O`zbekistonda grippga qarshi emlash belgilangan reja asosida o`tkazilmoqda

14:33, 24 noyabr

Qishning sovuq kunlarida gripp va o`tkir respirator infeksiyali kasalliklar bilan xastalanish birmuncha oshadi. Mamlakatimiz aholisi o`rtasida ham mavsumiy gripp bilan kasallanish uchrab turibdi. Bunday bemorlarga o`z vaqtida samarali tibbiy yordam ko`rsatish barobarida ushbu kasallik tarqalib ketishining oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Odamlar orasida gripp va boshqa o`tkir yuqumli kasalliklar viruslari sovuq havoda halok bo`ladi, degan gap yuradi. Bu noto`g`ri tushuncha. Gripp virusi sovuqqa ancha chidamlidir. Uning asosan havo tomchi yo`li bilan yuqishi tarqalish xavfini yanada oshiradi. Bu kasallik immuniteti past, surunkali xastaligi bor bemorlar, keksa yoshdagilar, homilador ayollar va bolalarda og`irroq kechishi mumkin. Shu bois bunday xastalik o`z vaqtida aniqlanib davolansa, grippdan keyingi asoratlarning oldini olgan bo`lamiz. 

Shu maqsadda tibbiyot, ta`lim, maktabgacha ta`lim muassasalarida keng qamrovli profilaktika ishlari amalga oshirilmoqda. Grippga qarshi emlash tadbirlari belgilangan reja asosida o`tkazilayotir. Maktabgacha ta`lim muassasalari, maktab, kollej va liseylarda ertalabki tibbiy tahlil olib borilgani, gripp alomatlari aniqlanganlarga shu erning o`zida birinchi tibbiy yordam ko`rsatish ishlari yo`lga qo`yilgani o`zining ijobiy samarasini bermoqda. 

Gripp bilan xastalangan bemorlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko`rsatish uchun barcha shifoxonalarda qo`shimcha o`rinlar va dori-darmon zaxiralari yaratilgan. Virusologiya laboratoriyalarida tibbiy tahlil ishlarini tez va samarali amalga oshirish uchun etarli miqdordagi diagnostikum va test-sistemalar mavjud. Dorixonalarda mavsumiy grippni davolashda ishlatiladigan va himoyalanishda foydalaniladigan dori-darmon, yuzga taqiladigan niqoblar, tibbiy va dezinfeksiya vositalari stendi tashkil etilgan. 

Birlamchi tibbiyot maskanlari, klinikalar, ixtisoslashgan shifo muassasalari, shoshilinch tibbiy yordam markazlari va boshqa shifoxonalarning shifokorlari gripp epidemiologiyasi, diagnostikasi va davolash usullari bo`yicha malaka oshirdi. 

Emlash har qanday yuqumli kasallikka qarshi kurashning eng samarali usulidir. Bu jarayondagi tizimli ishlar natijasida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, keksalar, tibbiyot xodimlari byudjet mablag`lari hisobidan grippga qarshi emlandi. 

Respirator kasallik belgilari va harorat ko`tarilishi kuzatilganda zudlik bilan hududdagi oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktiga qo`ng`iroq qilib, shifokorni uyga chaqirish tavsiya etiladi. Bugungi kunda barcha birlamchi tibbiyot maskanlarida faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot shifokorlari bunday bemorga birlamchi yordam ko`rsatish borasida etarli bilim va malakaga ega.

Yaratilgan ana shunday zamonaviy sharoitlardan oqilona foydalanish o`rniga ba`zi insonlar gripp bilan kasallanganda o`z bilganicha turli preparatlar, ayniqsa, antibiotik dorilar ichishga odatlangan. Bu mutlaqo noto`g`ri. Antibiotik dorilar yoki parasetamol va boshqa preparatlar gripp virusiga ta`sir o`tkazolmaydi. Ularni ichgach, bemorning harorati tushib, ahvoli biroz o`nglanishi mumkin. Ammo organizmda virus ko`payishi davom etaveradi. Bu jarayon qancha cho`zilsa, inson organizmida shunchalik og`ir asorat qoldiradi. Xususan, nafas yo`llari, o`pka, asab tizimlari, yurak, bo`yrak kabi a`zolarga ziyon etadi. Bu xastalik shifokor nazorati ostida virusga qarshi preparatlar yordamida davolansagina yaxshi samara beradi. 

