik faolligiga bog`liq ekanligini teran anglashadi. Saylov uchastkasiga kelib, munosib nomzodga ovoz berish, fuqarolar nazdida, o`z mamlakati taqdiriga bo`lgan samimiy tuyg`ulari va uning kelajagiga daxldorligi ifodasidir. 

Jamoatchilik fikrini o`rganish mamlakatimiz aholisining bo`lajak saylov haqida xabardorlik darajasi jadal oshib borayotganini ko`rsatdi. Masalan, respondentlarning 87,3 foizi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Konstitusiya, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, umumiy, teng va to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali besh yil muddatga saylanishini bilishadi. So`rovning birinchi bosqichida hamyurtlarimizning xabardorlik darajasi 85,2 foizni tashkil qilgan edi. Tadqiqot natijalari shuni ko`rsatdiki, saylovchilar siyosiy partiyalar nomzodlar ko`rsatish huquqiga ega ekanidan, Prezidentlikka nomzodlar, ularning saylovoldi dasturlari, saylovni o`tkazish tartibi, shuningdek, qaysi saylov uchastkasida ovoz berishidan xabardor. 

Fuqarolarning Prezidentlikka nomzodlar haqida xabardorligi o`sganligi saylovchilarga saylov kampaniyasi haqida keng axborotlar berib borilayotgani bilan bevosita bog`liq.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, nomzodlarga ommaviy ¬axborot vositalaridan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda foydalanishda hamda saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazishda teng huquq berilgan. O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar saylovoldi tashviqoti doirasida mamlakatimiz hududlarida tashkil etilayotgan uchrashuvlarda fuqarolar nomzodlarning hududlarni va yurtimizni yanada rivojlantirish istiqbollari aks etgan saylovoldi dasturlariga alohida e`tibor qaratmoqdalar.

So`rov shuni ko`rsatdiki, fuqarolarning mutlaq katta qismi uchun ommaviy axborot vositalari mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi voqealar haqidagi axborotlarning asosiy manbai hisoblanadi. So`rovda qatnashganlarning 69,9 foizi saylov kampaniyasini doimo, 28 foizi esa imkon boricha kuzatib bormoqda. So`rovning birinchi bosqichida bu ko`rsatkichlar tegishincha 68,1 va 22,3 foizni tashkil qilgan edi. Ijtimoiy tadqiqot saylov kampaniyasi qizg`in pallaga kirishi bilan televidenie, radio va matbuotning ommabopligi oshib borayotganini ko`rsatdi. So`rovda ishtirok etganlarning salmoqli qismi televidenieni saylov kampaniyasi haqida tezkor, batafsil va qulay vaqtda axborot berish manbai sifatida e`tirof qilgan. Ular markaziy ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlik ko`rish va uning huquqiy asoslarini, shuningdek, nomzodlarning saylovoldi dasturlarini yoritishda tezkorlik va hozirjavobligi bilan ajralib turishini qayd etgan. 

Qatnashchilarning fikricha, OAV saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta`minlamoqda. Ularning saylov kampaniyasiga oid xolis va ishonchli axborotlarini ijobiy baholashgan. 

Tadqiqotda Prezidentlikka nomzodlarning shaxsiy fazilatlari bo`yicha jamoatchilik fikri bilan ham qiziqildi. Ikki bosqichdagi tadqiqot shuni ko`rsatdiki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar qanday shaxsiy fazilatlarga ega bo`lishi kerak, degan savolga so`rovda ishtirok etgan hamyurtlarimiz yuksak zakovat, mustahkam iroda, halollik va tartiblilikni o`zida jo etgan bo`lishi kerak, deb javob berishgan. Nomzodlarning ustuvor fazilatlari sifatida davlat darajasida fikrlay olishi, siyosiy rahbarlik tajribasi, yuksak malaka, boshqaruvning ¬zamonaviy ko`nikmalaridan xabardorligi, bilimli, demokratik tamoyillarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi, aholining turli ijtimoiy qatlamlari orzu-umidlarini hamda manfaatlarini hisobga olish istagi va intilishi, faol fuqarolik nuqtai nazariga ega bo`lishi ko`rsatib o`tilgan. 

Har ikkala bosqichda so`rovda qatnashgan hamyurtlarimiz bir muhim jihatni, ya`ni saylov kampaniyasi sifat jihatdan yangi ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy sharoitlarda o`tayotganligini, bu xalqimizning huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, aholi farovonligini oshirish hamda Vatanimiz taraqqiyotiga yo`naltirilgan iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo`lida jipslashishiga xizmat qilayotganini alohida ta`kidlashgan. Saylov arafasida fuqarolar O`zbekistonda mustaqillikning ilk yillaridan amalga oshirilayotgan demokratik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar davom ettirilishi aholi turmush darajasi va sifatining yanada yaxshilanishiga, mamlakatda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va millatlararo totuvlik bundan-da mustahkamlanishiga ishonch bildirishgan. 

Ijtimoiy tadqiqot tahlillari saylov kampaniyasi haqida fuqarolar xabardorligi yuksak darajada ekanligini ko`rsatdi. Bunday natijalarga kons¬titusiyaviy organ maqomiga ega bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan keng miqyosli tushuntirish-targ`ibot tadbirlari amalga oshirilgani, shuningdek, saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta`minlash, yurtimizdagi hamda xorijdagi ommaviy axborot vositalarida izchil axborot berib borilishi orqali erishildi.

So`rov fuqarolarimiz kayfiyati saylov arafasida ijobiy va ezgu umidlar bilan yo`g`rilganini yaqqol ko`rsatdi. Chunki tadqiqotda qatnashgan –yurtdoshlarimizning 96,7 foizi Prezident saylovi muhim ahamiyatga ega ekanligi va ularning hayotida g`oyat katta o`rin tutishini ma`lum qilishgan. Ularning fikricha, saylovda faol qatnashish vatanparvarlik, g`urur va iftixor, yuksak huquqiy madaniyat, faol grajdanlik pozisiyasi hamda Vatan taqdiriga daxldorlik ifodasidir.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!