“Mening dadam hammadan yaxshi!”

14:33, 24 noyabr

Ota bo`lishni istamaydigan erkak yo`q. Ammo bu orzuga erishgach, har kim o`z mas`uliyatiga turlicha yondashadi. Xo`sh, sizning turmush o`rtog`ingiz bu borada qanday? Uni namunali ota deya olasizmi?

Insonning turli hayotiy vaziyatlarda o`zini qanday tutishi tug`ilishidanoq uning qoniga jo bo`lgan xususiyatlar, bir so`z bilan aytganda, mizojiga bog`liq bo`ladi. Ruhshunoslar fikricha, odam mizoji (temperamenti)ni shartli ravishda to`rt turga bo`linadi: xolerik, sangvinik, flegmatik va melanxolik. Qizig`i shundaki, mizoj butun umr davomida o`zgarmaydi. Farzandlaringizning otasi qay bir mizoj sohibi ekanligini aniqlash uchun uning kutilmagan vaziyatlarda o`zini qanday tutishiga e`tibor bering.

Test

Buning uchun eringizni stress (ya`ni kutilmagan) holatiga tushirib, sinovdan o`tkazishingiz kerak. Masalan, undan yarim qozon qaynab turgan shavla (yoki moshkichiri)ni kavlab turishini iltimos qilib, uni bolangiz bilan oshxonada yolg`iz qoldirasiz. Oradan o`n besh daqiqa o`tgach, oshxonaga qaytasiz va natijani baholaysiz.

 

Birinchi variant. Oshxona ostin-ustin bo`lib ketgan... Suv jo`mragi ostida idish-tovoq uyumi. Qozon-kapgir tovushi orasida eringizning ovozi eshitiladi: «Shunday qilib bo`g`irsoq yumalab keta boshlabdi… Tegma, kuyasan! Yo`q, menga ber! Keyin uning oldidan tulki chiqib qopti… Ey-y, tegma dedim-ku!!! Oying qaerga ketdi, a???» Ana shu paytda oshxonaga kirishingiz bilan oila boshlig`i pishirgan (to`g`rirog`i, tagiga oldirgan) taomni sizga taqdim etadi. Xulosa: eringiz – xolerik.

 

Ikkinchi variant. Qattiq kulgi va musiqa ovozi kelayapti. Faqat oshxonadan emas, mehmonxonadan. Eringiz bolani osmonga otib o`ynatayapti va ayni damda qulog`i bilan elkasi orasiga mobil telefonini qistirib kim bilandir shodon suhbat qurayapti. Oshxonadan esa kuygan ovqat isi kelayapti. Shunisi aniqki, u sangvinik!

Uchinchi variant. Uy jim-jit. Faqat qozon biqirlab qaynayapti. Bola yo`lakda allanimalarni o`ynab yuribdi. Eringizning nigohi  kompyuterga qadalgan. «Ovqat nima bo`ldi?» deb so`rasangiz, «Hozir-hozir kavlayman», degan javobni olasiz. Flegmatik ota xuddi shunday bo`ladi!

To`rtinchi variant. Ba`zan o`n besh daqiqa kutishga to`g`ri kelmaydi. Eringiz ikki daqiqa o`tmay, sizni chaqirib, pazandalikka oid maslahat so`raydi. Keyin bola negadir jim bo`lib qolgani, balki kasal bo`la boshlayotgani, zudlik bilan qaramasangiz, bir balo bo`lishini aytadi. U qiladi, bu qiladi, xullas, biror bahona bilan tezda qozonni ham, bolani ham o`zingizga topshirib, allaqayoqqa ketib qoladi. Shak-shubhasiz, u – melanxolik.

Ota hamma narsaga qodir. Faqat u ona bo`la olmaydi. Shunga qaramay, ma`lum fursat unga bolani ishonib topshirish mumkin!

 

XOLERIK OTA 

Uning asablari o`ta mustahkam. Faqat kutilmaganda jahli chiqib ketishi yomon.

Eng muhimi, yuragida o`ti bor. Biror ishga kirishgudek bo`lsa, uni oxiriga etkazmaguncha qo`ymaydi. Masalan, qum o`ynayotgan bolasiga kichkina qumkulcha yasab beraman deya bu ishga qiziqib ketganidan butunboshli “qumshahar” qurib qo`yishi mumkin. Tashqaridan qaraganda, u to`fonni eslatadi. Tezlik va qat`iyat bilan harakat qiladi. Xuddi shunday jahldan ham tez tushadi. Bir janjal qilib olganidan keyin o`zini aybdor his etib, kechirim so`raydi. Agar farzand tarbiyasida u bilan fikringiz bir joydan chiqmasa, o`z fikringizni bir chetga surib qo`yishingizga to`g`ri keladi. Chunki eringiz baribir o`z bilganidan qolmaydi. Tanqidni ko`tara olmaydi, chunki o`zini dunyodagi eng yaxshi ota, deb biladi. Xullas, xolerik ota – chinakam qo`mondon!