Gripp epidemiologiyasi, klinik xususiyatlari, oldini olish va davolashda qo`llaniladigan preparatlarning shifobaxshligini o`rganish grippdan keyingi asoratlarning oldini olishda muhim omil sanaladi. 

Zamonaviy jihozlar bilan ta`minlangan laboratoriyada epidemiologik nazorat ishlarini amalga oshirishda jahon ilm-fanining eng ilg`or yutug`i – polimer zanjirli reaksiya usulidan foydalaniladi. Ilmiy tadqiqot va monitoring ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida markaz huzurida gripp virusini ajratib, uni identifikasiya qilishga yo`naltirilgan yangi laboratoriya ochish yuzasidan izlanishlar olib borilayotir. 

Gripp va o`tkir respirator infeksiyali kasalliklar bo`yicha epidemiologik nazoratni tizimli asosda tashkil etish maqsadida mamlakatimizda sakkizta dozorli punkt faoliyat ko`rsatmoqda. Ushbu dozorli punktlarning barchasi tadqiqotlarni o`z vaqtida samarali amalga oshirish uchun zarur laboratoriya va diagnostika vositalari bilan ta`minlangan.

Ilmiy izlanishlarni tajriba-sinovdan o`tkazishda Sog`liqni saqlash vazirligiga qarashli Virusologiya ilmiy-tekshirish institutining Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, O`zbekiston Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo va Biokimyo institutlari bilan yo`lga qo`yilgan aloqalar yaxshi samara berayotir. Olimlar va yosh tadqiqotchilarimiz bu borada taraqqiy etgan mamlakatlarda erishilayotgan yutuqlar bilan tanishish, yurtimizda qo`lga kiritilayotgan yangiliklarni keng targ`ib etish maqsadida xalqaro konferensiya va ilmiy-amaliy seminarlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. 

Ayni kunlarda virusologiya laboratoriyalarida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bir qatorda gripp va o`tkir respiratorli infeksiyalar bo`yicha epidemiologik nazorat ishlari ham tizimli asosda tashkil etilmoqda. Amalga oshirilayotgan ana shunday laboratoriya tahlili va monitoring ishlari natijasiga ko`ra, grippning biror yangi turi paydo bo`lishi va tarqalishi xavfi aniqlangani yo`q. Biroq bu xotirjamlikka berilishga asos bo`lmaydi. Grippning mavsumiy turlari tarqalishi va aholi salomatligiga ziyon etkazishining oldini olish doimiy e`tiborda bo`lishi lozim. 

Shu maqsadda mutaxassislar kasallikning oldini olish va unga qarshi kurashishning eng maqbul usuli sifatida qator tavsiyalar ishlab chiqib, targ`ib etmoqda. Buning eng ma`qul usullaridan biri yuzga niqob taqib yurishdir. To`g`ri va rasional ovqatlanish va sanitariya-gigiena talablariga rioya etish, to`yib uxlash, badantarbiya ham profilaktikaning muhim shartlaridan biri. 

Bundan tashqari, tozalikka rioya etish, xonadonlarda dezinfeksiya ishlarini yo`lga qo`yish, xonalarni shamollatish kasallikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsiy gigiena qoidalarini doimo yodda tutish lozim. Iqlimga mos kiyinish zarur. 

Har kim o`zi va yaqinlarini, ayniqsa, farzandlarini grippga qarshi emlatishni o`z vaqtida tashkil etishi salomatlikning muhim omilidir. Hozirgi kunda emlash markazlarida grippga qarshi samarali vaksinalarning bir necha turi mavjud. 

Xulosa shuki, o`z salomatligiga e`tiborli, jismonan faol, belgilangan muddatlarda tibbiy ko`rikdan o`tib, uning xulosalariga to`la amal qilgan inson tashqi ta`sirlarga bardoshli bo`ladi. Ana shunday tibbiy madaniyat va sog`lom turmush tarziga rioya etish orqali o`zimizning va kelajak avlodlarimizning salomatligini himoyalashga erishamiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!