Xoleriklarni buyruq ohangidagi tovushi, o`ziga bo`lgan ishonchi va xatti-harakatlaridagi shiddatdan tezgina tanib olish mumkin.

 

SANGVINIK OTA

Sangvinik ota ham kengfe`l, xushchaqchaq va  hayotsevar inson. U doim xush kayfiyatda yuradi. Bunday ota bola parvarishiga oid har qanday yumushni uddalay oladi: taglikniyam almashtiradi, bolaning sutiniyam ichiradi, unga ertak ham aytadi. Har kuni farzand tarbiyasiga doir yangicha bir usul o`ylab topadi va eskisini osongina unutadi. Masalan, bu hafta u farzandining sportchi bo`lishini orzu qilsa, sal fursatdan so`ng  bo`lajak shifokor tarbiyasi bilan shug`ullanishni istab qoladi. Qolaversa, sangvinik ota muloqotga juda ham usta. Bolani sayrga olib chiqib, butun mahalla bilan suhbatlashib keladi. Agar u bolani olib, uzoq muddat ko`rinmay qolsa, bilingki, qaysidir og`aynisining mashinasida uning ishini bitirish uchun ketib qolgan. Bola esa avtomobilning orqa o`rindig`ida uxlab qolgan.

Sangvinikning chehrasidan doimo nur yog`ilib turadi, yuz mimikasi esa o`ta o`zgaruvchan. Engil va chaqqon odimlaydi.

 

FLEGMATIK OTA

Uning ham asablari mustahkam. Ammo biror ishni boshlasa, hech shoshmaydi. Har bir qadamini o`ylab bosadi. Flegmatiklar juda sabrli insonlar. Ularni hech qachon ruhan engib bo`lmaydi. Tashqaridan qaraganda, filmlardagi maxfiy agentni eslatadi: xursand bo`layaptimi u yo xafami – bilolmaysiz.   Bolani aravachada sayrga olib chiqqanida ham bitta-bitta odimlaydi va har doim faqat bir yo`nalish bo`ylab yuradi. Juda kamgap. Agar bola bilan gaplashib turishini so`rasangiz, nima haqda gap boshlashni bilmay, o`zini yo`qotib qo`yadi. Ba`zan u dangasadek ko`rinishi mumkin, aslida esa  mayda-chuydalarga vaqt va kuch sarflagisi kelmayotgan bo`ladi. Unga doim o`ziga kelib olishi uchun vaqt kerak bo`ladi. Tarbiya borasida yangiliklarga juda ishonchsiz munosabatda bo`ladi. An`analar va sinalgan usullar tarafdori. Bolani avvalboshdanoq qat`iy kun tartibi va intizomga o`rgatadi.

Mayli, u kamgap bo`laqolsin, ammo hech qachon sizni bolalar bilan yolg`iz tashlab, do`stlari hamrohligida gap-gashtakka bormaydi.

 

MELANXOLIK OTA

O`ychan, kamgap, shoirtabiat inson. Uning o`z dunyosi bor. Xayollari nuqul fazoda uchib yuradi.

Ammo juda bilimli. Masalan, bolalar salomatligi to`g`risida shifokordan ham ko`proq ma`lumot biladi. Chunki hali homiladorligingizdayoq ko`plab tibbiyot ensiklopediyalarini titib, kerakli ma`lumotlarni suv qilib ichib yuborgan edi. Bola bilan sayrga chiqqanda melanxolik ota notanish insonlar bilan gaplashish u yoqda tursin, umuman odamlardan yiroqda yuradi. Ammo oilasiga juda sodiq. Melanxolik ota o`ziga nihoyatda past baho beradi. O`z-o`zini tahlil qilish va kamchiliklari haqida qayta-qayta fikrlash unga xos. Ustiga-ustak kimdir uni tanqid qilib qo`ysa, tamom, o`zini butkul yomon ota hisoblab, tarvuzi qo`ltig`idan tushadi.

Melanxolik ota rahbarlikni yomon ko`radi, ammo ijrochilik bobida unga teng keladigani yo`q! Har qanday vazifani a`lo darajada bajara oladi.

 

Shahina tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!